Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimiga 5 yil muddatga tayinlanadi. 2017 yilda mazkur lavozimga kelgan Mamarizo Nurmuratovning vakolat muddati tugaganligi munosabati bilan Senatning 26-yalpi majlisida MBga rais tayinlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Majlis onlayn namoyish etilmoqda.

Prezident taqdimnomasiga muvofiq, Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimiga Mamarizo Nurmuratov nomzodi senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

«Sizni prezidentimiz va senatorlar ishonchiga sazovor bo‘lib, yana bir marta ushbu yuksak mas’uliyatli lavozimga loyiq ko‘rilganingiz bilan tabriklayman», — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Mamarizo Nurmuratov 1960 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1977 yili Toshkent xalq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirib, 1982 yili Leningrad iqtisodiyot-moliya institutini tamomlagan. Mutaxassisligi iqtisodchi.