Jizzax viloyatining Mirzacho‘l, Sharof Rashidov, Baxmal tumanlari va Jizzax shahrida giyohvandlik moddalarini yetishtirish hamda sotishga urinish holatlari aniqlandi, deb xabar berdi viloyat IIB matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi shaxs Baxmal tumani Uzunbuloq mahallasi hududida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan to‘xtatib, tekshirilganda, yonidan polietilen paketga o‘ralgan 968,79 gramm opiy giyohvandlik moddasi topilgan. Aniqlanishicha, ushbu giyohvand modda Baxmal tumani Uzunbuloq mahalasida istiqomat qiluvchi fuqarodan sotib olingan. Shu kuni sotuvchining yashash uyi va yordamchi xo‘jaliklari tekshirilganda, uning xonadonidan opiy giyohvandlik moddasining qoldiqlari bo‘lgan polietilen paketlar va 2 dona pichoq ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqaro giyohvandlik moddalarini tojikistonlik fuqarodan joriy yilning 20 may kuni tuman hududidan o‘tgan davlat chegarasi orqali bojxona nazoratini chetlab, kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazgan va yashash xonadonida saqlab kelgan. Opiy sotuvchisi va haridori vaqtincha saqlash xibsxonasiga joylashtirilgani aytilmoqda.

Shuningdek, Mirzacho‘l tumani «Mirzadala» shaharcha fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaroning yashash uyi va hovlisi ko‘zdan kechirilganida, tomorqada 1 dona polietilen idishda 11 tup «Kannabis» giyohvandlik o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan. «Mirzadala» SHFYda yashovchi boshqa bir fuqaroning yashash uyi ko‘zdan kechirilganida esa tomorqada 312 tup ko‘knor giyohvandlik o‘simligi parvarishlanayotgani ma’lum bo‘lgan.

Sharof Rashidov tumani Yoshlik mahallasidagi yashovchi fuqaroning yashash uyida esa 8 tup kannabis giyohvandlik o‘simligi parvarishlab kelayotgani aniqlangan.

Jizzax shahrining Zilol mahallasidagi yashovchi fuqaroning hovlida ham kannabis giyohvandlik o‘simligi ekilib, parvarish qilanayotgani fosh etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.