Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 1 gektar yerni 1 million AQSh dollariga sotishga urinishdi, deb xabar berdi poytaxt IIBB.

7 may kuni 40 yoshli Shuhrat boshqarmaga ariza bilan murojaat qilgan. U yerni noqonuniy sotishni va’da qilgan ikki shaxsga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

IIBB hamda Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar fuqaro 200 ming dollar miqdorida oldindan to‘lovni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Qoraqalpog‘istonda 0,5 gektar yerni 47 ming dollarga, Toshkentda 6 sotix maydonni 14 ming dollarga hamda Buxoroda 4 sotix yerni 9 ming dollarga sotishga uringan shaxslarni qo‘lga olgani haqida yozgan edik.