28 may kuni o‘tgan Senatning 26-yalpi majlisida yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risidagi qonun senatorlar tomonidan qabul qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Qonunda doimiy yoki vaqtinchalik foydalaniladigan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda unda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillari belgilanmoqda.

Senat raisi Tanzila Narbayeva yig‘ilishda mulk huquqi daxlsizligi yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazilgani haqida aytib o‘tdi.

«Mulk huquqi daxlsizligining ta’minlanganligini baholash haqidagi so‘rovda 20 mingdan ortiq aholi qatnashgan. Ularning 35 foizi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish holatlariga duch kelgan. 45 foizi o‘z hududida yer uchastkalarini olib qo‘yish amaliyoti qonuniy yo‘lga qo‘yilmaganini ta’kidlagan. Shuningdek, respondentlarning 29,5 foiziga kompensatsiya yetarli miqdorda berilmagan, 6,5 foiziga esa umuman pul to‘lanmagan», — dedi u.

Qonunda yer uchastkalarining har qanday maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish qat’iyan ta’qiqlandi. Buning uchun asos bo‘ladigan alohida holatlar ro‘yxati belgilandi.

«Snos»ga tushgan hududda joylashgan yerga 15 yil davomida halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan shaxslar soliqlar to‘lab kelgani tasdiqlansa, mazkur ko‘chmas mulk obyekti qiymatining o‘rni qoplanadi.

Qonun bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari huzurida kompensatsiya komissiyalari tuziladi. Ular kompensatsiyalar o‘z vaqtida to‘liq hajmda berilishi ustidan muntazam monitoring qiladi va hisob yuritadi. Kompensatsiyalar o‘z vaqtida va to‘liq berilmasa, tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari mahalliy Kengashiga axborot kiritiladi.

Qonunda jamoat ehtiyojlariga olib qo‘yiladigan yer uchun beriladigan kompensatsiya turlari va manbalari ham aniq ko‘rsatilmoqda. Xususan, beriladigan kompensatsiya turlari pul mablag‘lari, shu jumladan turar joylarni va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarni vaqtinchalik ijaraga olish uchun pul mablag‘lari, boshqa ko‘chmas mulk obyektini mulk qilib berishdan iborat bo‘ladi.

Qolaversa, madaniy qadriyatlarni saqlab qolish maqsadida bitta mahalla yoki ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolari xohishiga ko‘ra, ularga bitta mahalla yoki ko‘chada joylashgan yangi uylar (bitta ko‘p kvartirali uydagi kvartiralar) berilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, adliya vaziri Ruslanbek Davletov kelgusida yer hech kimga ajratib berilmasligi, barchasi auksionda sotilishini qo‘shimcha qildi.

«Endi yer berilmaydi. Yer faqat sotiladi. Agar davlat qaysidir ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam bermoqchi bo‘lsa, pulini bersin, sotib olib bersin yoki auksionda ishtirok etgan pulini kompensatsiya qilib bersin, degan g‘oya shakllanayapti», — dedi u.

Yalpi majlisda ushbu Qonunning mantiqiy davomi bo‘lgan «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Fuqarolik, Yer, Shaharsozlik va budjet kodekslariga hamda «Davlat yer kadastri to‘g‘risida»gi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Baholash faoliyati to‘g‘risida»gi, «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi va boshqa shu kabi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Yuqoridagi qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmuniga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga meros qilib qoldiriladigan umrbod va doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun qonunchilikda belgilangan kompensatsiya to‘la hajmda qoplanganidan keyin olib qo‘yiladi.

Yer uchastkalarini olib qo‘yish masalalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun bilan tartibga solinishi, nizoli vaziyatlarning oldi olinishi, mulk egalarining huquqlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Ushbu qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi. Qonun prezident tomonidan imzolangan kundan uch oy o‘tib, kuchga kiradi.