1 iyuldan boshlab «Milliy merosga mening hissam!» umumxalq aksiyasi tashkil etiladi. Bu prezidentning 27 maydagi tegishli qarorida qayd etilgan.

Ushbu aksiya davomida aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olinadi.

Aksiya doirasida davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan, mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlari xarid qilinadi. Buning uchun 2022 yil 1 iyuldan boshlab har yili Madaniy meros jamg‘armasiga Davlat budjetidan madaniy meros va muzeylar sohasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha 3 milliard so‘mdan hamda hududlardagi tegishli davlat muzeylariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetidan 500 million so‘mdan mablag‘ ajratib boriladi. Amaliy talabni inobatga olingan holda ushbu mablag‘ miqdori oshirilishi ham mumkin.

OAV, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng ko‘lamda targ‘ibot-tashviqot ishlari hamda joylarda ekspeditsiyalar tashkil etiladi.

Madaniy boyliklarni aniqlash va davlat muzeylariga topshirishda faol ishtirok etgan aholi vakillarining namunali faoliyati keng targ‘ib etiladi hamda ular qo‘llab-quvvatlanadi.

Har yili davlat muzeylariga aholidan xarid qilib olingan madaniy boyliklar ko‘rgazmasi tashkil etiladi hamda ular haqidagi ma’lumotlar Madaniy meros agentligi va tegishli davlat muzeyining rasmiy veb-saytiga majburiy tartibda joylashtirib boriladi.

Qaror bilan, shuningdek, «Moziyga sayohat» dasturi tashkil etiladi. Bunda ta’lim muassasalarining o‘quvchi va talabalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va boshqa fuqarolarning muzeylar va mamlakatning tarixiy manzilgohlariga tashriflari amalga oshiriladi.

Dastur doirasida:

  • davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, ta’lim muassasalari o‘quvchilarining, nogironligi bo‘lgan shaxslarning joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishi mumkin;
  • «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat muzeylariga bepul kiritiladi;
  • «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarning temir yo‘l chiptalari hamda joylashtirish vositalarida turish xarajatlari to‘liq hajmda tegishlicha «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan qoplanadi;
  • davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan har yili kamida bir marta budjetdan tashqari mablag‘lar, kasaba uyushmalari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan o‘z xodimlari va ularning oila a’zolari uchun muzeylarga kirish chiptalarini xarid qilish amaliyoti joriy etiladi.

Bundan avval prezidentning ushbu qarori bilan 1 iyuldan boshlab davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 ga qadar hamda tungi vaqtlarda xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgani haqida xabar bergan edik.