1 iyundan O‘zbekistonda davlat g‘allani bozor narxlarida sotib olishni boshlaydi. Fermer va klasterlar o‘zlari yetishtirgan donni birjada sotishlari mumkin bo‘ladi. Donning xarid narxi 1,55 mln so‘mdan 3 mln so‘mga oshadi. Shu bilan birga, iyul-avgust oylarida birjada shakllangan o‘rtacha narxlardan kelib chiqib, fermerlarga o‘rtadagi farq to‘lab beriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi «Gazeta.uz»ga don bozorini erkinlashtirish, ushbu bozorning jozibadorligini oshirish va un narxi oshishining oldini olish choralari haqida ma’lumot berdi.

Shu paytgacha davlat resurslariga xarid qilingan bug‘doydan faqat «O‘zdonmahsulot» kompaniyasi tizimidagi korxonalar tomonidan un ishlab chiqarilgan. Endi bug‘doy birja savdolarida barcha un ishlab chiqaruvchilarga erkin sotiladi.

«Raqobat paydo bo‘ladi, tadbirkorlar sifat va narx jihatdan ustunlikka erishishga intilishni boshlaydi», — deyiladi Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi xabarida.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda quvvati qariyb 3 mln tonna bo‘lgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi. O‘tgan yili respublika bo‘yicha qariyb 3,5 mln tonna un ishlab chiqarilgan bo‘lib, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil may oyi boshida 1 kilogramm unning chakana narxi o‘rtacha 5400 so‘mni tashkil etgani holda I navli mahalliy un Qoraqalpog‘istonda — 5 820 so‘m, Toshkent shahrida — 5690 so‘m, Buxoroda — 5600 so‘m, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida — 5000 ming so‘mgacha sotilgan.

Birjada bug‘doy sotish amaliyoti joriy etilganidan keyin un tannarxi ko‘rsatilgan narxlar darajasida qolishi kutilmoqda.

«Amaliyot shuni ko‘rsatadiki aprel oyining oxiri va may oyining I dekadasida un iste’moli eng yuqori darajaga chiqadi. Bu esa narxlarning oshishida o‘z aksini topadi. Bug‘doyning erkin narxlarda xarid qilinishi va un mahsulotining birjada erkin narxlarda sotilishi bozor narxlarining barqarorlashuviga olib keladi. Buni 2019 yilda un mahsulotini birjada sotish tajribasidan ham ko‘rishimiz mumkin», — deyiladi vazirlik axborotida.

Xususan, 2019 yilning oktabrida un dastlab birja savdolariga qo‘yilgan dastlabki kunlarda narx ayrim hududlarda 20 foizdan ortiq oshganiga qaramasdan keyinchalik narxlar pasaydi hamda 2019 yilning oktabridan 2020 yilning may oyigacha bo‘lgan davrda un narxi 10,4 foizga oshgan, yoki erkin bozorda shakllangan narxlar darajasida saqlanib qolgan.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi ichki bozordagi narxlar jahon bozoridagi narxlarga bevosita bog‘liqligini, chunki mamlakatda yetishtirilayotgan g‘alla hajmi ichki talabni to‘liq qoplamasligini ta’kidladi. O‘zbekiston 2019 yilda 2,2 mln tonna, 2020 yilda 2,8 mln tonna va 2021 yilda 2,77 mln tonna bug‘doy import qilgan.

O‘z navbatida, ushbu bug‘doyni qayta ishlashdan olingan un mahsulotining bir qismi eksport qilingan, jumladan 2019 yilda — 419 ming tonna, 2020 yilda — 737 ming tonna va 2021 yilda — 949 ming tonna.

2021 yilda yuz bergan qurg‘oqchilik sababli O‘zbekistonda don yetishtirish hajmi o‘tgan yillarga nisbatan biroz kamaydi. Shu bilan birga respublikaga asosiy don eksport qiluvchi Qozog‘istonda ham 2021 yilda g‘alla hosili oldingi yillarga nisbatan kam bo‘lgani hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat tufayli Rossiya tomonidan don eksportining to‘liq to‘xtatilishi mintaqa bozorlaridagi narxlar oshishiga sabab bo‘ldi.

