28 may kuni prezident g‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi [262-sonli] qarorga imzo chekdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, 2022 yil hosilidan sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan o‘rtacha 2,5 tonnadan, jami 2 550 ming tonna bug‘doy Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilinadi.

Sotib olingan bug‘doyning 1 783,5 ming tonnasi tovar bug‘doy davlat resursi sifatida hamda 266,5 ming tonnasi urug‘lik uchun olinadi. 500 ming tonnasi keyinchalik birja savdolarida sotish uchun fermer xo‘jaliklari hamda boshqa g‘alla yetishtiruvchilar tomonidan Jamg‘armaning tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilinadi.

Shuningdek, 2022 yil hosili uchun bug‘doy yetishtiruvchilardan tijorat vakilida vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan tovar bug‘doy iyul-avgust oylarida birja savdolari orqali sotiladi.

Bundan tashqari, endilikda olis, borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab berilishi ma’lum qilindi.

Qarorga ko‘ra, donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayoni tezkor va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida d-xarid.uz axborot tizimi ishga tushiriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilingan va bug‘doy yetishtiruvchilardan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan:

  • 3 va undan yuqori sinflardagi bug‘doy — birjadan xarid qilingan bug‘doyning 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi unni birja savdolari orqali sotish majburiyatini olgan, un ishlab chiqarish quvvatlariga ega tadbirkorlarga;
  • 4- va 5-sinflardagi bug‘doy — barcha tadbirkorlarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi.