Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / “Gazeta.uz”
Zamonaviy O‘zbekiston hududida qanday dinozavrlar yashagan?
Dinozavrlar Yer yuzida taxminan 233 million yil muqaddam paydo bo‘lgan. O‘sha vaqtlarda hozirgi oltita qitʼa o‘rnida sayyoramizda ikkita ulkan superkontinent — Gondvana va Lavraziya mavjud bo‘lib, ularda ulkan kaltakesaklar yashagan. Buni Yerning turli hududlarida, jumladan, zamonaviy O‘zbekiston hududida ham topilgan ko‘plab hayvonlar qoldiqlari ko‘rsatadi. O‘zbekiston Milliy universiteti Geologiya kafedrasi mudiri Abdulla Qo‘shoqov “Gazeta.uz”ga dinozavrlar qoldiqlari saqlanib qolishi uchun ularning ideal o‘lim holati, O‘zbekistonda ular topilgan hududlar, mamlakatimizda paleontologiya fanining bugungi holati haqida so‘zlab berdi.
Sayyoramiz taxminan 4 milliard yil muqaddam paydo bo‘lgan, undagi hayot esa hozirdan hisoblaganda taxminan 540 million yil oldin boshlangan. Devon davri boshidan tirik mavjudotlar suv ostidan sudralib chiqib, quruqlikda rivojlana boshlagan. Yura davrida sayyorada birinchi “dahshatli kaltakesaklar” yashay boshladi. Ular Yerda taxminan 150 million yil davomida hayot kechirib, bo‘r davrida qirilib ketgan.
Geoxronologik jadval.
Foto: Rosuchebnik.ru
Abdulla Qo‘shoqovning so‘zlariga ko‘ra, ularning paydo bo‘lish sabablari ham, yo‘qolish sabablari ham ilm-fanga haligacha maʼlum emas.
Men haligacha kichkina kaltakesaklarning qanday qilib bunchalik kattalashganini tushuna olmayman. Ularning nima uchun g‘oyib bo‘lgani ham nomaʼlum. Bu haqda ko‘plab nazariyalar mavjud, ammo hech biri isbotlanmagan. Kimdir ular oziq-ovqat yetishmasligidan o‘lib ketishgan deb hisoblasa, kimdir meteorit tushganidan keyin g‘oyib bo‘lgan deb o‘ylaydi. Ular bilan birga bo‘r davrida boshoyoqli mollyuskalar – ammonitlar ham g‘oyib bo‘lgan. Ajablanarlisi shundaki, faqatgina ular o‘lib ketishgan, qolganlari esa tirik qolishdi.
Foto: “Gazeta.uz”
Dinozavr suyaklarini topish – ulkan omad, chunki organik qoldiqlar o‘z vaqtida ko‘milmasa, odatda, saqlanib qolmaydi, deydi Abdulla Qo‘shoqov.
Yer yuzida qoladiganlar quyosh va kislorod natijasida parchalanib ketadi. Masalan, o‘lib qolgan it yer sathida teginilmasdan qolsa, bir yildan keyin undan faqat suyaklar qoladi, 3-4 yildan keyin esa kulga aylanadi. Yer ostida ham jasad parchalanadi, lekin sekinroq, chunki kislorodning erkin kirish imkoni yo‘q. Dinozavr botqoqlikda o‘lib, usti darhol yer qatlami bilan qoplangani – ideal holat hisoblanadi. Shunda uning qoldiqlari saqlanib qolishi ehtimoli katta bo‘ladi.
реклама
реклама

O‘zbekistondagi dinozavrlar qoldiqlari

Dinozavrlar qoldiqlari O‘zbekiston hududida kam uchraydi, ammo ularning izlari tez-tez topilib turadi. Paleontologlar ularni Qashqadaryo viloyatining Kitob qo‘riqxonasi, Turkmaniston bilan chegaradosh Dehqonobod tumani va Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidan topishgan.

