O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentning Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi nomsiz mehmonxona bino va inshootlar majmuasi sotilganini ma’lum qildi.

Gap Sho‘rtepa ko‘chasi 2-uyda joylashgan uch qavatli bino haqida ketmoqda. Majmuaning umumiy maydoni 2,99 gektar, bino va inshootlarning maydoni 12143 kvadrat metrni tashkil etadi.

Tenderda obyekt uchun 78,75 mlrd so‘m taklif qilgan Torgoviy Dom Metalloinvest Vostok kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. U majmua egasi bo‘lish uchun qisqa muddat ichida to‘lovni amalga oshirishi kerak.

DABA ma’lumotlariga ko‘ra, kim oshdi savdosida ishtirok etish uchun besh nafar talabgordan arizalar kelib tushgan.

Spot.uz`ning yozishicha, mehmonxona tijorat maqsadlarida emas, balki hukumat manfaatlari uchun foydalanilgan (shuning uchun ham Booking.com kabi xizmatlar ro‘yxatida yo‘q). DABA 2021 yilda mulkni sotishga harakat qilgan, ammo xaridor topa olmagan edi.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Torgoviy Dom Metalloinvest Vostok 2021 yil 24 dekabrda 10,8 mlrd so‘m ustav kapitali bilan ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — metall va metall rudalarining ulgurji savdosi.

Kompaniya ta’sischilaridan biri Lebedinskiy tog‘-kon boyitish kombinati (51%) — temir rudasini qazib olish va boyitish, temir rudasi xom ashyosi va metall resurslarini ishlab chiqarish bo‘yicha Rossiya va MDHdagi eng yirik korxona. Korxona «Metalloinvest» tarkibiga, u esa, o‘z navbatida, milliarder Alisher Usmonovning USM xoldingi tarkibiga kiradi.

«Torgovi Dom» aksiyadorlik jamiyatining 49 foizi temir, po‘lat va ferroqotishma ishlab chiqaruvchi Hamkor Temir Savdo kompaniyasiga tegishli. Ushbu korxona Dilmurod Ilyasovich Po‘latovga (3,7%) va u yagona asoschisi bo‘lgan Metall West kompaniyasiga tegishli.

Tadbirkor, shuningdek, Premium Polygraph (51,7%) va Orient Finans (15%) aksiyalariga ham egalik qiladi.