Taniqli sport jurnalisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, Respublika toifasidagi hakam Axbor Imomxo‘jayev 86 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda uning nabirasi, O‘zPFL direktori Diyor Imomxo‘jayev ma’lum qildi.

Axbor Imomxo‘jayev 1936 yil 19 fevralida Toshkentda tavallud topgan. 1954−1956 yillarda Toshkent viloyati Pedagogika bilim yurtida tahsil olgan. 1959 — 1963 yillarda Jismoniy tarbiya instituti futbol bo‘limini tamomlagan.

Institutdan so‘ng ma’lum muddat Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 83-maktabda dars berdi, ko‘p o‘tmay Jismoniy tarbiya institutiga taklif etildi. Keyinchalik Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasida yoshlar bo‘limi rahbari, Futbol federatsiyasida hakamlar va nazoratchilar qo‘mitasi boshlig‘i, «Paxtakor» jamoasi boshlig‘i, «Sport» gazetasining Futbol bo‘limi rahbari lavozimlarida faoliyatini davom ettirdi.

U 1956 yilda poytaxtda ilk bor qurilgan «Paxtakor» stadionida o‘zbek tilida sharhlovchilik ham qilgan. Televideniye orqali ilk sharhi esa 1960 yilga to‘g‘ri kelgan. «Futbol quvonchim, dardim, faxrim», «Maftuningman futbol», «O‘zbegimning Mirjaloli», «Asr futbolidagi asl qadrdonlarim» kabi kitoblar muallifi.

Axbor Imomxo‘jayev 1996 yilda «Shuhrat» medali, 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.