O‘zbekiston Bosh prokuraturasi madaniy meros obyektlarida tashqi reklama joylashtirish ishlari qonunchilik normalariga rioya etilishi yuzasidan tekshirishlar olib bordi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Prokuratura idoralari tomonidan mutasaddi idoralar bilan birgalikda 5 ta qadimiy shaharda joylashgan mingdan ortiq madaniy meros obyektida reklama va axborot ko‘rsatgichlari o‘rnatilishining qonuniyligi o‘rganildi. Unda qonunchilik talablariga zid ravishda 72 ta obyektda 121 ta reklama noqonuniy o‘rnatilgani aniqlandi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Buxorodagi 27 ta madaniy meros obyektida 50 ta, Samarqanddagi 25 ta obyektda 45 ta, Toshkent shahridagi 18 ta obyektda 24 ta, Xivadagi 2 ta obyektda 2 ta reklama banneri noqonuniy o‘rnatilgan.

Xususan, Buxoro shahrida joylashgan noyob arxitektura yodgorligi toifasiga kiruvchi XIX asrga oid «Ibrohim Oxund» madrasasida 6×3 o‘lchamdagi «go‘zallik saloni» reklama banneri o‘rnatilib, obyektning tarixiy ko‘rinishini to‘liq yopib qo‘ygan. Shuningdek, Toshkent shahridagi XX asrga oid «Bahor» restorani binosida 7×9 o‘lchamdagi «bilyard va restoran» reklama banneri o‘rnatilib, bino tarixiy ko‘rinishi ko‘rimsiz holatga keltirilgan, deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, o‘rganishlar davomida aniqlangan 53 ta obyektdagi noqonuniy o‘rnatilgan 99 ta reklama bannerlari olib tashlanishi ta’minlanib, madaniy meros obyektlari ko‘rinishi asl holatiga qaytarilgan. Shuningdek, 19 ta obyektda noqonuniy o‘rnatilgan 22 ta reklama bannerini olib tashlash yuzasidan mutasaddi shaxslarga yozma ko‘rsatmalar berildi.