Davlat soliq qo‘mitasi oxirgi vaqtlarda xarid cheklarini berish bilan bog‘liq o‘tkazilayotgan sayyor soliq tekshirishlari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ayrim xabarlarga munosabat bildirdi.

May oyi boshida oziq-ovqat do‘koni egasi chek berish bo‘yicha texnik muammolar va soliq organlari solayotgan og‘ir jarimalardan shikoyat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir oy ichida soliq idoralari uning do‘koniga uch marta kelgan va har safar 5−10 million so‘mdan jarima solgan.

«Sababi nima ekan, biz chek bermas ekanmiz. Birinchidan u oq terminal ishlamaydi. Buni hamma biladi. Terminalni majburlab berayotganlar ham o‘zlari uni qanday ishlatish kerakligini bilishmaydi. Oborib, buni to‘g‘irlab ber, ishlamayabdi, desang „bilmadik, bizlarga ham shu topshiriq bo‘lgan sizlarga berayapmiz“, deydi. 5 mln so‘mga oq terminal sotib olasan. Oyiga 100 mingdan berasan. Nima uchun? U 5 million so‘mni qoplash uchun biz qancha narsa sotishimiz kerak? 600 so‘mnan olayotgan nonni 6000dan sotish kerakmi?», — dedi tadbirkor.

Uning aytishicha, do‘kon kassiri qurt sotsa ham chek beradi. «Sotuvchi qurt sotsam ham chekingni olib ket deb, chek berayabman, deyabdi. Chek kerak emas menga deb olmagan. Izidan ikkita soliqchi kelib yana jarima solayabdi. Uchinchi marta. Nima qilish kerak, qanaqa ishlash kerak bu O‘zbekistonda?», — deb savol bilan yuzlandi tadbirkor.

DSQ ma’murchilikni amalga oshirishda tadbirkorlar uchun bir xil sharoitdagi muhitni yaratishga erishish va yashirin iqtisodiyotga barham berishga tayanishini ta’kidladi.

Xalqaro moliya institutlari va professional ekspertlarning tahlil va xulosalari respublikada yashirin iqtisodiyotning ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lib, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida bu ko‘rsatkich 70 foizgacha yetadi, deyiladi qo‘mita xabarida.

Shu munosabat bilan xufiyona iqtisodiyotni jilovlashga qaratilgan soliq ma’murchiligining zamonaviy instrumentlari qatorida, chek bermaslik, plastik kartalarga savdo qilishdan bosh tortish, plastik kartalarga tovarlarni narxini oshirib sotish va boshqa qonunbuzilishlari ustidan keng jamoatchilik nazorati instituti ishga tushirilib, fuqarolardan murojaatlarni qabul qilish uchun Soliq mobil ilovasi amaliyotga kiritilgan.

Yil boshidan buyon Soliq organlariga 13 mingga yaqin fuqarodan 66 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

«Mazkur murojaatlar asosida nazorat tadbirlarini o‘tkazishdan oldin, ijtimoiy tarmoqlarda keltirilganidek hech qanday tahlillarsiz emas, ularning har biri sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilmoqda. Onlayn kassa mashinalari orqali urilgan har bir chek soliq organlari ma’lumotlar bazasida aks ettirilib, murojaatchining xabari asosliyligi bevosita ushbu subektga o‘rnatilgan onlayn nazorat kassa mashinasi ko‘rsatkichlari bilan solishtiriladi», — deyiladi xabarda.

Tahlillar natijasida 30 mingga yaqin murojaat bo‘yicha tekshirish o‘tkazish rad etilgan. Lekin, qolgan qismi tekshirilganda — 97 foizida haqiqatda chek urilmaganligi bo‘yicha murojaatchilarning xabari o‘z tasdig‘ini topgan, deyiladi DSQ ma’lumotida.

Belgilangan soliq siyosati asosida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar soliq to‘lovchilarni jazolashga emas, balki budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlashga qaratilgan. Shularni hisobga olib, Davlat soliq qo‘mitasi 2022 yil 1 iyundan boshlab tekshirish va murojaat qilish qoidalariga ham o‘zgartirish kiritilishini ma’lum qildi.

Birinchidan, Soliq mobil ilovasi orqali mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, birinchi marotaba kelib tushgan murojaat bo‘yicha soliq to‘lovchi huzuriga borgan holda, profilaktik suhbat o‘tkazilib, tadbirkorlik subyektining qonun talablarida ish yuritishi to‘g‘risida rasman ogohlantiriladi. Unga nisbatan ta’sirchan moliyaviy jazo choralari ko‘rilmaydi.

Mazkur ogohlantirishdan keyin ham xulosa qilinmasdan, qonun buzilishlari davom ettirilib, ushbu tadbirkorlik subyekti bo‘yicha ikkinchi marotaba murojaat kelib tushsa belgilangan tartibda o‘rganish o‘tkaziladi va natijasi bo‘yicha soliq tekshiruvi tashkil etiladi.

Ikkinchidan, murojaat bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilayotgan yoki o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida ushbu subyekt bo‘yicha takroriy tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

Uchinchidan, jamoatchilik nazoratini kengaytirish maqsadida, bir fuqaro tomonidan 24 soat ichida 2 tadan ortiq hamda 30 kalendar kuni davomida 1 ta shoxobcha bo‘yicha 1 martadan ko‘p murojaat yuborilishiga cheklov o‘rnatiladi.

To‘rtinchidan, davlat soliq xizmati organlari xodimlarining huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlari, mukofot to‘lanmaydigan murojaatlar sifatida qayd qilinadi.

Davlat soliq qo‘mitasi ushbu o‘zgartirishlarni inobatga olgan holda, chek talab qilib, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda faol ishtirok etayotgan fuqarolarni rag‘batlantirishni va noqonuniy ishlash yo‘lini tanlagan ayrim subyektlarga nisbatan ta’sirchan nazorat tadbirlarini izchil davom ettirishiga ishontirmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, qoidabuzarlik tasdiqlangan taqdirda, arizachi mukofot sifatida to‘langan jarima summasining 20 foizini oladi. Qo‘mita «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, hisobot davrida fuqarolarga jami 11,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni qo‘lga kiritishgan. Bundan jarimalar qariyb 58 mlrd so‘mni tashkil yetgan degan xulosani qilish mumkin.

Avval xabar berganimizdek, Termizda jurnalist Abbos Salaydinov dorixona sotuvchisidan QR-kodli chek talab qilgani uchun «samosud» qilingan edi. Dorixona egasi va sotuvchisi unga «qonunni Toshkentga borib talab qilishini» aytib, jismoniy kuch ishlatgani va haqorat qilgani aytilmoqda. Dorixona egasi, sotuvchi, xattoki jurnalistning o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.