Dinozavrlar skeleti qismlari ko‘rinishidagi dalillar eng ko‘p Qizilqum cho‘lida topiladi, shuning uchun mazkur hudud “dinozavrlar qabristoni” nomini olgan.
Foto: “Gazeta.uz”
O‘tgan asrning 60-yillarida paleontolog Anatoliy Rojdestvenskiy Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi Ravat hududini o‘rganib chiqib, bir qator dinozavr nishonalari – ularning zich plita qumtoshlari yuzasida qolgan panja izlarini topdi. Ularning O‘zbekistonga juda yaqin hududda (100 km dan ortiq bo‘lmagan) topilgani Anatoliy Rojdestvenskiy izlarini topgan hayvonlar jumladan, mamlakatimiz hududida ham yashaganini ko‘rsatadi.
Foto: A.K. Rojdestvenskiy «Gobida dinozavrlarni izlab» / Ravatdagi dinozavr izlari:
A — stegozavr (?), Б — yirtqich dinozavrlar, В — ornitopod
Izlar turli guruhlarga mansub dinozavrlarga oid edi. Ular orasida o‘rta barmog‘i kuchli rivojlangan qush panjasiga o‘xshash, biroq hajm bo‘yicha sezilarli darajada ulkan bo‘lgan uch barmoqli oyoq izlari ham mavjud. Yirik izlar karnozavrlarga tegishli bo‘lgan.

Karnozavr

Foto: Vikipediya
Umumiy maʼlumot

Karnozavrlar – yura davrida vujudga kelib, bo‘r davrida nobud bo‘lgan go‘shtxo‘r dinozavrlarning katta guruhi. 1990-yillardan beri paleontologlar eng yirik yirtqich dinozavrlar qatoriga kiruvchi giganotozavr va tirannotitan kabi karnozavr-karxarodontozavridlar qazilma qoldiqlarini topishgan.
Karnozavrlarning izlariga o‘xshash, ammo kichikroq izlar, ehtimol, qushsimon yirtqich hayvonlar – selurozavrlarga tegishli bo‘lgan.

Selurozavr

Foto: iStock
Umumiy maʼlumot

Selurozavrlar yura davri o‘rtalariga paydo bo‘lgan. Avvaliga ular uncha katta bo‘lmagan faol yirtqichlar bo‘lishgan, biroq vaqt o‘tishi bilan ularning avlodlari qatʼiy go‘shtxo‘rlikdan uzoqlashgan. Aynan selurozavrlar hozirgi qushlarning ajdodlari bo‘lgan deb hisoblanadi.
реклама
реклама
Yana boshqa turdagi uch barmoqli panja izlari ham topilgan – barmoqlari salmoqli, o‘rtadagisi yonlardagiga qaraganda uncha katta emas. Bu ornitopod izlari, ehtimol, iguanodonlarga tegishli bo‘lishi mumkin.

Iguanodon

Foto: Vsbattles.fandom.com
Umumiy maʼlumot

Iguanodonlar — 140–120 million yil oldin keng tarqalgan yirik dinozavrlar. Ular suv havzalari yaqinidagi zich chakalaklarda yashab, to‘rt va, ehtimol, ikki oyoqda harakat qilishgan.
Anatoliy Rojdestvenskiy, shuningdek, to‘rt oyoqda harakatlanadigan dinozavrlarga xos bo‘lgan besh barmoqli oyoq-qo‘llar izlarini ham topgan. Hajmi va shakliga ko‘ra, ular stegozavr kabi dinozavrlarga tegishli bo‘lishi mumkin.

Stegozavr

Foto: Universal Pictures and Legendary Studios
Umumiy maʼlumot

Stegozavrlar – 150 mln yil muqaddam Yura davrida Yer yuzida paydo bo‘lgan ulkan o‘simlikxo‘r qushsimon dinozavrlar. Ular o‘rmonlarda ham, ochiq joylarda ham yashashgan va to‘rtta yirik panjalarda harakatlanishgan. Tana vazni bo‘yicha stegozavrlarni hozirgi fillar yoki karkidonlar bilan solishtirish mumkin.

Ushbu jonivorlarning orqasi va dumida tikanlar, muguz qalqonlari bo‘lgan. Stegozavrlarning tanasiga nisbatan ancha kichik boshi, uzun bo‘yin va yirik jag‘lari bo‘lgan.

O‘zbekistondagi birinchi muhim qazishmalar

O‘zbekistondagi eng muhim topilmalardan biri 1961-yilda bir guruh shogirdlari bilan birga ishlagan geolog, Toshkent universiteti dotsenti G. A. Belenkiyning topilmasi bo‘ldi. Toshkentdan 45 km shimolda Keles hududidan proxeneozavr (o‘txo‘r o‘rdakburun dinozavr) suyaklari topildi.

