«Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qilib, IT sohasini o‘rganishni boshlagan, turli loyihalarni amalga oshirayotgan va kelajagini ushbu sohada ko‘radigan o‘smir qizlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Ular nega IT sohasiga qiziqishgani, bunga nisbatan atrofdagi turli gap-so‘zlar va kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab, tengdoshlari uchun o‘z maslahatlari bilan ham bo‘lishishdi.

Navbatdagi mehmonimiz Fazilatbonu Mengliyeva. U 2007 yilda Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug‘ilgan, shahardagi 29-sonli umumta’lim maktabida tahsil olmoqda. Fazilatbonu kichkinaligidan IT`ga qiziqib keladi. Bo‘sh vaqtlarida yangi dasturlarni o‘rganib, ularda yangi loyihalar tuzadi. O‘zi mustaqil Blender, Tinkercad kabi 3D`ga ixtisoslashgan dasturlarda loyihalar tuzgan. Kelajakda u IT`dagi bilimlarini yanada mustahkamlab, eng yaxshi dasturchilardan biriga aylanishni xohlaydi.

«IT sohasini YouTube`dan o‘rganishni boshlaganman»

Men Xorazm viloyatida IT`ga ixtisoslashtirilmagan, oddiy maktab — 29-maktabning 9-sinf o‘quvchisiman. Yoshligimdan otam va akamni kompyuterda ishlashini ko‘rib IT`ga qiziqishim uyg‘ongan. Dastlab, kompyuter o‘yinlarini o‘rganganman, keyinchalik dasturlashni o‘rganishni boshlaganman. Kelajagimni tibbiyot va IT sohasini birlashtiradigan inson sifatida ko‘raman.


Fazilatbonu Mengliyeva (o‘ngda) o‘qituvchisi bilan. Foto: Fazilatbonu Mengliyevaning shaxsiy arxividan

IT bo‘yicha hech qanday qo‘shimcha to‘garaklarga bormayman. Bu sohani YouTube`dan o‘rganishni boshlaganman. IT bu — kelajak kasbi. Atrofimizdagi ko‘p narsalar telefonlar, kompyuterlar, gadjetlar va turli boshqa texnologiyalar IT`ning mahsuli hisoblanadi.

«IT`da faqat yigitlar bo‘lgani uchun ota-onalar qizlarga ruxsat bermaydi»

To‘g‘risini aytsam, «IT qizlar uchun emas», «o‘qib olim bo‘larmiding?» degan gaplarni eshitsam asabiylashaman, qattiq jahlim chiqadi. Istasak ham, istamasak ham baribir shunday gaplar bo‘ladi. Bunday gaplar tez-tez qulog‘imga chalinadi. Bu soha faqat yigitlar uchun emas, qizlar ham eplay oladi.

Navro‘z bayrami oldidan maktabimizda tanlov tashkil etilgandi. Men informatika fanidan tanlovda qatnashdim. U yerdagi deyarli barcha ishtirokchilar o‘g‘il bolalar edi. Men va yana ikki nafar qiz qatnashdik. 40 daqiqa ichida bir loyiha tayyorlash kerak edi. O‘sha musobaqada 1-o‘rinni oldim. 15 nafar yigit ichida men 1-o‘rinni olganim kuch berdi. Tanlovda g‘olib bo‘lishga-ku bo‘ldim, lekin baribir ichimdan hijolat hissi o‘tdi. Nega? Chunki qizlar juda kam edi. Tanlov yakunida rasmga tushdik, unda ham ko‘pgina o‘g‘il bolalar va men bilan bir necha qiz bor edi. O‘sha payt ba’zi ota-onalar faqat yigitlar bo‘lgani uchun ham ruxsat bermasliklarini tushundim.

Ba’zida loyihalarim ustida ishlayotganimda «svet» o‘chib qolgan holatlari ham bo‘lgan. Bu vaqtda asosan uy ishlarini qilishimga to‘g‘ri keladi. Jahlim chiqsa ham, charchagan bo‘lsam ham og‘ir bosiqlik qilishga majbur bo‘laman. Keyin kechasi bilan dars qilishimga, shug‘ullanishimga to‘g‘ri keladi. Ba’zan ota onam ko‘p shug‘ullanishim sog‘ligimga ta’sir qilishidan xavotir olib, bunga qarshilik qilishadi. Shunday vaziyatlar bo‘lganki, oddiy telefon chirog‘i bilan dars qilganman.


Foto: Fazilatbonu Mengliyevaning shaxsiy arxividan

«Kelajakda odamlarga tibbiy yordam ko‘rsatadigan robot yasamoqchiman»

Mening bir orzuim bor — o‘zimning shaxsiy kompaniyam bo‘lishini istayman. U yerda robototexnika bilan shug‘ullanmoqchiman. O‘zbekistonda robotlar ishlab chiqarib, dunyo miqyosida biznes qilishni istayman.

Robototexnika yo‘nalishini yaxshi ko‘raman. O‘zim uyda kichkinaroq va oddiyroq robotlarni yasab ko‘rganman. Yaqinda robot yasashga kerak bo‘ladigan narsalarga onlayn tarzda buyurtma berdim. Viloyatimizda boshlang‘ich robotlarni yasash uchun kerak bo‘ladigan narsalarni sotadigan do‘kon topish qiyin bo‘ldi. Hozircha faqat kichik boshlang‘ich robotlarni yasayapman. Kelajakda kattaroq robot yasash niyatim bor. Kelajakda men yaratadigan robotlar odamlarga uy ishlarida yordamlashadi va qiynalgan, yolg‘iz yashaydigan keksa odamlarga tibbiy yordam ko‘rsatadi. Murakkab jarrohlik amaliyotini olib boradigan robotlarni ham yaratmoqchiman.

Yaqinda internetda eng aqlli robot, ya’ni emotsiyalarni ko‘rsata oladigan robot haqida o‘qib qoldim. Robotlarda ham xuddi insonlardagi yuz va emotsiyalarni tasvirlashga harakat qilishgan. To‘liq insonlardagi tuyg‘ularni robotlarda aks ettirish imkonsiz bo‘lsa-da, lekin qisman iloji bor. Odam nima qila olsa, robot ham shu ishlarni qila oladi. Xalqaro darajada faoliyat olib borishim uchun ingliz tili bilimlarimni ham oshirmoqchiman.


Foto: Fazilatbonu Mengliyevaning shaxsiy arxividan

IT`ni o‘rganishga hozircha menda barcha sharoitlar bor. Lekin robototexnikaga qiziqadiganlar uchun har bir viloyatda mahsulotlar sotadigan do‘konlar ko‘proq bo‘lishini xohlardim. Shunda onlayn buyurtma ham berib o‘tirmasdim. Chunki bunga uzoq vaqt ketadi, men haliyam buyurtmam kelishini kutyapman. Maktabimda informatika darslarini ikki guruhga bo‘lingan holda elektron doskada o‘rganamiz, ammo viloyatimdagi boshqa maktablarda o‘qiydigan do‘stlarim bilan gaplashganimda maktabdagi kompyuterlarni deyarli ishlatmasliklarini aytishadi.

Tengdoshlarimga IT sohasini tanlashni maslahat bergan bo‘lardim. Hali-hanuz atrofimdagi dugonalarimga shu haqida gapiraman. IT — kelajak sohasi. Men turli misollar keltirib ularga buni isbotlashga harakat qilaman. Baribir hammaning ham ota-onasi bunga ruxsat bermaydi, ma’lum doirada cheklov bo‘ladi. Qizlarga «bu senga to‘g‘ri kelmaydi», deyiladi. «Hali sen erga tegishing kerak, oilali bo‘lsang bu narsalarga vaqting bo‘lmaydi», deyishadi. Men shunday fikrlaydigan ota-onalardan bunday qilmasliklarini so‘ragan bo‘lardim. Chunki bu qizlarning ruhiyatiga qattiq ta’sir qiladi.

Qizlar shunchaki og‘izda emas, realda o‘z maqsadlarini ko‘rsata olishlari ham mumkin. Masalan «ICT4Girls» loyihasiga qatnashganimda 3 kun ota-onamdan uzoqda bo‘ldim. Va loyiha so‘nggida yuqori o‘rinni egallab kompyuterga ega bo‘ldim. To‘siqlar doim bo‘ladi, shunchaki kuchli bo‘lish kerak.

Fazilatbonu Mengliyeva «Qizlarning IT ko‘nikmalarini rivojlantirish» (ICT4Girls) loyihasi ishtirokchisi xisoblanadi. Loyiha O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yo‘nalishiga qiziqayotgan, sohada ma’lum ko‘nikma va bilimga ega bo‘lgan maktab yoshidagi qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning raqamli imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Ushbu loyiha Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi (ITSM) va Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.