Toshkentga 700 kg iste’molga yaroqsiz go‘sht olib kelinayotganda to‘xtatib qolindi. Bu Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi va Toshkent shahar IIBB bilan o‘tkazilgan tadbirda aniqlandi.

Toshkent shahriga kirib kelayotgan avtomobil yukxonasidan 490 kg dan ziyod veterinariya hujjatlarisiz, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan hayvon go‘shti olib ketilayotgani aniqlangan.

«Tungi tadbir davomida Toshkent shahriga kirib kelayotgan 3 ta avtomobilda yirik shoxli mol go‘shti borligi aniqlandi. Iste’molga yaroqli yoki yaroqsizligini aniqlash uchun Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasiga olib kelindi», — deydi Toshkent shahar IIBB karantin tadbirlarini ta’minlash inspektori Qosimjon G‘ulomov.

Tekshirish natijalariga ko‘ra, go‘sht iste’molga yaroqsiz ekanligi ma’lum bo‘lgan.

«Go‘shtlar olingan hayvonlar tiriklik vaqtida og‘ir kasalliklar bilan kasallangani sababli so‘yilgan. Go‘shtlar iste’mol uchun umuman yaroqsiz», — deydi Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Otaboyev.

Iste’molga yaroqsiz go‘shtlar Toshkentga Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri va Chiroqchi tumanidan taksiga yuklab yuborilgan.

Foto: Yoshlar telekanali dasturidan lavha.

Yoshlar telekanalida efirga uzatilgan reportajda taksi haydovchilaridan birining aytishicha, uning avtomashinasiga 250−270 kg go‘sht ortilgan. Yana birining so‘zlariga ko‘ra, go‘shtni yuklashayotganida muammo chiqmasligi, Toshkentdan qo‘ng‘iroq qilib, pulini berib, mahsulotni olib qolishini aytishgan.

«Taksichilik qilaman. Odam tashish bilan shug‘illanaman. Qarshidan kelishimizda go‘sht bor dedi, yuklashdi. Toshkentga olib borasan, pulini beradi deyishdi. Afsusdamiz, bunday bo‘lishini hayolimizga ham keltirmaganmiz», — deydi u.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida tadbir o‘tkazilgan kuni jami 700 kg dan ziyod sifatsiz go‘sht va go‘sht mahsulotlarining Toshkent shahriga kirib kelishining oldi olindi, deyiladi xabarda.

Oziq-ovqat va go‘sht mahsulotlarini tashish qoidalarini buzganligi uchun xaydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.