Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi yig‘ilishida ikki nafar deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur kengashda qatnashgan deputat Jahongir Jiyanovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishda «Deputatlik maqomi to‘g‘risida»gi qonun va prezident farmoni talablari buzilgan.

Jahongir Jiyanovning so‘zlariga ko‘ra, Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovni deputat daxlsizligi huquqidan mahrum qilish masalasi Andijon shahar Kengashining 29-sessiyasi kun tartibiga kiritilmagan va «Deputatlik maqomi to‘g‘risida»gi qonun talabi buzilgan. Uning aytishicha, bu masala sessiya bo‘lib o‘tayotgan 28 mayda deputatlarga e’lon qilingan. «Deputatlik maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasida (deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tartibi) deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish prokurorning taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari Kengashi tomonidan o‘n kun ichida hal etilishi kerak.

«Bizga bu masalani sessiya bo‘layotgan kuni berishyapti. Senat qarorida Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida ko‘rilayotgan har bitta masala doimiy komissiyada ko‘rilishi kerak, deyilgan. Bu yerda ikkita deputat daxlsizlik huquqidan mahrum qilinyapti-da, ikkalasini ham doimiy komissiya ko‘rmayapti. Chunki doimiy komissiya ko‘rishi uchun tegishli hujjatlar berilishi kerak, lekin tegishli hujjatlar doimiy komissiyaga berilmayapti. Bu — to‘g‘rimas», — dedi deputat.

«Gazeta.uz» ushbu masalaga boshqa deputatlar tomonidan qarshilik bo‘lgan-bo‘lmagani bo‘yicha so‘raganda, deputat yig‘ilishga raislik qilgan tomondan bosim bo‘lgani haqida gapirdi.

«Deputatlar birinchi ovoz berishda qo‘l ko‘tarmadi. Reglamentga ko‘ra, birinchi ovozga qo‘yilganda hech kim qo‘l ko‘tarmasa, ikkinchi ovozga qo‘ymaslik kerak. Bu yerda esa ikki marta ovozga qo‘yilyapti. Yig‘ilishga raislik qiluvchi tomondan bosim bo‘lyapti. Men sessiyani jonli efirda uzatayotgan edim, ammo bunga ham yo‘l qo‘yishmadi. Bu esa prezident farmoniga zid», — dedi deputat Jahongir Jiyanov.

«Deputatlar katta bosim ostida qoldi. Bilasizku, ko‘p deputatlar tashkilotlarda ishlaydi. Ko‘p deputatlarni tashqariga chaqirishdi. Boshqa deputatlarning telefoniga sms keldi… Mening ham „pryamoy efir“ qilayotganim ko‘pchilikka yoqmadi-da», — dedi u.

«Sessiyada 18 kishi qatnashdi. Ulardan 12 yo 13tasi [deputatning daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasiga] qo‘l ko‘targan bo‘lishi mumkin. Men „qarshi“ ovoz berdim», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, Jahongir Jiyanov Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi sessiyasida beshta qonun buzilish holati kuzatilganini sanab o‘tdi.

«Birinchidan, ushbu masala sessiya kun tartibiga kiritilmagan. Ikkinchidan, masala doimiy komissiya yig‘ilishida ko‘rilmayapti. Uchinchidan, sessiyani jonli efirda uzatish taqiqlanyapti. Sessiyani o‘tkazish bo‘yicha hujjatlarni deputatlarning qo‘liga bermayapti — to‘rt va beshinchidan, sessiyaga raislik qiluvchi saylanmayapti, balki o‘z-o‘zini rais etib tayinlab olyapti», — dedi u.

Deputat sanab o‘tgan holatlarning birinchisida — «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglament» 18-moddasi (sessiya o‘z ishini kun tartibini tasdiqlashdan boshlaydi) buzilgan; ikkinchi holatda — «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasi (deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tartibi) buzilgan; uchinchi holatda — «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmonining 14-bandi (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini jonli efirda uzatilishini ta’minlash) buzilgan; to‘rtinchi holatda — «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti»ning 12-moddasi 2-qismi (deputatlarga tanishib chiqish uchun tegishli hujjatlar yuborilishi) buzilgan va beshinchi holatda esa «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti»ning 10-moddasi (Sessiyalar hokim yo‘qligida uning o‘rinbosarlaridan biri tomonidan chaqirilishi) buzilgan.

«Sessiyaga Shaxobiddin Xaydarov raislik qildi. U hokim yordamchisi lavozimida ishlaydi», — dedi deputat. Jahongir Jiyanovning ta’kidlashicha, u holatni o‘rganish bo‘yicha Senatga xat yo‘llagan. «Senat sessiyada qabul qilingan qarorni bekor qilishi kerak. Chunki sessiya yuqori palata chiqargan qarorga zid o‘tdi», — dedi u.

«Gazeta.uz»ga Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining 28 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishining audiosi yetib keldi. Sessiyada O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnomaga ko‘ra, Andijon shahar hokimi hisoblangan Bahrom Haydarovni 2017 yildan 2019 yil oktabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida moliyaviy jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanib, tergovga tortish masalasi ko‘tarilgan.

Qayd etilishicha, Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalar bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari 2018 yil noyabr oyidan 2020 yil noyabr oyiga qadar bir guruh shaxslar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, UzAsbo dasturiy majmuasiga ulangan buyurtmachilarning oylik ish haqlari hamda boshqa to‘lovlari bo‘yicha so‘rovnomalari va to‘lov topshiriqnomalarini soxtalashtirgan holda to‘lovga taqdim qilib, 48,5 mlrd so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aytiladi.

Xususan, 2017 yildan 2019 yil 8 oktabrga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Bahrom Haydarov (hozirda Andijon shahar hokimi) o‘zining mansab vakolatlaridan foydalanib, boshqa mansabdorlar tomonidan asossiz ravishda oydan oyga ko‘chirilgan 9 mlrd so‘m mablag‘larning o‘rnini to‘ldirish uchun 14,3 mlrd so‘mlik mablag‘larni shahar xalq ta’limi bo‘limiga noqonuniy ravishda ortiqcha ajratib berganlikda gumonlanmoqda. O‘z navbatida, Haydarov viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida budjet mablag‘larini qat’iy iqtisod qilmagani natijasida 6,8 mlrd so‘m yagona ijtimoiy to‘lov hamda daromad solig‘i tegishli jamg‘arma va budjetlarga kirim qilinmagani ta’kidlangan.

«Ushbu holat yuzasidan 37 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi „a“ bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalar bilan ayblov e’lon qilinib, 32 nafar shaxsga nisbatan qamoq, 2 nafar shaxsga nisbatan uy qamog‘i va 3 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan 48,5 mlrd so‘mlik zararning atigi 11,2 mlrd so‘mi, ya’ni 23,1 foizi hozirga qadar undirilgan», — deyiladi Bosh prokuratura taqdimnomasida.

Shuningdek, taqdimnomada Haydarovning harakatlarida Jinoyat kodeksining tegishli bandlarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi, ularning oqibatlari bartaraf etilmagani, ya’ni yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmagani ko‘rsatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 22 fevral kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 8 ta holatda jami 19,6 ming kv. metr yer maydonini noqonuniy ajratish orqali davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazganlikda ayblanib, hokim bir vaqtning o‘zida deputat bo‘lganligi bois Andijon viloyati prokuraturasi uni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha Xalq depututlari Andijon viloyati kengashiga taqdimnoma kiritgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, shahar hokimining harakatlarida JKning 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi va 229-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlar tarkibi mavjudligi qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, unga nisbatan ehtiyot choralarini qo‘llab turish lozimligi ko‘rsatilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga mazkur xat asosida 3 fevral kuni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashiga taqdimnoma kiritilganini aytgan edi.

«Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi masala tegishincha viloyat, tuman, shahar prokurorining yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari Kengashi tomonidan o‘n kun ichida hal etiladi. Biroq oradan 19 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi prokuror taqdimnomasini ko‘rib chiqmagani aytilgan.

Qolaversa, qonunda xalq deputatlari Kengashining deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish masalasiga doir qarori darhol tegishli prokurorga yuborilishi ham nazarda tutilgani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar hokimi Baxromjon Haydarov shu yilning aprel oyida Vazirlar Mahkamasining Rayosat majlisida OAV va jamoatchilik bilan aloqalarni tizimli yo‘lga qo‘ymagani uchun ogohlantirilgan edi.