Proxeneozavr

Foto: Vikipediya
Qoldiqlar nafaqat O‘rta Osiyoda, balki Sovet Ittifoqining butun hududida eng to‘liq topilma bo‘ldi — skeletning 70% dan ortig‘i saqlanib qolgan. Bu olimlarga dunyoda maʼlum bo‘lgan eng aniq o‘rdakburun dinozavr skeletlaridan birini yig‘ish imkonini berdi.
SSSR Fanlar akademiyasining Paleontologiya muzeyida proxeneozavrning o‘lgan vaqtdagi holatida qolgan skeleti ko‘rgazmasi.
Foto: A.K. Rojdestvenskiy “Gobida dinozavrlarni qidirishga”.
Tahlil natijalariga ko‘ra, jonivor Shimoliy Amerikada maʼlum bo‘lgan proxeneozavr turiga mansub ekanligi va bundan 95 mln yil avval yashaganligi aniqlandi. Qoldiqlar ilgari taxmin qilinganidan taxminan 10 mln yil yoshroq bo‘lib chiqdi.

Toshkent proxeozavrining balandligi 2,15 metr, uzunligi esa 3,75 metr bo‘lgan. Uning vazni bir tonnani tashkil etgan va dinozavrlarning boshqa guruhlari vakillariga nisbatan jussasi kichikroq bo‘lgan. O‘zining g‘ayrioddiy tuzilishi tufayli o‘rdakburun dinozavr qo‘pol hayvon hisoblanadi. Uning dumi timsohning dumiga, bo‘yni jirafaga, old panjalari odam qo‘liga o‘xshaydi, jag‘lari esa o‘rdak tumshug‘iga o‘xshaydi.
Foto: O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi
1967-yilda tarkibida Anatoliy Rojdestvenskiy ham bo‘lgan o‘sha paleontologlar guruhi Toshko‘mirda (Qirg‘iziston) zauropod skeletining bir qismini topdilar.

Zauropod

Foto: Anuperator
Umumiy maʼlumot

Zauropodlar — yura davridan to bo‘r davrigacha (taxminan 200-85 million yil oldin) barcha qitʼalarda yashagan to‘rt oyoqli o‘simlikxo‘r dinozavrlarning katta guruhi. Bu guruhga 130 ga yaqin tur, 13 tagacha oila, 70 ga yaqin avlod kiradi. Zauropodlarning eng ko‘zga ko‘ringan vakillari uzunligi 36 metrgacha bo‘lgan diplodoklar, braxiozavrlar, apatozavrlar va seysmozavrlardir. O‘sh zauropodining uzunligi 20 metr edi.

Zauropodlar nisbatan kichik bosh suyagi, katta tanasi va uzun bo‘yli, baʼzi turlarda 9-11 metrga yetgan ulkan to‘rt oyoqli dinozavrlar edi. Guruh vakillari sayyoramizning butun tarixidagi eng yirik dinozavrlar va quruqlikdagi hayvonlar qatoriga kirgan.
Paleontologlar qushsimon yirtqich ornitomimidning to‘liq pastki jag‘ suyagini ham topdilar.

Ornitomimid

Foto: Ornitomimid / extinct-animals.fandom.com
Umumiy maʼlumot

Ornitomimidlar taxminan 100-66 mln yil oldin Osiyo va Shimoliy Amerikada yashagan. Jonivorlar to‘da bo‘lib yashagan va ov qilishgan, sudraluvchilar va hasharotlar, shuningdek o‘simliklar va tuxumlar bilan oziqalanishgan. Tumshuqlarining tuzilishi tufayli bu tur ko‘pincha tuyaqushsimon deb ham ataladi.

Sukunatning uzoq yillari

1967-yildan keyin O‘zbekiston va chegara hududlarida dinozavr qoldiqlari topilgani haqida hech qanday maʼlumot yo‘q. 1993-yilda mamlakatda O‘rta Osiyodagi yagona paleontologiya bo‘limi yopildi. Ushbu fan umumiy geologiya va litologiya kafedralari bilan birlashtirilib, geologiya kafedrasiga aylantirildi.
Stratigrafiya —
geologiyaning Yer po‘sti kesimidagi tog‘ jinslari majmuining shakllanish izchilligini va joylashgan o‘rnidagi dastlabki nisbatini o‘rganuvchi bo‘limi
Bugungi kunda paleontologlarimiz barmoq bilan sanarli — jami besh nafarga yaqin va ularning barchasi pensiya yoshida. Agar hoziroq paleontologlarni tayyorlash boshlanmasa, keyin juda kech bo‘ladi. Ayni paytda geologiyani ham neft-gaz geologiyasi bilan birlashtirish haqida o‘ylashmoqda. Hozirda O‘zbekistonda to‘g‘ri stratigrafik tadqiqotlar yo‘q. Shuning uchun ekspeditsiyada bo‘lgan geologlar o‘tgan asrdagi eski hisobotlarni olib, ulardan ko‘chirishiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, ular yashashlari, hisobot topshirishlari va bolalarini boqishlari kerak. Ekspeditsiyada paleontologlarning yo‘qligi ularning aybi emas.
реклама
реклама
2017-yilda Rossiya Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti paleontologi Aleksandr Averyanov va AQSH Milliy tabiiy tarix muzeyi paleontologi Xans-Diter Zues avvalroq Qizilqum cho‘lida topilgan tosh qotgan qoldiqlarni tahlil qilib, qazilmalar orasidan bir qancha alvareszavrid suyaklarini topdilar.

Alvareszavrid

Foto: Alvareszavrid / extinct-animals.fandom.com
Umumiy maʼlumot

Alvareszavridlar — 86-66 mln yil qaddam Yer yuzida yashagan issiq qonli va patli dinozavrlar.

Ilgari dinozavrlarning bu turi dastlab Shimoliy yarimsharda paydo bo‘lib, Janubiy yarimsharda ancha keyinroq paydo bo‘lgan, deb ishonilgan. Yangilangan maʼlumotlar alvareszavridlar aslida Gondvanada emas, balki Lavraziyada paydo bo‘lganini ko‘rsatishi mumkin.

Alvareszavridlar skeletining tuzilishiga asoslanib, ular o‘ljani qo‘lga kiritish uchun mo‘ljallangan kuchli ko‘krak va qo‘l mushaklariga ega bo‘lgan deb taxmin qilish mumkin. Ularning uzunligi 50 sm dan 2 — 2,5 metrgacha yetgan.
Foto: Alexander Averianov, Hans-Dieter Sues / PLOS ONE
2021-yil fevralida Qizilqum cho‘lida tanasining hajmi ikki qavatli avtobusdan katta bo‘lgan fanga nomaʼlum dinozavr turining tosh qotgan qoldiqlari topildi. Dinozavrga Jaratitanis kingi (Dzharatitanis kingi) nomi berildi.

Djaratitanis kingi

Foto: CC BY 4.0 / Alexander Averianov / Life reconstruction of Dzharatitanis kingi
(Averianov & Sues, 2021)
Umumiy maʼlumot

Jaratitanis kingi — tana uzunligi 20 metrga yaqin bo‘lgan o‘txo‘r dinozavr. U Yer yuzida yashagan eng bahaybat mavjudot – diplodoklarning yaqin qarindoshi hisoblanadi.

Jaratitanis kingi 100 mln yil avval bo‘r davrida Osiyo qitʼasining g‘arbidagi qadimgi Tetis okeani yaqinidagi qirg‘oq tekisligida yashagan.

Dinozavrning qamchiga o‘xshash dumi va uzun bo‘yni bo‘lgan, buning natijasida hayvon daraxtlardagi barglarga yetib borishi mumkin bo‘lgan.
2021-yil sentabr oyida Sukuba universiteti (Yaponiya) tadqiqotchilari Qizilqum cho‘lida ilgari nomaʼlum bo‘lgan turni topdilar. U Ulug‘bekzavr nomini oldi.

Ulughbegsaurus uzbekistanensis

Foto: Ulughbegsaurus uzbekistanensis / Julius T. Csotonyi
Ikkita evolyutsion tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, jonivor keng tarqalgan yirtqichlar guruhi — karxarodontozavrlarga (100-94 mln yil avval bo‘r davrida Afrikada yashagan yirik yirtqich dinozavr) mansub, biroq ilgari fanga maʼlum bo‘lmagan urug‘ va tur vakili bo‘lgan.

