Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ikki kunlik rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi, deya xabar bermoqda «Aziya-Plyus» nashri davlat rahbari matbuot xizmatiga tayanib.

Prezidentning safari 2−3 iyun kunlariga mo‘ljallangan. Tashrif doirasida Emomali Rahmonning O‘zbekiston oliy rahbariyati bilan rasmiy uchrashuvlari rejalashtirilgan, buning natijasida bir qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda, deya ta’kidlaydi matbuot xizmati.

Bo‘lajak uchrashuvlar kun tartibidan mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.

Bo‘lajak tashrif munosabati bilan Tojikistonning «Xovar» axborot agentligi mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzodaning maqolasini e’lon qildi. Unda aytilishicha, prezidentning Toshkentga tashrifi doirasida ishbilarmonlar uchrashuvlari, sarmoyaviy forum, mintaqaviy ilmiy-amaliy anjuman va qator madaniy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 447,8 million dollarni tashkil etdi, bu 2020 yilga nisbatan 114 million dollarga (34,2 foiz) ko‘proqdir.

Eslatib o‘tamiz, 13 may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi doirasida Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashdi. Unda ikki davlat TIV rahbarlari Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni atroflicha muhokama qilgan edi.