«O‘zbekiston 24» kanalida efirga uzatilgan «Menimcha» ko‘rsatuvida IIV Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i Behzod Mamajonov hamda Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyati masalalari haqida gapirdi.

Shavkat Mirziyoyev 2019 yil dekabrida mamlakatda 2021 yildan bekmekerlik idoralarini ochishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. 2022 yilning 28 aprel kuni esa prezident O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilgani haqida xabar berildi.

Behzod Mamajonov O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatidan foydalanishga ruhsat berilmaganligini ta’kidladi.

«O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatini ko‘rib chiqish to‘g‘risida topshiriq bo‘lgan, lekin ruxsat berilmagan. Dunyo statistikasida hozirgi kunda aynan mana shu tavakkalchilikka asoslangan onlayn qimor o‘yinlaridan bir yildagi daromad 54 mlrd dollargacha yetib boradi. Bu 3−4−5 yildan keyin 134 mlrd dollargacha yetishi kutilmoqda», — dedi Behzod Mamajonov.

IIV Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i vazirlik rahbariyatining topshirig‘i bilan ularga alohida targ‘ibot dasturini ishlab chiqish vazifasi berilganini aytdi. Yaqinda tasdiqlangan dasturga ko‘ra, ishchi guruh vodiy viloyatlari (Andijon, Namangan, Farg‘ona) da o‘z faoliyatini boshlagan. Bunda maktab, OTM, mahallalar, davlat tashkilotlarida yig‘ilish o‘tkazish va tushuntirish ishlari olib borilishi belgilangan.

O‘zbekiston professional futbol ligasi (O‘zPFL) direktori Diyor Imomxo‘jayev ham jahonda sport klublarini moliyalashtirishda bukmekerlik faoliyatidan keng foydalanilishini, biroq, bu O‘zbekistonda o‘z yo‘lini topmaganini aytib o‘tdi.

U birinchidan buni jamoatchilik iliq qarshi olmaganligini qayd etdi. Ikkinchidan, OAV ham bunda bukmekerlikning zarari, oqibatlari, O‘zbekistonda mavjud vaziyat haqida maqolalar berib borib, undan foydalanilmasligida katta rol o‘ynadi. Oxir-oqibat, «bu bizga ortiqcha» degan qarorga kelindi, dedi Imomxo‘jayev.

«Ammo, bu bilan mavzu yopilmaydi. Internet, telefon bor. Mavzu davom etadi. Endi buni nazoratga olish bo‘yicha takliflar bo‘lishi kerak. Chunki, O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatchilari bo‘lmagani bilan, biz O‘FA, O‘zPFL bu mavzuga ko‘p duch kelamiz… Chet elda bu o‘yinga normal qaraladi. Yutsa, yutdi. Yutmasa, yutmadi, masalan. Endi bu bitta harom narsani ikkinchi harom bilan aralashtirish holati bor bu yerda. Ya’ni bu pulni topish uchun ssenariy ham tuziladi, teatr kabi», — deya ta’kidladi u.

Uning aytishicha, bunda onlayn qimor rejadagidek ketishi uchun muxlislarni aldab, jamoalar bilan oldindan kelishib olinadi.

«2010−2020 yillarda odamlar nega futboldan arib ketdi? O‘zimcha aytyapman, kelishilgan o‘yinlardan so‘ng. Futbolchilar futbol emas, rol o‘ynayotganini odamlar sezgandan so‘ng, futboldan sovib ketdi», — deya qo‘shimcha qildi sharhlovchi.

Ko‘rsatuv davomida bukmekerlikka qarshi kurashishda bukmekerlik xizmatlarini bloklash muammoga yechim bo‘lmasligini ta’kidlashdi.

«Bloklash hammamizga sir emaski, bu — chora emas. Biz ta’qiqlaganimiz bilan boshqa yo‘llar juda ko‘p. Aksariyat reklamalar bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlar (ularni domen deymiz) chet el serverlarida o‘tiribdi…», — dedi IIV Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i Behzod Mamajonov.

«Bloklash va cheklash hech qachon yechim bo‘lmaydi. Biz butun dunyoga ochiq mamlakatmiz. Rivojlanish uchun o‘z yo‘nalishlarimizni belgilab olganmiz. Taqiq bilan hech nimaga erishilmaydi, fan, ilm bilan erishiladi», — dedi O‘zPFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev.

Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i qimor o‘yinlarini tashkil qilish, o‘tkazish, o‘tkazishda yordamlashish uchun Jinoyat kodeksining 278-moddasida javobgarlik belgilanganligini eslatdi. Bundan tashqari, bu o‘yinlarda ishtirok etish ham ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasiga ko‘ra jarimaga tortishga sabab bo‘lishini qayd etdi.

O‘zbekistonda 2021 yilning avgust oyidan 2022 yilning apreligacha saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda totalizator va bukmekerlik faoliyati bilan bog‘liq 80 mingdan ziyod materiallar joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, o‘tgan yili Iste’molchilarni himoya qilish agentligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda 10 dan ziyod saytlarga kirishni cheklab qo‘ydi.