Jizzaxda Pedagogika instituti bo‘lim boshlig‘i o‘qishni ko‘chirish uchun pora olgan vaqtida ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, Pedagogika instituti bo‘lim boshlig‘i B.I. fuqaro V.ning Toshkent shahridagi «Y.T.» universitetining «Maktabgacha ta’lim» yo‘nalishidagi o‘qishini tanishlari yordamida institutning ushbu yo‘nalishdagi fakultetiga ko‘chirib berishni va’da qilgan. U buning evaziga 2 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi,

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida fuqarolarni Qirg‘izistondagi OTMlarga o‘qishga kiritib, so‘ng o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirib berishni va’da qilganlikda gumonlangan shaxslar ushlangani, ular fuqarolardan jami 5680 dollar va 26 mln so‘m talab qilgani haqida yozgan edik.