YPX xodimlarini suratga olishni taqiqlashga oid moddani o‘z ichiga olgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi va muhokama qilinadi. Bu haqda Qonunchilik palatasining Spikeri Nurdinjon Ismoilov seshanba kungi majlisda ma’lum qildi.

So‘zi avvalida u bugungi kunda quyi palataning ko‘rib chiqishida jami 28 ta qonun loyihasi mavjudligini aytib o‘tdi.

«Yaqinda ham 49 ta edi, keyin 38 ta, hozir mana 28 ta qonun bor. Yana yangi qonunlar kelishda davom etayapti. Bu ishimiz nihoyatda ko‘pligidan dalolat. Shundan birinchi o‘qishga tegishlisi 4 ta bo‘lsa, ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgani 18 ta, yana 4 tasini uchinchi o‘qishda qabul qilishimiz kerak», — dedi u.

Spikerning so‘zlariga ko‘ra, ularning orasida «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham bor.

Gap YPX xodimlarini suratga olib internetda tarqatganlik uchun 15 mln so‘m jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolashga, qolaversa, boshqa huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan hujjat haqida ketmoqda.

«Hozir qonun loyihasi Qonunchilik palatasi qoldig‘ida turibdi. Qo‘mita qonunni birinchi o‘qishga kiritish bo‘yicha ishlarni davom ettirayapti. Albatta bu qonun loyihasi birinchi o‘qishga kiradi, muhokamaga sabab bo‘ladi. Muddati borligi uchun biz shoshilmaymiz, shu bilan birga, qonunchilik tashabbusi subyektlaridan yana qo‘shimcha ma’lumotlar so‘raganmiz», — deya ta’kidladi u.

Qayd etilishicha, deputatlar hujjatni fraksiyalarda muhokama qilmoqda, qo‘shimcha ma’lumot berilgan taqdirda uni to‘ldirish lozim bo‘ladi.

«Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi qonunchiligimizda juda ko‘p bo‘shliqlar bor. Kerak bo‘lsa ziddiyatlar ham bor, uni ham tan olishimiz kerak. Ko‘p muammolarni huquqiy jihatdan hal qilish zarurati mavjud. Ayrim turdagi huquqbuzarliklar uchun jazolarni kuchaytirishimizga, ayrimlarini liberallashtirishimizga to‘g‘ri keladi. Og‘ir oqibatli YTHlarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qancha normalar ko‘zda tutilgan. Mutasaddi tashkilotlarga vakolatlar, mas’uliyatlar, vazifalar yuklatilayapti», — dedi Nurdinjon Ismoilov.

Hujjat deputatlarning fikrini inobatga olib, yaqin kunlardagi yig‘ilishga muhokama uchun kiritilishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq, YPX xodimlarini suratga olib internetda tarqatganlik uchun 15 mln so‘m jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolashga oid qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgani haqida yozgandik. XPD fraksiyasi takliflar bo‘yicha sabablar asosli ochib berilmaganligi uchun mazkur qonunni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishni rad etib, uni kun tartibidan chiqarib tashladi. Bu xodimlarni tasvirga olishni taqiqlashga bo‘lgan navbatdagi urinish, avvalroq IIV taklif etgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.

Qayd etish joiz, mazkur qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘lib turgan bir vaqtda, ayrim ichki ishlar xodimlari aybni fuqarolarga to‘nkash, ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatishmoqda. Misol uchun, 21 mayga o‘tar kechasi Samarqand IIB xodimlari bir nafar qozog‘istonlik va ikki nafar mahalliy turistga nisbatan elektroshoker qo‘llagan holda majburan bo‘limga olib borishgandi. Videolarda xodimlar shaharda «Xavfsiz tun» tadbiri olib borilayotgani va soat 23:00 dan keyin ko‘chada yurish mumkin emasligi hamda ularga «reja» qo‘yilganini ta’kidlashgan. IIV «xodimlar xizmat vazifasi va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilganini» ma’lum qildi.

Unga qadar Samarqand va Namangan viloyatlarida ichki ishlar xodimlari fuqarolarni qasddan aybdor qilishga uringani haqida ham yozgandik. Buning isboti esa video lavhalarga muhrlanib qolgan. Samarqandda ichki ishlar xodimi ayol kishini prokuratura binosidan chiqarishga urinayotganida o‘z qo‘li bilan xizmat kiyimidagi pogonini yulib tashlagan, buning uchun esa sud ayolni aybdor deb topgan. «Ezgulik» jamiyati tergov va sud ishi qonunga zid olib borilganini aytmoqda. Namangandagi holatda esa YPX xodimi haydovchi bilan tortishib, unga boshi bilan zarba bergan, inspektorga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Birinchi holatda qozog‘istonlik fuqaro bilan shu kabi mojaro yuzaga kelgani uchun IIV tezkorlik bilan munosabat bildirib, xodimlar va ularga mas’ul bo‘lgan rahbarlar ishdan olinishi, surishtiruvlar boshlab yuborilganini ta’kidlagandi. Qozog‘iston TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarov vaziyatga izoh berib, xodimlar allaqachon ishdan chetlashtirilganini aytgandi.

Xodimlarning fuqarolarni qasddan aybdor qilishga urinishlari yuzasidan esa hozirgacha biror ma’lumot berilmadi. Shu kabi holatlar ko‘paysa ko‘payib borayaptiki, aslo kamaygani yo‘q. Shunga qaramasdan mas’ullar xodimlarni suratga olishni taqiqlashni