Seshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev aholini oziq-ovqat, jumladan, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash choralari yanada kengaytirilishini ma’lum qildi.

Shunga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvarga qadar:

  • 22 ta turdagi iste’mol va oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht, baliq, sut mahsulotlari, meva, o‘simlik yog‘i) bojxona bojlaridan ozod etiladi;
  • oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash to‘xtatib turiladi;
  • davlat xaridlarida oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish bo‘yicha cheklovlar vaqtincha bekor qilinadi.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bozordagi narx-navoning asossiz oshirish, raqobatni buzish, bozorga kirishga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘yicha vakolatlari kuchaytiriladi, deyiladi xabarda.

Viloyat hokimlariga o‘z hududida yetishmaydigan mahsulotlarni import qiluvchi tadbirkorlarga kredit berish, logistika va import qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda amaliy yordam ko‘rsatish topshirildi.

Avvalroq, go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshkani olib kirish va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi muddati 2022 yil oxirigacha uzaytirilgandi. Shuningdek, Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlar 2031 yilgacha ayrim soliqlarni 1 foizda to‘laydi.