Topilgan zotga tegishli qoldiqlar shuni ko‘rsatadiki, bu hayvonning vazni bir tonnadan ortiq, tanasining uzunligi 7,5-8 metrni tashkil etgan. Olimlarning fikricha, yirtqich o‘z davrining oziq-ovqat zanjirida eng yuqori o‘rinni egallagan. Keyinchalik karxarodontozavr tirannozavrlar bilan o‘rin almashgan.
Foto: Ulughbegsaurus uzbekistanensis / Royal Society Open Science
Jonivorning yoshi 90 mln yil deb baholandi. Tur Temuriylar imperiyasi sultoni, taniqli XV asr astronomi va matematigi Ulug‘bek sharafiga Ulughbegsaurus uzbekistanensis deb nomlandi. Uning nomidagi ikkinchi qism dinozavr topilgan joydan kelib chiqqan.
Foto: Ulughbegsaurus uzbekistanensis / Royal Society Open Science

Paleontologlarning boshqa topilmalari

O‘zbekiston hududida qadimda ulkan kaltakesaklardan tashqari timsohlar, toshbaqalar, baliqlar va xartumli hayvonlar ham yashagan.

2013-yilda Ohangaron tumanidagi Ovjazsoy qishlog‘ida Abdulla Qo‘shaqov shogirdlari bilan birgalikda mamontlar hamda Afrika, Hindiston, pakana fillarning ajdodi bo‘lmish arxidiskodon (Archidiscodon meridionalis Nesti) qoldiqlarini topdi. Bu Abdulla Qo‘shoqovning ilk qazishmalari edi.

Arxidiskodon

Foto: Marcos Paulo

Umumiy maʼlumot

Archidiscodon fil urug‘i vakillari kechgi pliotsen davrida hozirgi Angliya janubidan Hindiston, Shimoliy va Janubiy Afrikagacha bo‘lgan hududlarda yashagan.

Hayvonlarning bo‘yi taxminan 4,5 metrni tashkil etgan va ular faqat o‘t, novdalar va daraxt barglarini isteʼmol qilishgan. Arxidiskodonlar mamontlarning ajdodlari ekanligi umumiy qabul qilingan.
Biz talabalarim bilan arxidiskodonning dandoni va tishini topdik, lekin ularni darhol qazib ololmadik. Bizga bir necha kun kerak bo‘ldi. Tashqi muhit bilan aloqa qilish tufayli, qazishning 3-4-kunida ularda birinchi yoriqlar paydo bo‘ldi.
реклама
реклама
Restavratsiya O‘zbekiston geologiya muzeyi hamda Fanlar akademiyasi polimerlar kimyosi va fizikasi instituti mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Qoldiqlar maxsus ishlab chiqilgan polimer yopishtiruvchi bilan mustahkamlandi, suyak to‘qimasidagi bo‘shliq va yoriqlar to‘ldirib chiqildi. Abdulla Qo‘shaqovning aytishicha, asosiy muammo qoldiqlarni tashish masalasi bo‘lgan.
Tashish jarayoni juda ko‘p vaqt talab qilganini eslayman. Hamma narsani plyonka, keyin bint va gips bilan o‘rab chiqishimizga to‘g‘ri keldi. ToshDU rahbariyati transportirovkaga pul ajratmadi, bizning esa o‘z mablag‘imiz yo‘q edi. Bir hafta davomida 15 kishini ovqatlantirish, transportni tashkil qilish va ish qurollari bilan taʼminlash kerak edi. Davlat geologiya qo‘mitasiga murojaat qilishga qaror qildik, qoldiqlarni olib ketishdi. Bu bizning birinchi topilmamiz edi. Davlat bizni mukofotlaydi, deb o‘yladim, biroq “rahmat”ga ishlagan bo‘lib chiqdik.
Topilma zamonaviy O‘zbekiston hududida arxidiskodonlar yashaganligining birinchi dalili bo‘ldi. Tadqiqotchilar qoldiqlarning yoshini 2,5 mln yil deb baholashdi.
Matnni Yelena Kim tayyorladi.
“Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziq narsalarni bilasizmi va bu haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga jo‘nating.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting