28−29 may, shanba-yakshanba kunlari Zomin milliy tabiat bog‘ida O‘zbekistonda ikkinchi marotaba Zaamin Ultra xalqaro tog‘ ultramarafoni bo‘lib o‘tdi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan marafon Samarkand Marathon doirasidagi marafonlardan biri bo‘lib, unda havaskor va professional sportchilar 2 km, 10 km, 21 km va 50 km masofada o‘zaro bahslashdi.

2022 yildagi marafonlardan maqsad — ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan shaxslar uchun muzeylarni moslashtirishga qaratilgan. Xayriyadan tushgan mablag‘lar audio-gidlar, taktil rasmlar va zarur jihozlarni sotib olish uchun sarflanadi.

Yugurish masofasi esa dengiz sathidan 2200 metr balandlikda joylashgan, u tog‘lar orasidan o‘tadi va Tojikistonning So‘g‘d viloyati bilan chegaradan 7 km uzoqlikda. Marafonda ro‘yxatdan o‘tganlar 1200 kishini tashkil qildi, ularni qo‘llab-quvvatlash va hordiq chiqarib ketish uchun umumiy hisobda 2000 dan ortiq fuqaro tashrif buyurdi.

Marafondagi hayajonli daqiqalar, birinchilik uchun kurash, oilaviy va jamoaviy yuguruvchilar, g‘oliblarni taqdirlash, marafonchilarning tog‘lar orasida hordiq chiqarishi — «Gazeta.uz» muxbiri fotohikoyasida.

29 may kuni soat 7:00 da birinchi bo‘lib 50 km masofaga yuguruvchilar start chizig‘i oldiga keldi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha 37 kishi ro‘yxatdan o‘tgan, ularning atigi to‘rt nafari ayol kishi, o‘tgan yilgi marafonda ushbu yo‘lni faqat bir nafar ayol bosib o‘ta olgandi.


21 km masofada yuguruvchilar esa soat roppa-rossa 10:00 da start oldi, eng ko‘p sportchilar ro‘yxatdan o‘tgan 10 km masofa ishqibozlari esa soat 10:10 da harakatni boshlashdi. Havaskorlar, shimolcha yuruvchilar esa 2 km masofa sari 10:20 da start chizig‘idan o‘tishdi.


Marafonchilarning ko‘pchiligi o‘zining jismoniy holati, tanasining nimalarga qodirligini bilib olish uchun yugurgan bo‘lsa, ayrimlar birinchilikni qo‘lga kiritish uchun jon kuydirdi, yana kimdir jamoa yoki oilasi bilan yugurish orqali hordiq chiqarishga harakat qildi.


Bu yilgi marafon o‘tgan yilgidan ko‘plab jihatlari bilan ajralib turadi. Misol uchun tashkiliy jihatdagi ko‘plab muammolar hal qilingan, finishga kirib kelganlarni ro‘yxatga olish soddalashtirilgan, start chizig‘i oldida vaqt ko‘rsatuvchi tablo ham o‘rnatilgan.

O‘tgan yilgidan farqli o‘laroq bu yilgi esdalik uchun medallar ikki xil ko‘rinishga ega va marafonchilarga har xil topshirildi, farq faqat masofa qayd etilgan bo‘yinbog‘da. 2021 yildagi marafon medallari va bo‘yinbog‘lar kumush rangda edi.






Volontyorlar, professional sportchilardan iborat guruhlar ma’lum bir masofalarda kuzatuv o‘rnatib, ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlab turishdi, kimgadir yordam kerak bo‘lsa zudlik bilan tegishli choralarni ham ko‘rishdi.




2 km masofa marafonchilari uchun qaytib olish nuqtasi.



Ta’kidlash joiz, Zaamin Ultra boshqa marafonlardan ko‘ra murakkabroq yo‘l tizmasi bilan ajralib turadi. Sportchilar ilk 5 km masofani yuqorilab boruvchi yo‘l orqali bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi, undan so‘ng murakkablik biroz yengillashadi. Lekin shunga qaramasdan tog‘ orasidan o‘tuvchi masofa har doimgidan ham qiyinroq hisoblanadi, professional sportchilar ham har gal masofani bosib o‘tish juda qiyin bo‘lganini aytishadi.



Mediayurist Madina Tursunova.

Marafon moliya, bank, vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, harbiylar hamda xususiy sektorda ishlovchilardan tortib, marketing bilan shug‘ullanuvchilar, advokatlar, huquqshunoslar, jurnalist va blogerlar, uy bekalari, talabalar, o‘quvchilar va boshqalarni bir joyga jamlaydi.


Start-finish maydonchasi.


Cover up loyihasi asoschisi, prodyusser va rejissyor Timur Salimov.

Oilaviy va jamoaviy hordiq uchun tog‘lar orasida yugurishdan ko‘ra maroqliroq mashg‘ulot bo‘lmasa kerak. Bu yilgi ultramarafonda ham hattoki chaqaloqlari bilan yugurishga kelganlar ham ko‘zga tashlandi.

Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xodimasi Aziza Uzakbergenova.

Marafonchilar bilan suhbatlashsangiz, ko‘pchiligi birinchilikni qo‘lga kiritish uchun emas, balki yugurish o‘zining tanasini imtihondan o‘tkazish, jismoniy qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazish, bu orqali sog‘ligini bir maromda ushlash uchun zarurligini ta’kidlashdi.








Bu yilgi marafonda nogironligi bo‘lgan shaxslar ham qatnashdi.


Taqdirlash marosimi


Chapdan o‘ngga: Artur Shaipov, Oleg Parsegov, Rafael Zinurov va Natalya Pyatayeva.

50 kmlik masofada yugurgan Artur Shaipov 5-kmni 11-bo‘lib kesib o‘tdi, u tadbir tashkilotchilarning 5 kmgacha yo‘l yuqorilib boradi degan ogohlantiruviga quloq solgan shekilli, 10,5 kmga kelib ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Masofaning teng yarmida qariyb 9 daqiqa vaqt bilan birinchi bo‘lib ketayotgan Yusuv Nazarovni ortda qoldira olgan Artur finishga undan 15 daqiqa farq bilan yetib keldi.

Bu yilgi marafonda ishtirokchilarning 5 nafari taqdirlanishdi.

50 km masofa

1-o‘rin: Artur Shaipov (4:40:30)

2-o‘rin: Rafayel Zinurov (4:55:01, u 2021 yilda 5:05:30 natijani qayd etgandi)

3-o‘rin: Oleg Parsegov (4:55:15)

4-o‘rin: Farrux Hamroyev (4:56:39)

5-o‘rin: Yusuf Nazarov (5:02:02)

Malika Maqsudova.

Ayollar o‘rtasida esa Malika Maqsudova masofani bosib o‘tish vaqtida hech kimga birinchilikni bermadi.

50 km masofa

1-o‘rin: Malika Maqsudova (5:02:52)

2-o‘rin: Dilfuza Allayarova (5:24:53, u 2021 yilda 6:19:30 natijani qayt etgandi)

3-o‘rin: Dariya Yadernaya (7:07:22)

4-o‘rin: Surayyo Rahmonova (8:18:00)


21 km masofa

1-o‘rin: Andrey Sharipov (1:36:59)

2-o‘rin: Semyon Shadrin (1:38:17)

3-o‘rin: Semyon Sevastyanov (1:45:56)

4-o‘rin: Nikolay Volkov (1:46:50)

5-o‘rin: Muxammadraim Niyazov (1:52:05)


21 km masofa

1-o‘rin: Natalya Pyatayeva (2:04:10)

2-o‘rin: Diana Valiyeva (2:16:08)

3-o‘rin: Albina Avakyan (2:21:13)

4-o‘rin: Sofya Nazarova (2:22:29)

5-o‘rin: Olga Kamenseva (2:24:06)


10 km masofa

1-o‘rin: G‘iyosjon Erkaboyev (0:47:19)

2-o‘rin: Isroil Ravshanov (0:49:25, chegara qo‘shinlari xizmatchisi)

3-o‘rin: Suhrob Kobilov (0:49:35)

4-o‘rin: Alimardon Sabirov (0:50:08)

5-o‘rin: Mirjalol Jumayev (0:50:46, chegara qo‘shinlari xizmatchisi)


10 km masofa

1-o‘rin: Madina Sagatova (0:52:09)

2-o‘rin: E’zoza Xashimova (0:54:25)

3-o‘rin: Oynuri Qoshmurodova (0:59:46)

4-o‘rin: Yekaterina Valkova (1:01:07)

5-o‘rin: Arnela Nikitina (1:02:22)

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, Zomindagi marafondan keyin Buxoroda tungi marafon (avgust) va Samarqandda Half Marathon o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Hordiq chiqarayotgan marafonchilar

Marafon maydonchasining yuqoridan ko‘rinishi.

Ha aytgancha, bu yilgi marafon homiylari sportchilarga o‘zlarining kreativ va qiziqarli stikerlarini ham taqdim etdi.


Kechasi kuchli yomg‘ir yog‘gani bois marafon maydonchasida tunab qolganlar chodirlari usti va tag qismini sellofan bilan o‘rab yotishdi. Kechasi juda sovuq bo‘lgani uchun tong sahardan ular issiq choy va yegulik tayyorlab, isinib ham olishdi.





Yana bir e’tiborli jihat, bu yil marafonda qatnashish istagini bildirib, ro‘yxatdan o‘tganlarning barchasini ismi va familiyasi yagona bannerda aks ettirildi.


Marafon tugagach, chodirda tunab qolgan ishtirokchilar buyumlarini yig‘ishtirib, yana bir maqsadiga erishganini qayd etib yo‘lga otlanishdi.