Dushanba kuni O‘zbekiston qahramoni, «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murotova vafot etganligi munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirdi.

Ta’ziya maktubida shuningdek, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Oliy majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, bosh vazir Abdulla Aripov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi raisi, O‘zLiDeP partiyasi yetakchisi Aktam Haitov nomi ham qayd etilgan.

Butun mamlakatning g‘urur va iftixori bo‘lgan Lolaxon Murotova 1958 yil 9 martda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng mehnat faoliyatini Oltiariq tumanidagi «Nurobod» jamoa xo‘jaligida mexanizator sifatida boshladi, o‘z hayotini mamlakat iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘i bo‘lgan qishloq xo‘jaligi bilan bog‘ladi.

Yoshlik yillaridan boshlab dehqonchilik ilmini puxta o‘rgangan Lola Murotova jamoa xo‘jaligida bosh pudratchi, bo‘lim boshlig‘i, xo‘jalik raisi kabi lavozimlarda fidokorona mehnat qilib, ishni tashkil etish, mo‘l hosil yetishtirish, xo‘jalikni samarali boshqarish sohasida katta tajriba orttirdi, deyiladi xabarda.

«Fermerlik harakatiga keng yo‘l ochilishi bilan mohir va mirishkor dehqon mamlakatda birinchilardan bo‘lib „Nurli obod“ fermer xo‘jaligiga asos soldi hamda yerning haqiqiy egasi sifatida mamlakatda fermerlik harakatini rivojlantirish va uni yangi bosqichga ko‘tarishga katta hissa qo‘shdi», — deyiladi ta’ziyada.

O‘z faoliyatida doimo yangilikka intilib, ezgu tashabbuslari bilan barcha fermerlarga, ayniqsa, yoshlarga ibrat bo‘lib yashagan Lola Murotova Yangi O‘zbekiston sharoitida alohida jonbozlik va g‘ayrat-shijoat ko‘rsatib ishladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or agrotexnologiyalarni, boshqaruvning zamonaviy usullari va samarali vositalarini qo‘llash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yosh fermerlar avlodini tarbiyalashda o‘ziga xos tajriba maktabini yaratdi.

U o‘z foliyati bilan Vatanga muhabbat va sadoqatning, kasbiga fidoiylikning haqiqiy namunasini namoyon etdi. Aynan ana shunday olijanob fazilatlari bilan Lolaxon opa butun xalqi uchun o‘zbek ayolining haqiqiy timsoliga aylandi, deyiladi maktubda.

«El-yurt ishiga umrini bag‘ishlagan qahramon fermer jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. Uning bu boradagi serqirra faoliyati yoshlarni, xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularni ish bilan ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishida yaqindan ko‘mak berish, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qishloq va mahallalarni obod etish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ezgu ishlarida yaqqol namoyon bo‘ldi», — deyiladi nekrologda.

Lola Murotova «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» faxriy unvoni, «El-yurt hurmati», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari hamda «O‘zbekiston Qahramoni» oliy unvoni bilan mukofotlanganlb.

«Atoqli fermer, qishloq xo‘jaligi ilmining yetuk namoyandasi, taniqli jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson, xalqimizning fidoyi farzandi Lola Murotovaning yorqin xotirasi qalblarda hamisha saqlanib qoladi», — deyiladi xabarda.