«Mutaxasislarning ma’lumotlariga va bizning kuzatishlarimizga ko‘ra joriy yilda O‘zbekistonda o‘tgan yilga nisbatan yuqori hosil kutilmoqda, bundan tashqari, Qozog‘istonda ham o‘tgan yillarga nisbatan don hosili yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Qolaversa Rossiyada yuqori hosil kutilishi barobarida o‘tgan yil hosilidan 15 mln tonna atrofida bug‘doy qoldig‘i mavjud. Ushbu holatlarning barchasi joriy yilda un narxlarining mo‘tadillashuviga va keyinchalik ko‘p yillik o‘rtacha narxlar darajasigacha pasayishiga olib keladi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi mahalliy bug‘doy narxini oshirish zarurligi bo‘yicha internetda tarqalayotgan bayonotlarga ham javob qaytardi. Shu bilan birga, ko‘pchilik import qilinadigan un narxining oshishini tushunarli deb hisoblaydi.

«Avvalo e’tibor qaratishimiz kerakki, bug‘doy narxi oshirilyapti emas, balki erkinlashtirilmoqda. Uning narxini bozordagi talab va taklif belgilaydi. Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha don yetishtiruvchilar, shu jumladan fermer xo‘jaliklari tadbirkorlik subyekti va ular ham bug‘doy yoki boshqa mahsulot yetishtirish uchun sarflagan xarajatlarini qoplashi barobarida o‘z faoliyatidan ma’lum kichik miqdorda bo‘lsa ham foyda olmasa don yetishtirishning ma’nosi nima bo‘ladi? Don yetishtirish ham biznes. Bizningcha bunday faoliyat olib borishni hoxlovchi, bunaqa biznes bilan shug‘ullanishga tayyor tadbirkor topilmasa kerak», — deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlikning tushuntirishicha, don narxlarining sun’iy ravishda past darajada ushlab kelinishi don yetishtiruvchilarning moliyaviy imkoniyatlarini cheklab ularga hosildorlikni va yalpi hosilni oshirish borasida ish olib borishlariga imkon bermagan.

«Bu yo‘nalishning erkinlashtirilishi yaqin 5 yillikda mamlakatda don ishlab chiqarish hajmlarining sezilarli o‘sishiga va importining anchagina kamayishiga olib kelishi aniq», — deb hisoblaydi Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi.

Hukumat un narxining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qator chora-tadbirlar ishlab chiqdi.

Amaldagi qonunchilikda O‘zbekistonda yetishtirilgan bug‘doyni yoki uni qayta ishlashdan olingan un mahsulotini eksport qilish taqiqlangan. Respublikada yetishtirilgan bug‘doyning ichki bozorda to‘liq saqlanib qolishi ichki bozorda un narxlari mo‘’tadilligini saqlovchi omil hisoblanadi.

Bundan tashqari, respublikada yetarli miqdorda bug‘doy zahirasi yaratilgan bo‘lib zarur hollarda ushbu bug‘doy ichki bozor ta’minotiga yo‘naltirilishi mumkin. Shu bilan birga, ichki bozorni un va bug‘doy bilan ta’minlash maqsadida hukumat tomonidan qo‘shimcha choralar belgilangan.

Ushbu choralar bilan birgalikda amaldagi qonunchilik doirasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va boshqa mas’ul davlat idoralari tomonidan un ishlab chiqaruvchilar tomonidan narxlarning sun’iy oshirilishiga qarshi tezkor choralar ko‘rib borilishi ta’minlanadi, deya qayd etdi vazirlik.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi bozorda qariyb 3 mln tonna donni qayta ishlash quvvatiga ega xususiy don korxonalari faoliyat yuritayotganini eslatdi.

«Boshqacha aytganda, ushbu sohada raqobat muhiti to‘liq shakllangan desak adashmaymiz. O‘z-o‘zidan ma’lumki raqobat muhiti narxlarning sun’iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Un va qolipli non narxlarini biz doimiy ravishda kuzatib boramiz», — deyiladi vazirlik xabarida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimlari va prokurorlariga don yetishtirishda bozor mexanizmlarini joriy etish natijasida un ishlab chiqarishni qisqartirish va narxlarni asossiz oshirishga yo‘l qo‘ymaslik, aks holda bu «sabotaj» sifatida baholanishi haqida topshiriq bergan edi.