Ijtimoiy tarmoqlarda 1 iyunga bolalar kuni munosabati bilan 200 ming tarqatilishi haqidagi xabarlar ortidan Xalq bank va uning filiallari oldida navbatlar yuzaga kelmoqda.

Mazkur holatga budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi direktori Abdulaziz Haydarov AOKAda o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida munosabat bildirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda „Bolalar kuni munosabati bilan pul tarqatilyapti“ degan gap-so‘zlar tarqalmoqda. Ushbu xabarlar mutlaqo yolg‘on, pullar Prezident qarorida belgilangan fuqarolargagina tarqatiladi», — dedi u.

U shuningdek bugungi kunga kelib, kimlarga va qanday turdagi yordam pullari rasman taqdim etilayotganini eslatib o‘tdi.

«Pensiya na nafaqa oluvchilarga viloyatlarda 300, Toshkent shahrida 400 ming so‘mdan bir martalik yordam pullari tarqatish boshlangan. Bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha pul oluvchilarning 65 foiziga tarqatib berildi. Ikki haftalik muddat ichida barcha mablag‘lar to‘liq egalariga yetkaziladi», — dedi jamg‘arma rahbari.

Abdulaziz Haydarovning qo‘shimcha qilishicha, bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan, 18 yoshga to‘lmagan 4 miliondan ortiq bolalarga 200 ming so‘mdan nafaqa beriladi.