Andijon viloyatida aholiga joriy yil aprel oyidan buyon kredit asosida 200 ming donadan ortiq tovuq tarqatilgan edi. Kun.uz nashri bitta tovuqning narxi o‘rtacha 81 ming so‘mligi va bu bozordan ancha qimmatligini, tuxum qo‘yishi kutilganiday bo‘lmay, kun sayin nobud bo‘lib borayotgan tovuqlarni deb shundoq ham kambag‘al aholi qarzga botayotganligi haqida yozdi. Andijon viloyati hokimligi holatga «tashkil etilgan o‘quv amaliy-mashg‘ulotlarida har bir parranda boquvchi o‘z vaqtida ishtirok etmagan yoki umuman qatnashmagan», deya munosabat bildirdi.

Kun.uz nashrining yozishicha, tez kunlarda viloyatda loyihaning ikkinchi bosqichi boshlanib, aholiga yana 200 ming dona tovuq tarqatilishi rejalashtirilgan. Biroq viloyatning turli hududlaridan to‘xtovsiz kelayotgan murojaatlar odamlarning tovuq boqib, muammolar ichida qolib ketganini ko‘rsatmoqda. Murojaatchilar safiga tovuq boqishga mas’ul bo‘lgan kooperativchilar ham qo‘shilgan. Kooperativ egalari tovuqlar umuman boqishga yaroqsiz ekanligini bildirib, yakunda aholi kreditni to‘lay olmasligi aniq ekanligini ta’kidlagan.

Kun.uz samara bermayotgan loyiha yechimi yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, tovuq boqayotgan murojaatchilar, tovuq tarqatib mahsulot oluvchi kooperativ mas’ullari bilan suhbatlashgan.

«Tovuqlar qirilayotgani sababini veterinarlar ham bilmayapti»

Oltinko‘l tumani Ijtimoyat mahallasida yashovchi Muhammadnosir Sharopov 200 dona tovuq olgan. Shundan 40 donasi o‘lgan. 50 donasini kooperativga qaytarib berib, hozirda 100 dona tovuq boqmoqda.

«Echkimni sotib joy qildim. Lekin hech foyda yo‘q, faqat zarar. „Tovuqlar uchun joyni yerga emas, tepaga qiling“, deyishdi. Qildim. Baribir kasallanib o‘lyapti. Ularga kuniga 47 ming so‘mlik yem olaman, 25 ming so‘mlik tuxum qilyapti. Afsuski, tirikchilikning pulini ham shu tovuqlarga yediryapmiz. Do‘konchilar tuxumning donasini kichikligi uchun og‘rinib, zo‘rg‘a 600 so‘mga olyapti. Bitta tuxumning tannarxi esa menga 2 500 so‘mga tushyapti. Tovuqlar juda nozik ekan, zo‘r sharoit qilsak ham kasallanib, o‘lib qolyapti. Bozorda shu tovuqlarni 20 ming so‘mga ham olmayapti. Boshimiz qotgan», — dedi u.

Shuningdek, mazkur mahallada yashovchi Muqaddamxon Yusupova boshida 200 dona tovuqdan 45 tagacha tuxum olganini, tovuqlar qirilib ketib, tuxum qilmay qo‘yganini bildirgan. Tovuqboqar veterinarlar kelgani, lekin tovuqlar qirilayotgani sababini aytib bera olmaganidan hayron.

Muqaddamxon Yusupova. Foto: Kun.uz

Marhamatlik Temur To‘xtasinov hokimiyat vakillari tomonidan berilgan 670 dona tovuqni boqish uchun bor-budini sarflab, sharoit yaratgan. Parranda boqishning ustasi bo‘lgan yigitga berilgan tovuqlarning 200 tasi o‘lib qolgan. Temur To‘xtasinov berilgan parrandalar yaxshi boqilmay, emlanmay tarqatilganini aytgan. Tovuqdan daromad emas, zarar ko‘rayotgan tadbirkor kreditni to‘lay olishiga ko‘z yetmaydi.


«Hokimiyatga deyarli har kuni tovuqlarni qaytarib olishlarini so‘rab boraman. Tovuq boqib daromad olish bo‘yicha yaxshi tajribam bor. 350−400 ta tovuq boqib, 90−95 foiz tuxum olishga erishganman. Lekin bu tovuqlarga juda zo‘r sharoit qilib ham foyda ololmayapman. Ular bizga yetib kelgunicha yaxshi boqilmagan, emlanmagan. Shuning uchun immuniteti past. Yana aynan tuxumdonlar yetilganda, ya’ni qo‘zg‘atish mumkin bo‘lmagan paytda tarqatilgan», — deydi u.

Temur To‘xtasinov. Foto: Kun.uz

Temur To‘xtasinovning aytishicha, unga kelgan tovuqlarning ko‘pining og‘irligi bir kilogramm ham chiqmagan. «Shartnomada 80−85 foiz tuxum qilishini aytishgandi. Unday bo‘lmadi. Qirilib ketdi. Xususiy veterinar yollab, o‘lgan tovuqlarni yordirdim, kasalliklarini aniqlatdim. Ko‘p marta «Paxtaobod parranda»ga borib yordam so‘ragandim, berishmadi. Oxiri qo‘ng‘iroq qilsam, telefonini o‘chirib olishdi», — deydi u.

«Ikki barobar ko‘p mablag‘ sarflab davoladim. Baribir bo‘lmadi. Hozir ularni o‘ldirib qo‘ymaslik uchun kuniga 270−300 ming so‘m pul sarflab boqyapman. Tovuqlar 24 ming so‘mlik tuxum qilyapti, xolos. Uydagilar, kelinimizning nomiga kredit olgandim. To‘lay olmasligim aniq bo‘lib qolyapti. Boshim juda qotgan. Qo‘ni-qo‘shnilardan ham qarz bo‘lib ketdim. Iltimosimni yetkazinglar, „Paxtaobod parranda“ tovuqlarini olib ketsin. Bo‘lmasa qirilib ketadi», — dedi Temur To‘xtasinov.

Iroda Mamitaliyeva. Foto: Kun.uz

Xo‘jaobod tuman Xidirsha mahallasida yashovchi Iroda Mamitaliyeva ham tovuq boqib foyda ko‘rish o‘rniga hisob-kitobda faqat zarar ko‘rayotganidan hayron.

«Kuniga zararga kiryapman»

«Ijtimoyat» mahallasida yashovchi, parrandachilikda katta tajribaga ega Nozimjon Xoldorov loyiha doirasida 300 dona tovuq olgan. Bir oy davomida shundan 200 tasi qirilib ketgan. Tovuq boqish ustasi dorilab, yemning turli xilini berib ham parrandalarni asrab qololmaganidan juda afsusda.


«Yoshligimdan tovuq boqib foyda topganman. O‘zim qo‘lbola yasagan inkubatorda tovuqdan tashqari tovus, kurka, kaklik ochirib parvarish qilaman. Lekin mana shu qizil tovuqlarni eplay olmadim. Ratsionda ko‘rsatilgan barcha ozuqani berib, dori-darmonlarni qildim. Kuniga o‘lyapti. Foyda yo‘q. Kuniga zararga kiryapman. Nima qilishga hayronman. Uvolidan qo‘rqyapman. Bizga berilgan tovuqlar brak va nosog‘lom», — dedi Nozimjon Xoldorov.

Nashrning qayd etishicha, Oltinko‘l tumanidagi «Ijtimoyat tomorqa xizmati» va «Maqsad mahalla tomorqa xizmati» kooperativlari mas’ullarining ham muammoli vaziyatdan chiqishga ko‘zlari yetmayapti.

«Tuman hokimligi vakillari kam ta’minlangan oilalarga tarqatilayotgan ko‘p tuxum qiladigan tovuqlarning afzalliklari haqida tushuntirganda juda xursand bo‘lgandim. Kooperativ tashkil qildim. Mingta tovuqni «Paxtaobod parranda»dan olib kelib tarqatdik. Lekin mahalla odamlari orasida baloga qoldim. Tovuqlar tuxum qilmay o‘la boshladi. Odamlar «Tovuqlaringni olib chiqib ket», deb murojaat qilib, har kuni hafsalamni pir qiladi. Tovuqlar qirilib ketdi», — deydi «Ijtimoyat tomorqa xizmati» kooperativi rahbari Sardorbek Ismoilov.

Sardorbek Ismoilov. Foto: Kun.uz

««Paxtaobod parranda»ga bordim. Ular viloyat hokimligiga tovuqlarni tuxumdonlar rivojlanayotgan paytda joyidan qo‘zg‘atib tarqatmaslik kerakligi bo‘yicha xat bilan chiqqanini aytishdi. Lekin hokimiyat baribir tarqatgan ekan. Hozir bankdan 100 million so‘m kredit bo‘ynimda turibdi. «Tetra» zotli tovuqni boqish bo‘yicha biror qo‘llanma berishmadi. Dars o‘tishmadi. Mana endi katta mablag‘ga kuyib o‘tiribmiz. Aholi kreditni to‘lay olmasligi kunday ravshan. Oxir-oqibat «Paxtaobod parranda» bilan sudlashamiz», — dedi u.

«Maqsad mahalla tomorqa xizmati» kooperativi rahbari Rustamjon Zamchamatovning aytishicha, mahallaga tarqatilgan 800 dona tovuq qirilishni boshlagach, aholi tirik qolgan 400 dona tovuqni uning o‘ziga qaytarib bergan. Zamchamatov bu tovuqlardan 40 dona qolganini bildirdi.

«Ba’zi xonadonlar oddiy oqshoq bilan boqayotganini ko‘rdik» — «Paxtaobod parranda» MJCH direktori

Ma’lum bo‘lishicha, tovuqlarning katta qismi «Paxtaobod parranda» korxonasidan tarqatilgan. Kun.uz muxbiri ushbu korxonada bo‘lib, tarqatilgan tovuqlar nega o‘lib qolayotgani, narxi bozordagi tovuqlardan ikki barobar qimmatligi, tuxum tug‘ish samaradorligi pastligi sabablari bo‘yicha mas’ullardan izoh so‘ragan.


Qayd etilishicha, korxona ijrochi direktori Nuriddin Qodirov ayb korxonada emasligini ta’kidlagan.

«Parranda tuxumini Yevropadan olib keldik. Inkubatorda ochirib, 120 kun boqib katta qildik. Zarur bo‘lgan vaksinalar bilan 100 foiz emlab, to‘liq ratsion bo‘yicha boqib, normativ bo‘yicha qancha vazn bo‘lishi kerak bo‘lsa yetkazib, sog‘lom tovuqni aholiga tarqatdik. Tarqatgach, aholi xonadonlariga borib qanday boqilayotganini ko‘rib kelyapmiz. Ba’zi joylarda aholi kana bosib ketgan joylarda boqyapti yoki yuzta tovuq turadigan joyga uch yuzta tovuqni tiqib qo‘yyapti. Norma bo‘yicha bir metr joyda 5 bosh tovuq boqilishi kerak. Zich boqilgan tovuqlar bir-birini cho‘qib tashlaydi. Kannibalizm kelib chiqadi. Suv berish miqdorini bilmay tovuqlarni qiynashyapti», — deydi u.

Qodirov o‘gan tovuqlarning yorib ko‘rilganini aytdi. «Suvsizlikdan o‘lganlari ham bor. O‘zlari kasallikka chalintirib, bizga to‘nkashyapti. Axir bu bizning aybimiz emas-ku?», — deya ta’kidlaydi u.

Nuriddin Qodirov. Foto: Kun.uz

«Tovuq boqiladigan joy talablarga ko‘ra: tagi quruq bo‘lishi, normativ bo‘yicha katak qilinishi, yem va suv idishi mavjud bo‘lishi, havo almashib turishi, katakda yorug‘lik rejimiga rioya qilinishi kerak. Harorat 18−25 darajada saqlansa maqsadga muvofiq bo‘ladi», — dedi korxona ijrochi direktori.

«Tovuqlar nega qimmat?, degan savolga javob bersam. Bizning tovuqlar alohida ratsion asosida boqilgan. Soya yemining kilosi 11 ming so‘m. Bug‘doy, makka, o‘simlik yog‘i ham qimmat bo‘lib ketgan. „Baliq uni“ Boltiqbo‘yi davlatlaridan keltiriladi. Kilosi 12 ming. Kasalliklarga qarshi vaksinalar bilan emlaganmiz. Bitta vaksina 1 dollar turadi. Narx shu tarzda o‘sib ketdi», — deydi u.

«Tovuqlarni xonakilashtirishga kelsak, sharoit yaxshi bo‘lsa, 15−20 kunda xonakilashadi. Yetarli ozuqa berilmagani uchun tovuqlar tuxumdan qoldi. Ba’zi xonadonlar oddiy oqshoq bilan boqayotganini ko‘rdik. 120 gramm ozuqa yegan tovuq tuxum tug‘adi-da. Tovuqlarni boqish bo‘yicha viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasida maktab tashkil qiladigan bo‘lishgan. Tovuqboqarlar uchun alohida, veterinarlar uchun alohida o‘qish bo‘lishi kerak edi. Biroq kelib o‘qimagan bo‘lsa, ayb bizda emas-ku?», — deya ta’kidladi Xoldorov.

