«Hududgaztaminot» AJ aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tartibi yangilanganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, gaz ta’minoti hamda tegishli vazirlik idoralari mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan suyultirilgan gaz iste’moli bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilgan. Unda iste’molchilar orasida aholi uchun imtiyozli narxda ajratilgan suyultirilgan gazni olib qayta sotish, maishiy gaz ballonlaridan xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan foydalanish holatlari aniqlangan.

Shu sabablarga ko‘ra, so‘nggi vaqtda inson hayotiga va sog‘lig‘iga xavf soluvchi 20 dan ortiq turli xil baxtsiz hodisalar ro‘y berishi kuzatilgan.

Kompaniya to‘rt mingta iste’molchi murojaatining 40 foizi ikkinchi gaz ballon olish masalasi bilan bog‘liq bo‘lgani, shu sababli «Hududgaztaminot» AJ aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tartibini yangilaganini ma’lum qildi.

«Endi qo‘shimcha gaz balloni olish bilan bog‘liq har bir murojaat joyiga chiqqan holda mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqiladi. Yangi tartibga ko‘ra, oila a’zolari ko‘p bo‘lgan va ro‘yxatdan o‘tgan uy xo‘jaliklari endi belgilangan muddatda o‘z ID-karta orqali ikki marotaba gaz olishlari mumkin bo‘ladi», — deyiladi ma’lumotida.

Bundan tashqari, yangi iste’molchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ham yangilangan. Bunda xonadonda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, oshxona va gaz jihozlari belgilangan talab va standarlarga mos kelishiga alohida e’tibor qaratiladi.

«Gaz ballonni ishga tushirish va sozlash xizmati uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda tasdiqlangan jadval asosida manzilga suyultirilgan gaz yetkazib beriladi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoniga raqamli texnologiyalar joriy etilib, to‘lovlarni Paynet, Payme, Milliy, Click, Apelsin, Beepul mobil ilovalari orqali naqd pulsiz amalga oshirish mumkin.

«Hududgaztaminot» AJ iste’molchilarga suyultirilgan gaz ballonlarni almashtirish balansi mavjud bo‘lgan ID-kartalar orqali amalga oshirilishini eslatib o‘tgan.