Karantin ostidagi o‘simlik mahsulotlarini olib kirish va chiqish qoidalarini buzganlarni endilikda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi nazorat qiladi. Bu haqda 24 may kuni O‘zbekiston rkespublikasi qonuni qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Shuningdek, agentlik o‘simliklar karantini obyektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablarini buzganlarni ma’muriy javobgarlikka tortadi. Bu ishni agentlikning bosh direktori hamda o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston va viloyatlar bo‘limlari boshliqlari va o‘rinbosarlari hamda tuman (shahar) bo‘lim boshliqlari bajaradi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, karantin ostidagi mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish — fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Fitosanitariya talablarini hamda boshqa qoidalarni karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilish va yo‘q qilish chog‘ida buzish — fuqarolarga BHMning 3 baravarigacha (810 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mgacha) jarima solinishiga sababchi bo‘ladi.

Bundan tashqari, agentlik mineral o‘g‘it va o‘simliklarni himoya qilish uchun ishlatiladigan kimyoviy vositalarning ulgurji va chakana savdo qiluvchilarga litsenziya beradi. Shuningdek, mazkur kimyoviy vositalarni olib kirish uchun ham agentlikdan ruxsatnoma olish kerak bo‘ladi.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kunidan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.