Tez fursatlarda O‘zbekistonga Gruziya bosh vaziri tashrifi buyurishi kutilmoqda. Bu haqda 27 may kuni poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Gruziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muhtor elchisi Zurab Abdushelishvili uchrashuvida aytildi, deb xabar berdi shahar hokimiyati matbuot xizmati.

Gruziya elchisi Zurab Abdushelishvili.

Tashrif doirasida Toshkent bilan Tbilisi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha, shuningdek, ikki mamlakat Badiiy akademiyalarining hamkorligi bo‘yicha Memorandumlarni imzolash rejalashtirilgan.

Shuningdek, taraflar Toshkentdagi Shota Rustaveli haykali atrofidagi xiyobonni rekonstruksiya qilishga kelishib oldi, deyiladi xabarda.

Shota Rustavelining haykali Shota Rustaveli va Glinka ko‘chalari kesishmasida (sobiq Bobur parki qarama-qarshi tarafida) joylashgan.

Toshkent shahar hokimi ma’lum qilishicha, hozirgi kunda Shota Rustaveli ko‘chasi, shu jumladan, haykalini rekonstruksiya qilish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyihani amalga oshirish jarayonida oliy martabali mehmonning fikri va tavsiyalari hisobga olinadi.