AKT vazirligi Vazirlar Mahkamasining fuqarolarning raqamli pasporti loyihasini joriy qilishga oid qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Loyihaga ko‘ra, 15 iyuldan 2023 yil 1 dekabrga qadar Toshkent shahrida tajriba tariqasida ayrim turdagi ma’lumot va hujjatlarni elektron ko‘rinishda taqdim etish mumkin bo‘ladi. Bu uchun OneID mobile mobil ilovasi yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Tajriba davri mobaynida davlat va tijorat xizmatlari, shu jumladan bank, turistik, sug‘urta, mobil, mehmonxona hamda avia va temiryo‘l transporti xizmatlari ko‘rsatish jarayonida quyidagi ma’lumot va hujjatlarni mobil ilova orqali taqdim etishga ruxsat etiladi:

  • O‘zbekiston fuqarosi pasporti;
  • Haydovchilik guvohnomasi;
  • Avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risida guvohnoma;
  • Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va talaba to‘g‘risidagi ma’lumotlari;
  • Jismoniy shaxs tomonidan umumiy ta’lim muassasasini (11-sinf negizida) tamomlaganligi to‘g‘risida attestat;
  • Koronavirusga qarshi emlanganlik holati to‘g‘risidagi sertifikat;
  • Kadastr pasporti;
  • Tug‘ilganlik va nikoh qayd etilganlik haqidagi dalolatnoma.

O‘zbekiston pasporti yoki ID-kartasi bo‘lgan 16 yoshga to‘lgan shaxslar elektron hujjatlardan mobil ilova orqali foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Elektron ko‘rinishda taqdim etilgan ma’lumot va hujjatlar qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi. Ularning asl nusxalariga tengligini isbotlashni talab qilish taqiqlanadi.

Mobil ilova orqali taqdim etiladigan ma’lumot va hujjatlar QR-kod orqali tekshiriladi. Ilovadan foydalanishda mobil trafik uchun to‘lov undirilmaydi.

Qarorda Adliya vazirligi Toshkent shahridagi Davlat xizmatlari markazlarida eksperiment tariqasida mobil ilovadan foydalangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun «alohida darcha» tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari vazirligi tajriba natijalari asosida 2023 yil 15 dekabrga qadar ushbu loyihani boshqa sohalarda hamda respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish, qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritadi hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib boradi, deyiladi hujjatda.

Loyiha muhokamasi 8 iyunga qadar davom etadi.