«Xizmat itlari-2022» ko‘rgazmasida Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari, DXX Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining 100 dan ortiq xizmat itlari qatnashdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» fotomuxbiri. Tadbir 28 may kuni Toshkentdagi «G‘alaba bog‘i»da bo‘lib o‘tdi.


Ko‘rgazma Davlat bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi va O‘zbekiston Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston kinologiya federatsiyasi bilan hamkorlikda kinologiyani rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

«Milliy kinologiya markazi tomonidan o‘tgan yillar davomida Davlat bojxona qo‘mitasi tarkibiy tuzilmalari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda xizmat olib borish uchun 6 mingdan ortiq kinologlar o‘qitilib, xizmat itlari tayyorlab berildi», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.


Markazga 2008 yilda Jahon bojxona tashkiloti tomonidan mintaqaviy kinologiya markazi maqomi berilgan. Milliy kinologiya markazi va BMTning Giyohvand moddalar ustidan nazorat qilish va jinoyatlarning oldini olish boshqarmasining «Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi o‘rtasida xalqaro hamkorlik» dasturi ishlab chiqildi. O‘tgan yillar davomida 15 marotaba mintaqaviy o‘quv kurslari tashkil etilib, ularda Afg‘oniston, Armaniston, Eron, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘izston, Turkmaniston va Tojikiston Respublikasining 182 nafar kinologlari o‘qitilib, xuddi shuncha bosh xizmat itlari tayyorlab berilgan.


«Xizmat itlari-2022» ko‘rgazmasini o‘tkazishdan asosiy maqsad, xizmat itlarining ekstereri va zotdorlik darajasini baholash hamda kinologiya xizmatlari o‘rtasida nasilchilik ishlarini rivojlantirish, xizmat itlarini yetishtirish va parvarishlash borasida yaqindan hamkorlik qilish va tajriba almashishdir.

Foto