Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni «Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Ushbu qarorni qabul qilishdan maqsad — mamlakatdagi muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning marketing siyosati va xizmatlar sohasini kompleks rivojlantirish, muzeylarga innovatsion texnologiyalarni samarali qo‘llash, shuningdek, muzeylarda o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi, birinchi va ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid zamonaviy yangi ekspozitsiyalarni yaratish, muzey to‘plamlaridagi boy tarixiy va madaniy merosni keng targ‘ib qilishdan iborat.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

2022−2023 yillarda davlat muzeylarida tashkil etiladigan qo‘shimcha xizmatlarning manzilli rejasi 1-ilovaga muvofiq;

  • O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid 2022−2024 yillarda yangi tashkil etiladigan ekspozitsiyalarning manzilli rejasi;
  • 2022−2024 yillarda davlat muzeylarida ixtisoslashtirilgan restavratsiya laboratoriyalarini tashkil qilishning manzilli rejasi 3-ilovaga muvofiq;
  • Noyob muzey ashyolari va kolleksiyalarining replikatsiyalarini tayyorlash hamda ularni realizatsiya qilish bo‘yicha 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar;
  • Muzeylar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish rejasi;
  • 2022−2023 yillarda muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi.

Muzeylarda xizmatlar sohasini kengaytirish maqsadida 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

  • davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi, shuningdek, zaruratga ko‘ra, davlat muzeylari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin;
  • pulli xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va ular moddiy rag‘batlantiriladi. Qo‘shimcha to‘lovlar to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi muzeylar tomonidan ularning yuqori turuvchi organi bilan kelishgan holda belgilanadi;
  • davlat muzeylariga ularda tashkil etiladigan xizmatlar uchun Madaniy meros agentligi bilan kelishgan hamda bozor kon’yunkturasini hisobga olgan holda, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qo‘shimcha xodimlarni jalb etishga ruxsat beriladi.

Davlat muzeylari tomonidan xizmatlarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari, muzeylarning budjetdan tashqari mablag‘lari, Madaniy meros jamg‘armasi mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi tomonidan Turkiyaning malakali kompaniyasini jalb etgan holda 2022 yil 1 noyabrga qadar jahonning mashhur muzeylaridagi eng ilg‘or tajribalarni qo‘llagan holda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi binolarini zamonaviy rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyalarini yaratish hamda ularda xizmatlar ko‘rsatish sohasini namuna sifatida tayyorlayotgani qo‘shimcha qilingan. Xarajatlar Toshkent shahri shahar budjeti mablag‘lari va uning qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi.

Ma’lumot o‘rnida, hozirda respublikada 124 ta muzey faoliyat olib bormoqda, shundan 116 tasi davlat va 8 tasi nodavlat muzey hisoblanadi.