Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Uzpaynet kompaniyasini xususiylashtirish bo‘yicha konsalting kompaniyasi (konsultant) tanlab olish maqsadida tanlov o‘tkazilishi haqida xabar berdi. Davlat kompaniya ustav kapitalidagi 100% ulushini sotishni rejalashtirmoqda.

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlar taklif taqdim etish uchun so‘rovnomaga (RfP) asosan tijorat takliflarini joriy yil 1 iyul kuni soat 18:00 ga qadar taqdim etishlari mumkin. Telekommunikatsiya sohasida tajribaga ega maslahatchilarga ustunlik beriladi.

Konsultantlar talab etilgan ish hajmini to‘liq bajarish uchun konsorsiumga kirishlari yoki birgalikda qo‘shma takliflar taqdim etishlari mumkin.

Agar konsorsium tomonidan ariza taqdim etilsa, konsorsium bitimi taqdim etilishi kerak. Agar, birgalikda qo‘shma tijorat taklifi taqdim etilsa, jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun mas’ul va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant ko‘rsatilishi lozim.

Kompaniya haqida

«Uzpaynet» MCHJ — Paynet to‘lov tizimining operatori hisoblanadi. Unga 2005 yilda tadbirkor Botir Arifjonov asos solgan, biroq, oradan ozroq vaqt o‘tib uni davlatga sotib, kompaniyadan ham ketdi.

Hozirda tizim 390 dan ortiq turdagi xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda. Shu jumladan, Paynet.uz mobil ilovasi orqali barcha kommunal to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Kompaniyaning respublika bo‘yicha 21 000 ta to‘lov punktlari xizmat ko‘rsatmoqda. Har kuni 1,3 milliondan ortiq foydalanuvchi Paynet tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshiradi.

2021 yil yakuni bo‘yicha ustav kapitali 378,5 mln so‘mni, sof aktivlari — 71,8 mlrd so‘mni, sof foydasi esa — 94,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.