AQShning Project CURE xayriya tashkiloti Qoraqalpog‘istondagi shifoxonalarga qiymati 3 mln dollarlik tibbiyot uskunalaridan iborat navbatdagi insonparvarlik yordamini yo‘lladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Gumanitar yordamning umumiy og‘irligi 16,8 tonna bo‘lib, 2,9 ming o‘ramdagi tibbiyot tovarlari to‘rtta konteynerda keltirilishi kutilmoqda. Yordam taxminan iyun oyida Qoraqalpog‘iston SSVga topshiriladi. Orolbo‘yi mintaqasida tibbiy asbob-uskunalar uchun eng zarur bo‘lgan 24 ta tibbiyot muassasasiga beriladigan xayriya qimati 3 mln dollarni tashkil etadi, deyiladi xabarda.

Project CURE xayriya tashkilotining Xalqaro hukumat ishlari bo‘yicha direktori Melisa Espostining aytishicha, konteynerlar AQShdan dengiz orqali Yevropaga jo‘natilgan. Yuklar dastlab Gruziya portlariga yetkaziladi, shundan so‘ng Nukus shahriga quruqlik transporti orqali olib kelinadi.

Orolbo‘yiga yetkaziladigan gumanitar yordam UZI apparati va uskunalari, IVL, kislorod konsentratorlari, rentgen skanerlari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun intensiv terapiya inkubatorlari, defibrillyatorlar, laboratoriya moslamalari, kislorod ballonlari, bemorlarni tashish uchun aravachasi, narkoz-nafas oldirish apparati, jarrohlik stollari uchun matraslar va boshqalar mavjud.

Project CURE — 1987 yilda tashkil etilgan nodavlat tashkiloti bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar tanqisligini bartaraf etishda yordam beradi. Tashkilot faoliyati dunyoning 135 davlatini qamrab olgan va yiliga 200 ta konteyner jo‘natadi, ularning har birida o‘rtacha 300 ming dollarlik tibbiy buyumlar bo‘ladi.

Project CURE tomonidan Orolbo‘yi mintaqasiga gumanitar yuklarning birinchi partiyasi 2021 yilning may oyida yuborilgan. O‘shanda insonparvarlik yordami qiymati 3 mln dollar bo‘lib, tibbiyot buyumlari va jihozlari, o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalarini o‘z ichiga olgan 40 futlik 10 ta konteynerni tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida ham Project CURE xayriya tashkiloti tomonidan umumiy hajmi qariyb 7 tonnani, qiymati 3 mln dollarni tashkil etadigan tibbiy jihozlar — rentgen skanerlari, laboratoriya asboblari, kislorod ballonlari va boshqa tibbiy qurilmalar Orolbo‘yi mintaqasiga yuborilgan edi.