Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ish haqining ta’lim darajasiga bog‘liq holda ortib borishini o‘rganib chiqdi.

PMTI yetakchi ilmiy xodimi Dilfuza Vahobova oliy ma’lumotga ega bo‘lganlarning O‘zbekistondagi mehnat bozoriga kirishi uchun sarflagan vaqt va kuchlari uchun kompensatsiya to‘lanadimi yoki yo‘qligini o‘rganib chiqdi.

Ilmiy asoslangan javoblarni olish uchun PMTI ekspertlari rasmiy ta’lim darajalarining ish haqiga ta’sirini, iqtisodiyot sohalari va ta’lim darajalari bo‘yicha empirik baholashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazdi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ish haqidagi ustama fan doktori (yoki DSc) ilmiy unvoni uchun 61% dan, PhD yoki fan nomzodi uchun 41% dan yuqori. Mehnat bozorida bakalavriatning imtiyozli diplomining nisbiy iqtisodiy qiymati oddiy bitiruvchilarnikidan 8,5% yuqori.

Ushbu tadqiqot yuqori ta’lim darajasiga ega bo‘lish uchun sarflangan vaqt va kuch o‘zini oqlanishini tasdiqladi.

O‘zbekistonda ta’limning yuqoriroq bosqichlari keltiradigan iqtisodiy manfaatni baholash uchun PMTI mutaxassislari 18 yoshdan katta fuqarolar ishtirokida «Ta’limning daromadga ta’siri» mavzusida onlayn so‘rov o‘tkazdi.

Unda asosan ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanuvchi tasodifiy respondentlar qatnashgan. O‘zbekistonning turli hududlaridan onlayn tartibda jami 1152 ta (61% erkaklar, 39% ayollardan) javob olindi. Tadqiqotda 906 ta so‘rovnomaning natijasi baholandi (o‘z hohishiga ko‘ra ishlamaydigan, vaqtincha ishsiz, farzand tarbiyasi bilan band, kunduzgi bakalavriat, magistratura, tayanch doktorantura va doktoranturada ta’lim oluvchi fuqarolarning javoblari, shuningdek, noto‘g‘ri to‘ldirilgan hamda bir xil javoblar inobatga olinmadi).

Ta’lim darajasi bo‘yicha 906 nafar respondentning 3,3% ini DSc (yoki fan doktorlari), 18,2% ini PhD (yoki fan nomzodlari), 33,1% ini magistrlar, 33,3% ini bakalavrlar, 15,3% ini bakalavriat va magistratura tizimi tatbiq etilgunga qadar oliy ta’lim olganlar, 7,0% ini o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari, 3,0% ini o‘rta va 0,4% ini tayanch o‘rta (9 sinf) bilimga ega bo‘lganlar tashkil etgan.

Tahlil «Minserning daromadlar tenglamasi» asosida amalga oshirilgan. O‘zbekistonda har bir qo‘shimcha ta’lim yili ish haqining o‘rtacha 10% oshishiga imkoniyat yaratadi va bu ko‘rsatkich BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti bahosiga mos keladi.

DSc yoki fan doktori ilmiy unvoniga ega va iqtisodiyotda band bo‘lganlar o‘rta hisobda 61%, PhD yoki fan nomzodlari esa o‘zlaridan oldingi ta’lim darajasiga ega xodimlarga nisbatan 41% ko‘proq maosh oladi. Imtiyozli diplomga ega respondentlar (bakalavr bosqichi bitiruvchilari yoki Bolon tizimiga o‘tilgunga qadar OTMlarning bitiruvchilari) mehnat bozorida oddiy diplom sohiblariga nisbatan 8,5% ko‘proq maosh oladi.

So‘rovda ishtirok etganlar orasida iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha kompyuter texnologiyalari sohasida band bo‘lganlarning o‘rtacha oylik maoshi eng yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ular (ta’lim darajasi va uning davomiyligiga qarab) boshqa tarmoqlarda band bo‘lganlarga nisbatan 28% dan 37% gacha ko‘proq ish haqi oladi. Iqtisodchilar 24−37%, moliyachilar 29−30%, professional va ilmiy-texnik faoliyat (yuridik, konsalting, buxgalteriya va professional xizmatlar) bilan shug‘ullanuvchilarning o‘rtacha oylik maoshi 27−38% ko‘p ekanligi oydinlashdi. Davlat boshqaruvi va mudofaa yo‘nalishlarida band bo‘lganlar o‘z mehnati evaziga 25−31% ko‘proq maosh oladi. Sanoat tarmog‘i vakillari 22−24%, qurilish sohasi vakillari esa 25% ko‘p ish haqi olishi aniqlandi.

Umuman, iqtisodiyotda erkaklarning maoshi ayollarnikiga nisbatan 23% dan 28% gacha yuqori. Shu bilan birga har bir qo‘shimcha ta’lim yili ayollarning daromadini 11% ga, erkaklarnikini 8,7% ga oshiradi.

Oilali erkaklar bo‘ydoqlarga nisbatan 16% ko‘proq maosh olsa, turmush qurganidan so‘ng ayollarning maoshi 27% ga kamayishi kuzatiladi. Poytaxt mehnat bozorida band bo‘lganlarning ish haqi boshqa hududlardagi ish haqiga nisbatan 23−24% (erkaklarda 30%, ayollarda 16,3%) yuqoriroq.

PMTI ma’lumotlariga ko‘ra, ta’lim darajasi turlicha bo‘lgan respondentlarning oylik maoshi o‘rtasidagi tafovut talabalar va ularning oilalariga oila a’zosining ta’lim olishi uchun sarmoya kiritish bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishda yordam beradi.

PMTI ekspertlari tadqiqotning keyingi bosqichida zarur bilim, mahorat va yuqori malakaga ega bo‘lib, ma’lum bir kasbni egallash uchun qancha miqdorda sarmoya kiritish zarurligini hisoblash imkonini beradigan kalkulyatorni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.