Prezident Lola Murotova vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston qahramoni Lola Murotovaning 64 yoshida vafot etgani munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. «Atoqli fermer, qishloq xo‘jaligi ilmining yetuk namoyandasi, taniqli jamoat arbobi, kamtarin va samimiy inson Lola Murotovaning yorqin xotirasi qalblarda hamisha saqlanib qoladi», — deyiladi ta’ziyada.

Nodirbek Abdusattorov xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ldi

Nodirbek Abdusattorov 5th Sharjah Masters 2022 shaxmat turniri g‘olibiga aylandi. Abdusattorov BAA vakili Salem Saleh bilan bir xil ochko jamg‘argan bo‘lsada, o‘zaro bahsdagi g‘alaba evaziga birinchi o‘rinni egallagan.

Olis hududlarga un mahsulotlarini yetkazishda transport xarajatining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi

Prezident qaroriga muvofiq Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 2022 yil hosilidan 2 550 ming tonna bug‘doy sotib oladi. Olis va tog‘li hududlarga un va un mahsulotlarini yetkazishda transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi. Donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayoni tezkor va shaffof amalga oshirilishi uchun d-xarid.uz axborot tizimi ishga tushiriladi.

«Sabablari asosli ochib berilmagan». XDP fraksiyasi YPX xodimlarini suratga olishni taqiqlashga oid qonun loyihasini rad etdi

IIV YPX xodimlarini suratga olib internetda tarqatganlik uchun 15 mln so‘m jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolashga oid qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritdi. XPD fraksiyasi takliflar bo‘yicha sabablar asosli ochib berilmaganligi uchun mazkur qonunni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishni rad etib, uni kun tartibidan chiqarib tashladi. Bu xodimlarni tasvirga olishni taqiqlashga bo‘lgan navbatdagi urinish, avvalroq vazirlik taklif etgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.

«Tovuqboqarlar o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashmagan» — Andijon viloyati hokimligi kreditga tovuq olib boqayotgan aholi haqida

Andijon viloyatida kredit asosida 200 ming donadan ortiq tovuq tarqatilgan aholi parrandalarning nobud bo‘layotganligi, kam tuxum qo‘yayotganligi va immuniteti pastligidan shikoyat qilmoqda. Kun.uz nashri bitta tovuq aholiga o‘rtacha bozor narxidan ancha qimmatga tushayotganligi haqida yozdi. Viloyat hokimligi va tovuqlarni yetkazib bergan korxona tovuqboqarlarni tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashmaganlikda aybladi.

Samarqandda sayyohlik avtobusi «Kamaz» bilan to‘qnashdi, bir kishi halok bo‘ldi

Ishtixon tumanida Buxorodan kelayotgan sayyohlik avtobusi «Kamaz» bilan to‘qnashib ketdi. Buning oqibatida haydovchining sherigi voqea joyida vafot etdi, bir nafar ruminiyalik sayyoh esa yengil tan jarohati oldi.

Toshkentda mushukni derazadan uloqtirgan bolaning shaxsi aniqlanib, otasiga jarima solindi

Ijtimoiy tarmoqlarda R. Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining o‘quvchisi 3-qavatdan mushukni uloqtirgani aks etgan video tarqaldi. Voyaga yetmagan yigitning otasiga nisbatan bolalarni tarbiyalash borasidagi majburiyatlarni bajarmaganligi bo‘yicha protokol tuzilib, u jarimaga tortildi.

Bolalar kuni munosabati bilan 200 ming so‘mdan tarqatilayapti degan xabarlar yolg‘on — Pensiya jamg‘armasi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 1 iyun — Bolalar kuni munosabati bilan barcha bolalarga 200 ming so‘mdan berilishiga oid xabarlar mutlaqo yolg‘on, deb ma’lum qildi Pensiya jamg‘armasi direktori Abdulaziz Haydarov. Uning so‘zlariga ko‘ra, 200 ming so‘mlik nafaqa pullari faqat kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan, 18 yoshga to‘lmagan 4 mlndan ortiq bolalargagina beriladi.

Uzcard firibgarlik holatlari haqida ogohlantirdi

Uzcard pensioner va nafaqaxo‘rlarga bir martalik yordam puli tarqatish haqidagi xabarlar fonida firibgarlar tomonidan fuqarolarning plastik karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinishlar ko‘payganligi haqida ogohlantirdi. Prezident farmoni bilan ajratilgan ijtimoiy yordam puli bir martalik pul o‘tkazmalari bo‘lib, ular avtomatik tarzda o‘tkaziladi.

Mirobod tumanidagi 6 ta yo‘l kesishmasida harakat qisman cheklanadi

Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi yo‘llarda ketayotgan ta’mirlash ishlari sababli Markaziy temir yo‘l vokzali yaqinidagi 6 ta yo‘l kesishmasida mashinalar harakati qisman cheklanadi.

USAID O‘zbekistonga $1,3 mlnlik uskunalarni topshirdi

AQSh o‘zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonning milliy immunizatsiya tizimini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston SSVga sovuq zanjirli uskunalar va kompyuterlarni topshirdi. Uskunalar 671 ta sovutgich, 212 ta muzlatgich va 150 ta kompyuterdan iborat bo‘lib, umumiy qiymati 1,3 mln dollarni tashkil etadi.

Soliq qo‘mitasi chek berilmagani uchun tadbirkorlarni tekshirish qoidalarini yumshatdi

1 iyundan boshlab chek bermagan tadbirkorlarni soliq xizmati organlari tomonidan tekshirish qoidalari o‘zgarmoqda. Endi birinchi shikoyatdan so‘ng tadbirkor darhol jazolanmaydi, lekin u bilan profilaktik suhbat o‘tkaziladi. Shuningdek, fuqarolar 24 soat ichida ikkitadan ortiq murojaat yubora olmaydi.

Hafta oxirigacha yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunlar isiy boshlaydi

O‘zbekistonda hafta davomida harorat asta-sekin ko‘tarilib, +35…+37 darajagacha isiydi. Faqat tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zon ko‘tarilishi kutilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

IT faqat yigitlar uchun emas, qizlar ham eplay oladi — Fazilatbonu Mengliyeva

«Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli hududlaridagi IT sohasini o‘rganayotgan o‘smir qizlar bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz — xorazmlik maktab o‘quvchisi Fazilatbonu Mengliyeva. U robototexnika sohasiga qiziqishi, IT`ni YouTube`da o‘rganishni boshlagani, ota-onalar qizlariga IT sohasi bilan shug‘ullanishga ruxsat bermasligining sabablari haqida gapirib, tengdoshlariga o‘z maslahatlari bilan bo‘lishdi.

Foto: Toshkentda xizmat itlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi

«Xizmat itlari-2022» ko‘rgazmasida xavfsizlik idoralari va vazirliklarining 100 dan ortiq itlari ishtirok etdi. Tadbir kinologik xizmatlar o‘rtasida hamkorlik va tajriba almashishni kuchaytirish maqsadida tashkil etildi. «Gazeta.uz» muxbiri Madina A’zam fotoreportaji.

Zaamin Ultra: Yomg‘ir, tuman va tog‘lar bag‘ridagi marafon qanday o‘tdi?

28−29 may kunlari Zomin milliy bog‘ida ikkinchi Zaamin Ultra marafoni — sport, musiqa va san’at festivali bo‘lib o‘tdi. Chodirlarda o‘tgan yomg‘irli tun, oilaviy va jamoaviy yugurganlar, nogironligi bor marafonchilar, sovuq havo va tumanga qaramasdan murakkab masofani bosib o‘tgan yuguruvchilar — Zaamin Ultra «Gazeta.uz» muxbiri fotohikoyasida.

Prokrastinatsiya nima, nega biz bunga yo‘l qo‘yamiz va uni qanday yengish mumkin?

Hozirgi davrda prokrastinatsiyaga duch kelmagan, bundan aziyat chekmagan insonlar juda kam bo‘lsa kerak. Ammo biz uning sabablarini, aslida qanday oqibatlarga olib kelishini bilamizmi?