«Gazeta.uz» 2022 yil 1 iyundan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 12 foizga oshirildi

Prezidentning 20 maydagi [PF-138-son] farmoni asosida 1 iyundan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 12 foizga oshiriladi.

Mazkur sanadan quyidagilar ham o‘zgarmoqda:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM) — 920 ming so‘m miqdorida (hozir 822 ming so‘m);
  • bazaviy hisoblash miqdori (BHM) — 300 ming so‘m miqdorida (hozir 270 ming so‘m) belgilandi.

Eslatma, MHTEKM va BHMga bog‘langan har qanday to‘lov, shu jumladan, jarimalar ham mos ravishda oshadi.


2. Davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining ish haqi oshirildi

Prezidentning 17 maydagi [PF-136-son] farmoni bilan davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:

  • oliy va birinchi malaka toifalariga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 15 foizga;
  • ikkinchi malaka toifasiga ega va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 10 foizga;
  • tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun — 15 foizga oshiriladi.

3. Tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab oshirildi

Prezidentning 24 martdagi [F-33-son] farmoyishiga muvofiq, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab qo‘shimcha 15 foizgacha oshiriladi.

Yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga qo‘shimcha 25 foiz miqdorida ustama to‘lash joriy etiladi.


4. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilinadi

Prezidentning 29 apreldagi [PQ-230-son] qaroriga ko‘ra, «Ishga marhamat» monomarkazlarida kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan BHMning 2 baravari miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.


5. Yosh vatandoshlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badali qoplab beriladi

Hukumatning 7 martdagi [101-son] qarori bilan xorijdagi nufuzli OTMda o‘qiyotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan O‘zbekiston yoshlari (yosh vatandoshlar)ga vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda ishlashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:

  • yosh vatandoshlar faoliyati davomida xizmat turar joylari bilan ta’minlanadi;
  • davlat organlari va tashkilotlarida kamida 2 yil ishlagan yosh vatandoshlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badali va foizlarning bir qismini qoplashga subsidiya beriladi.

6. O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilgan xodimlarga xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

Prezidentning 30 apreldagi [PQ-232-son] qaroriga asosan, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida:

  • jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;
  • sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab beriladi.

7. Oilaviy poliklinika xodimlarining ish vaqti uzaytiriladi va qo‘shimcha ustama haq to‘lanadi

Prezidentning 25 apreldagi [PQ-215-son] qaroriga muvofiq, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi. Ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi.

Shuningdek, qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari gepatit «V» kasalligiga qarshi bepul emlanishi yo‘lga qo‘yiladi.


8. Ayrim yoshlar OTMga qabul qilishdagi test sinovlari uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod qilinadi

Prezidentning 20 apreldagi [PF-113-son] farmoni bilan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar OTMga o‘qishga qabul qilishda o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi.

Markazlarda aholi va tadbirkorlarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi joylar tashkil etiladi.


9. 38 turdagi davlat xizmatlarini elektron imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi

Prezidentning 20 apreldagi [PF-113-son] farmoniga ko‘ra, 1 iyundan 38 turdagi davlat xizmatlarini YAIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.


10. Xorijda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari ochiladi

Prezidentning 1 martdagi [PQ-149-son] qaroriga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya va Qozog‘iston hududlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari ochiladi. Har bir hududga kamida ikki nafar vakil biriktiriladi.

Vakillarning faoliyati, asosan, O‘zbekiston Respublikasining ko‘p sonli fuqarolari uyushgan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy korxonalar yoki tahsil olayotgan ta’lim tashkilotlarida tashkil etiladi. Vakil lavozimi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xodimlari sonini ko‘paytirish hisobiga joriy etiladi.


11. Volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi

Vazirlar Mahkamasining 11 apreldagi [169-son] qarori bilan 1 iyundan O‘zbekiston yoshlar portali negizida yaratilgan volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi.

Volontyorlarning ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalardagi ishtiroki, shuningdek, davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashgan davri qayd etib boriladi.

Davlat organiga jalb etilgan volontyor oyiga 20 soatdan ko‘proq volontyorlik bilan band bo‘lsa, u bilan volontyorlik shartnomasi tuzilishi shart.


12. O‘zbekiston o‘simlik yog‘i mahsulotlarini eksport qilishni taqiqladi

Prezidentning [PF-145-son] farmoniga asosan 1 iyundan boshlab paxta, kungaboqar yog‘i va urug‘i hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalarini eksport qilish vaqtincha taqiqlanadi.

Ushbu mahsulotlar ichki bozorda yetarli bo‘lgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi eksportni qayta tiklashi mumkin. Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi ham vaqtincha to‘xtatildi.