24−26 may kunlari Toshkent, Samarqand va Qarshida katta yo‘l transport hodisalari kuzatildi. Bu haqda IIVning hududiy bo‘linmalari xabar berdi.

Poytaxtning Yashnobod tumanida 24 may kuni taxminan soat 21:10 larda Maxtumquli ko‘chasi 1-uy qarshisida «KIA» mashinasini haydab ketayotgan 1999 y.t haydovchi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida 1996 yilda tug‘ilgan I.A.ni urib yubordi.

U olgan tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan. Hozirda YTH sabablari o‘rganilmoqda.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, haydovchiga 7 yilgacha qamoq jazosi xavf solmoqda. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.


25 may kuni Samarqandning Urgut tumani Navoiy Shox ko‘chasida Cobalt haydovchisi 2006 yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchisini urib yubordi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan zarb oqibatida bola taxminan 20 metrga uchib ketganini ko‘rish mumkin.

YTH oqibatida piyoda turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, u shu tumandagi Pastki Kalangar mahallasida yashashi ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.


Foto: YHXX.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 26 may kuni soat 13:25 larda YTH sodir bo‘ldi. «Qarshi-Chem-Chiroqchi-Shahrisabz» avtomobil yo‘lining 57-kilometrida «Nexia», Lacetti" va «Spark» avtomobillari to‘qnashib ketdi. YTH natijasida fuqarolar tan jarohati olmadi, faqat avtomobillarga texnik shikast yetdi.

Mazkur YTH ustidan Qamashi tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv olib bormoqda.