Adliya vazirligi Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Kodeks bilan yaxlit 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihalari va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari birlashtirilib, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdan boshlab uni tugatishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni tartibga solish ko‘zda tutilmoqda.

Kodeks loyihasi bilan quyidagilar taklif etilmoqda:

  • ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga asosan, tadbirkorlik subektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda;
  • tadbirkorlik subektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari bazasi ixchamlashtirilib, tadbirkorlar ichida ommabop bo‘lmagan «xo‘jalik shirkati» tashkiliy-huquqiy shakli bekor qilinmoqda;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda;
  • tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda;
  • 43 ta davlat organining 146 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 18 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari kodeksga ilova sifatida tasdiqlanmoqda. Bunda ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat ma’lumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Bunda:

  • moliyaviy sanksiyalar sud tomonidan qo‘llaniladi (bundan soliqqa tortish va bank sohalaridagi sanksiyalar mustasno);
  • bir xil turdagi huquqbuzarlik uchun tadbirkorlik subektiga moliyaviy sanksiya va uning mansabdor shaxsiga ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan hollarda, faqat moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi;
  • birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subektlari ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajargan, shuningdek, yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi;
  • barcha talablarni o‘z ichiga olgan Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri hamda tadbirkorlik subektlari uchun imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish va oshkor etish nazarda tutilmoqda. Bunda Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablar bo‘yicha javobgarlik belgilash taqiqlanmoqda;
  • qo‘shimcha majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga qabul qilingandan keyin bir yil davomida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taqiqlanadi (yengillashtiruvchi normalardan tashqari).

Shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat subsidiyalarini joriy etishning quyidagi tartibi belgilanmoqda:

  • subsidiya prezident qarori bilan joriy etiladi, tartib-taomillari — hukumat tomonidan belgilanadi;
  • subsidiyalarning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi va ular «yagona darcha» prinsipi asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot bankining takliflari va xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi (alohida dasturlar asosida) joriy etilmoqda;
  • ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari ro‘yxati va ularni, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlari belgilanmoqda;
  • biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda;
  • davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda.

Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq holda bo‘lgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi, deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda adliya vaziri Ruslanbek Davletov Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilishi haqida so‘z yuritarkan ushbu kodeks «tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba» bo‘lishi haqida gapirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini boshqaruvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq va soni juda ko‘p. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Adliya vaziriga ko‘ra, hujjatlarning haddan ziyod ko‘p bo‘lishi ular o‘rtasida qarama-qarshiliklarni vujudga keltirib, tadbirkorlik amaliyotini qiyinlashtirishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Vazir «tadbirkor ishlashi, o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi kerakligini» qayd etgan edi.

2021 yil 21 oktabr kuni Senatning 20-yalpi majlisida senatorlar «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonunning ba’zi normalarini qayta ko‘rib chiqish kerak deb hisoblab, uni qaytargandi. O‘shanda ular Tadbirkorlik kodeksi qabul qilinsa, ijtimoiy tadbirkorlikka oid normalarni unga kiritishni ma’qul ko‘rgandi. Majlisda adliya vaziri Ruslanbek Davletov senatorlarning qonunni qabul qilishga qarshi bildirgan har bir argumentini rad etib, ayrim siyosatchilar «xalqdan kelib chiqayotgan yangi g‘oyalarni tushunmasligini» ta’kidlagandi. Jumladan, vazir kodeks qabul qilingunga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarning tadbirkorligi va ularga ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlagandi.