Nodirbek Abdusattorov BAAda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro 5th Sharjah Masters 2022 shaxmat turnirida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev xabar berdi.

O‘zbekistonlik sportchi BAA vakili Salem Saleh bilan bir xil 7 ochkodan jamg‘argan bo‘lsada, o‘zaro bahsdagi g‘alaba evaziga birinchi o‘rinni egallagan.

«Hozirda shaxmat bo‘yicha o‘rganish va tahlillar olib boryapmiz. Tez orada bu boradagi loyiha va dasturlarimizni e’lon qilamiz», — deydi Alisher Sa’dullayev.

Qayd etilishicha, 5th Sharjah Masters 2022 shaxmat turnirida Nodirbek Abdusattorovdan tashqari yana to‘rt nafar o‘zbekistonlik shaxmat ustalari ishtirok etishgan — Javohir Sindarov (14-o‘rin), Shamsiddin Vohidov (18-o‘rin), Nodirbek Yakubboyev (46-o‘rin) va Xumoyun Bekmuradov (67-o‘rin). Musobaqada 80 nafar shaxmatchi qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, Nodirbek Abdusattorov o‘tgan yili FIDE jahon chempionatida shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi. O‘zbekistonlik shaxmatchi chempionatning 10-turida jahon chempioni norvegiyalik Magnus Karlsenni mag‘lub etgan edi.