Shanba kuni Senatning 26-yalpi majlisida O‘zbekiston Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Senatorlar Turg‘unali Mirzayev va Nurali Raxmonovni Oliy sud sudyasi lavozimiga 10 yillik muddatga saylash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Turg‘unali Mirzayev 1976 yilda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. U 2000 yildan boshlab Farg‘ona shahar IIB tergovchisi, katta tergovchisi, bo‘linma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2012 yildan Farg‘ona viloyati tuman sudi raisi, Farg‘ona viloyati sudining sudyasi sifatida faoliyat yuritgan.

U 2021 yildan tayinlovga qadar Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tuman sudi raisi lavozimiga mehnat qilgan.

Nurali Raxmonov 1982 yil Samarqand viloyati Paxtachi tumani tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. Mehnat faoliyatini turli korxonalarda huquqiy maslahatchi sifatida boshlagan. Keyinchadik Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi surishtiruvchisi, tezkor vakili, 2010 yildan Karmana tumanlararo sudining sudyasi, Karmana tumanlararo sudining raisi sifatida ishlagan.

U 2019 yildan tayinlovga qadar FIB Navoiy viloyati sudi sudyasi lavozimida ishlagan.