Bugungi kunda O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga ko‘plab imkoniyatlar yaratilib kelinmoqda. Birgina charm-poyabzal yo‘nalishida ham kun sayin katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. O‘zbekiston tadbirkorlari eng rivojlangan, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida doimiy ishlar olib borilmoqda.

Ikki tomonlama hamkorliklarga yo‘l ochish maqsadida, 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va ITSV vakillari Essen shahrida joylashgan Yevropadagi eng yirik poyabzal ishlab chiqaruvchi Deichmann kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.


Ma’lumot uchun: Kompaniyaning dunyo bo‘ylab 5 mingga yaqin do‘konlari mavjud bo‘lib, uning yillik tovar aylanmasi 7 mlrd yevroni tashkil etadi. Kompaniya ishlab chiqarishda asosan sun’iy charm (70%) hamda tabiiy charm mahsulotlaridan (30%) foydalanadi. Bugungi kunda kompaniya Xitoy, Hindiston, Turkiya kabi mamlakatlarda mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Uchrashuv mobaynida, O‘zbekiston charm-poyabzal sohasida mavjud xom-ashyo bazasi, chet-ellik investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida ma’lumotlar berildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda nemis brendi uchun tabiiy va sun’iy charmdan oyoq-kiyimlar ishlab chiqarish, mamlakat ichki bozorini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash va qo‘shni davlatlarga eksport kilish masalasi ko‘rib chiqildi.


Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, o‘zbek bozoriga kirish maqsadida uning potensiali va raqobatbardoshliligini chuqur o‘rganib chiqish kerak. Deichmann kompaniyasining faoliyatini boshlash uchun O‘zbekiston bozorida kamida 30 ta do‘kon ochish zarurligi qayd etib o‘tildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda kompaniyaning brend savdo-do‘konlarini tashkil etish hamda bu orqali «fashion-tourism»ni rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida kompaniya vakillari Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish kelishib olindi.

Reklama huquqlari asosida.