Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston qahramoni Lola Murotova vafot etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Avvalroq, uning og‘ir xastalik tufayli kasalxonada davolanayotganligi haqida xabar berilgan edi. Uning vafoti haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda 21 may kuni tarqalgandi. Viloyat matbuot xizmati esa buni rad etib, uning viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazida davolanayotgani, ahvoli stabil og‘ir holatda ekanini aytgandi.

12 may kuni Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Oltiariq tumanidagi «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murotovaning holidan xabar olish maqsadida bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Abdurashid Jurabayev va davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov borgandi.

O‘shanda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va boshqalardan konsilium boshchiligida tajribali shifokorlar tomonidan kerakli muolajalar olib borilayotgani aytilgandi.

Lola Murotova 1958 yil Oltiariq tumanida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Farg‘ona viloyatidan Oliy Majlis Senati a’zosi etib tayinlangan.