Andijon viloyati hokimligi munosabati

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining qayd etishicha, Andijon viloyatida 2022 yil davomida jami 2 ming 157 ta xonadonga 215 ming 657 bosh tovuq ajratilgan bo‘lib, buning uchun parrandachilikda yetarli tajribaga ega bo‘lgan 5 ta korxona tavsiya etilgan. «Korxonalar tomonidan aholiga tarqatilgan parrandalarning sog‘ligi, emlanish darajasi va tuxumga kirish qobiliyati qattiq nazoratga olingan bo‘lib, aholiga belgilangan ratsionga asosan parvarishlash va o‘z vaqtida tuxum yetkazib berish harakati biriktirilgan, xolos», — deyiladi hokimlik xabarida.

Hokimlikning ma’lum qilishicha, viloyat bo‘yicha jami 887 ta mahallada tasdiqlangan jadvalga asosan o‘quv-seminarlari tashkil etilib, unda aholiga tarqatilgan parrandalarni parvarishlash, oziqlantirish va daromadga yo‘naltirish bo‘yicha dastlabki saboq berilgan. Bundan tashqari, har bir mahallaga 1 nafardan zooveterinar vrachlar biriktirilgan, ular tomonidan o‘z vaqtida parrandalar nazoratga olingan, deydi hokimlik.

«Afsuski, tashkil etilgan o‘quv amaliy-mashg‘ulotlarida har bir parranda boquvchi o‘z vaqtida ishtirok etmagan yoki umuman qatnashmagan. Ayrim xonadonlarda zooveterinar vrachlar ko‘rsatmasiga amal qilinmaganlik holatlari ham kuzatildi. Bu esa, parrandalarni oziqlantirish va belgilangan tartib asosida parvarishlar me’yorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Yuzaga kelgan salbiy holatlar esa joylarda bu borada o‘rnatilgan tartibni yanada kuchaytirish lozimligini isbotlamoqda», — deyiladi hokimlik munosabatida.

Qayd etilishicha, ishchi guruh tomonidan aholi parvarishida bo‘lgan tovuqlarning nobud bo‘lishiga oid sabablar, nobud bo‘lgan parrandalarni qoplab berish choralari hamda yetkazib beruvchi korxonalar, jumladan, «Paxtaobod parranda» MCHJ tomonidan mavzuga doir amalga oshirilgan ishlar tahlili yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Dastlabki o‘rganish ishlari xulosasiga ko‘ra haqiqatdan ham tarqatilgan parrandalarning 3−4 foizi nobud bo‘lganligi aniqlangan. O‘z navbatida, hokimlik holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi haqida ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat OAVlari Andijonda tarqatilgan har 100 ta tovuqdan 80 tasi tuxum tug‘ib, 2 mln so‘m (tuxum narxi 1500 so‘m bo‘lsa) sof foyda keltirishi mumkinligi haqida xabar bergan, biroq ayrim aholi vakillari tovuqlar 30 donadan ko‘p tuxum qo‘ymayotgani, ba’zilari o‘lib ketayotgani va tuxum 700 so‘mdan sotilayotgani, shuning uchun ham zarar ko‘rayotganini ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyatidagi yangi Ko‘kdala tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda insonlar farovonligi va ertangi kunga ishonch o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gapirgan. Hokimlarga murojaat qilib: «Qo‘lingdan hech narsa kelmasa, odamlarga hech bo‘lmaganda 100 ta tovuq ber… Olti oy ichida u bilan gaplash. Ularning dunyoqarashi o‘zgaradi», degan edi.

Davlat rahbari o‘z murojaatida aholi o‘rtasida tovuqlar tarqatilayotgan Andijon viloyatini misol qilib keltirgan edi. «Kecha Andijonni televizorda ko‘rsatishyapti. Tovuq tarqatilyapti. Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa — eng og‘ir tumanlarimizda 100 tadan tovuq olganlar: „Men har kuni kamida 80 ta tuxum olaman“, deydi» — deya ta’kidladi prezident.

O‘z navbatida, «O‘zbekiston 24» telekanalining 20 apreldagi syujetida hududlarda «Bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida parrandachilik rivojlantirilayotgani haqida so‘z boradi. Andijon viloyatida yil oxirigacha aholi xonadonlariga 957,1 ming bosh tovuq va 30 ming bosh kurkalar yetkazib berish rejalashtirilgan edi.

Shuningdek, Parlamentning «Xalq so‘zi» gazetasi ham aholining ijobiy fikrlarini keltirgan. Paxtaobod tumanidan Izzatillo Ostonaqulov 110 ta tovuq kuniga 60 ta tuxum qo‘yib, shundan 50 tasini sotayotgani, qolgan 10 tasini esa do‘konga olib ketayotganini ma’lum qilgan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha tovuqlar tuxum qo‘ya boshlagach, oyiga 5 mln so‘m daromad oladi.