Emomali Rahmon 2−3 iyun kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 2−3 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

1 iyuldan elektr energiya va gaz narxini «ijtimoiy norma» asosida oshirish taklif etilmoqda

1 iyuldan elektr energiya va gaz iste’moli uchun narxlarni «ijtimoiy norma» asosida belgilash kutilmoqda. Muhokamaga e’lon qilingan hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, amaldagi narxlar oshadi. Shuningdek, belgilangan normadan ko‘proq ishlatganlar har bir qo‘shimcha kVt soat elektr energiya uchun — 2 baravar, har bir qo‘shimcha kub metr gaz uchun esa — 5 baravar miqdorida to‘lov qiladi. Narxlar 2024−2025 yillardan inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilinadi, 2026 yildan esa erkinlashtiriladi.

Yangi tariflar bo‘yicha elektr energiya va gaz xarajatlari qanday o‘zgaradi?

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi gaz va elektr energiyasining yangi tariflari bo‘yicha aholining xarajatlari qanchaga oshishini hisoblab chiqdi. Agar energoresurslar iste’moli tabaqalashtirilgan tariflar doirasida qolsa, xarajatlar 8−10 foizga oshadi, deb ma’lum qildi vazirlik.

«Qonun loyihasi birinchi o‘qishga kiradi». Nurdinjon Ismoilov ichki ishlar xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi hujjat haqida

Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ichki ishlar xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi va muhokama qilinishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbuskorlardan qo‘shimcha ma’lumotlar so‘ralgan, shunga ko‘ra hujjatga o‘zgarishlar kiritiladi. «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi qonunchiligimizda juda ko‘p bo‘shliqlar bor. Kerak bo‘lsa ziddiyatlar ham bor, uni ham tan olishimiz kerak», — dedi u.

Andijonda hokim noqonuniy tarzda deputat daxlsizligi huquqidan mahrum etildi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnoma bilan Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi sessiyasida ikki nafar deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi qonun va prezident farmoniga zid tarzda ko‘rib chiqilgani aytilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, deputatlardan biri — Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovdir. U 2017 yildan 2019 yil oktabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida moliyaviy jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Benzinga aksiz solig‘ining ko‘tarilishi uning chakana narxini oshirmaydi — «O‘zbekneftgaz»

1 iyundan boshlab neft mahsulotlariga solinadigan aksiz soliq stavkalari ko‘tarilishiga qaramasdan «O‘zbekneftgaz» tasarrufidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzinning chakana narxi oshirilmaydi, deb ma’lum qildi kompaniya.

Davlat muzeylariga tungi vaqtlarda xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi

Prezident qarori bilan 1 iyuldan boshlab davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 ga qadar hamda tungi vaqtlarda xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Pulli xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va ular moddiy rag‘batlantiriladi. Qolaversa, turkiyalik mutaxassislar ishtirokida uchta muzey rekonstruksiya qilinadi.

Davlat aholidan tasviriy va amaliy san’at asarlarini sotib oladi

O‘zbekistonda 1 iyuldan «Milliy merosga mening hissam!» umumxalq aksiyasi tashkil etiladi. Uning doirasida aholidan mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega tasviriy va amaliy san’at asarlari xarid qilinadi. Buning uchun har yili 3,5 mlrd so‘m, talabga ko‘ra undan ham ko‘proq mablag‘ ajratib boriladi. Qolaversa, «Moziyga sayohat» dasturi ham o‘tkaziladi, daftarlarga kiritilgan fuqarolar uchun muzeylarga kirish bepul bo‘ladi.

2023 yilgacha 22 ta turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bojxona bojlaridan ozod etiladi

2023 yilga qadar go‘sht, baliq, sut mahsulotlari, meva, o‘simlik yog‘i kabi jami 22 ta turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bojxona bojlaridan ozod etiladi. Qolaversa, oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash amaliyoti to‘xtatib turiladi. Antimonopoliya qo‘mitasining narx-navoning asossiz oshirish, raqobatni buzish bo‘yicha vakolatlari kuchaytiriladi.

«Raqobat muhiti un narxini sun’iy oshirishga yo‘l qo‘ymaydi» — Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi g‘allachilik sohasini isloh qilish narxlarni oshirishni emas, erkinlashtirishni nazarda tutayotganini qayt etdi. «Keyingi besh yil ichida erkinlashtirish mamlakatda g‘alla yetishtirishning sezilarli o‘sishiga va importning sezilarli darajada kamayishiga olib keladi», — deyiladi vazirlik ma’lumotida. Hukumat un narxining keskin oshishining oldini olish choralarini ham ishlab chiqdi.

«Hududgaztaminot» ko‘p oilali xonadonlarga ikki marta suyurtirilgan gaz yetkazib beradi

«Hududgaztaminot» iste’molchilar murojaatiga ko‘ra, suyultirilgan gaz yetkazib berish tartibini yangiladi. Bundan buyon kompaniya gaz ballonini olish bo‘yicha har bir murojaatni joyiga chiqib o‘rganadi. Oila a’zolari ko‘p xonadonlar ID-karta orqali ikki marotaba gaz olishlari mumkin bo‘ladi. Kompaniya shu yo‘l orqali olib sotarlarga qarshi kurashishni maqsad qilgan.

Tadbirkorlik kodeksi loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Adliya vazirligi 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihasi va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlarini yaxlitlashtiruvchi Tadbirkorlik kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda. Qolaversa, kodeksdan subsidiya berish va moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartiblari, «xo‘jalik shirkati» shaklini bekor qilish ham o‘rin olgan.

PMTI tadqiqoti: Ta’lim darajasi ish haqiga qanday ta’sir qiladi?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ta’lim darajasiga qarab ish haqi o‘sishini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ish haqidagi ustama fan doktori (DSc) ilmiy unvoni uchun 61% dan, PhD yoki fan nomzodi uchun 41% dan yuqori ekanligi, shu bilan birga bakalavr bosqichining imtiyozli diplomiga ega xodimlar mehnat bozorida oddiy diplom sohiblariga qaraganda 8,5% ko‘proq maosh olishi ma’lum bo‘ldi.

Paynet to‘lov tizimini xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Uzpaynet kompaniyasini xususiylashtirish maqsadida konsalting kompaniyalarni jalb etishni rejalashtirmoqda. Davlat o‘zining 100 foiz ulushini sotish niyatida. Kompaniya hozirda 390 dan ortiq xizmatlarni ko‘rsatadi, u 2021 yilda 94,6 mlrd so‘m sof foydani qo‘lga kiritgan.

Toshkentda nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mo‘ljallangan taksi xizmati ish boshladi

3 iyundan boshlab Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mo‘ljallangan «Mehribon taksi» xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Mashinalar ko‘chma pandus bilan jihozlangan. Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, xizmatdan tushgan mablag‘ning bir qismi hayriyaga yo‘naltiriladi, nogironligi bor shaxslar ham ishga jalb qilinadi.

O‘zgidromet to‘qqizta viloyatda sel kelish xavfini e’lon qildi

2−4 iyun kunlari O‘zbekistonning 9 ta viloyatining tog‘li hududlarida yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida sel-suv toshqinlari yuz berishi xavfi e’lon qilindi. O‘zgidromet fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda. Qolaversa, haftaning ikkinchi yarmida ayrim hududlarda shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda esa chang to‘zoni kuzatilishi mumkin.