Andijon, Jizzax va Toshkent viloyatlarida o‘qishga kiritishga bo‘lgan noqonuniy harakatlarning oldi olindi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanida fuqaro Sh. . fuqaro F.ni Qirg‘izistondagi O‘sh davlat universitetida ishlovchi tanishlari orqali ushbu universitetning jismoniy tarbiya fakultetiga o‘qishga kiritib, 2-bosqichga o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni tayyorlab berishini va’da qilgan. U buning evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida fuqaro M.F. fuqaro Ch.ning ishonchiga kirib, uni qo‘shni Qozog‘istonning Chimkent shahridagi universitetning «Huquq» yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytgan. Gumonlanuvchi buning evaziga 1 200 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, Jizzax viloyati Jizzax shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchisi Sh. S. (muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan) fuqaro U.ga texnikumga kirish imtihonlarida yordam berishini aytgan. U ushbu texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Jizzax davlat pedagogika instituti bo‘lim boshlig‘i fuqaroning o‘qishini ko‘chirib berishni va’da qilib, buning evaziga $2500 olgan vaqtida qo‘lga olingani to‘g‘risida yozgan edik.