Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni «Hisob-kitob tizimini takomillashtirish va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning to‘lov intizomini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 15 iyundan boshlab xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tijorat banklarida ochilgan qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiruvga yo‘l qo‘yilmaydigan maxsus maqsadli hisobvaraqlari tugatiladi. Yopilgandan keyingi qoldiq ularning asosiy yoki ikkilamchi hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.

Loyihalar uchun Vazirlar Mahkamasi qarori asosida maxsus maqsadli hisobvaraqlar ochiladi va yopiladi, ular Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank bilan kelishilishi shart.

Hukumatga ikki hafta muddatda alohida xo‘jalik yurituvchi subyektlarga maxsus hisobvaraqlardan vaqtincha foydalanishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilish topshirildi.

Prezident farmoni «barcha toifadagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun teng raqobat sharoiti yaratilishini davom ettirish, shuningdek, hisob-kitob tizimining shaffofligini oshirish va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning to‘lov intizomini yanada mustahkamlash» maqsadida qabul qilingani qayd etilgan.

Moliyachi Otabek Bakirovning qayd etishicha, bunday hisobvaraqlar xalq orasida «transh» deb atalgan, ular «paxta, g‘alla, yoqilg‘i-moylash, kimyo va umuman davlat maqsadli resurslaridan foydalanishda» qo‘llanib kelingan.

«Sovetcha markazlashgan taqsimot tizimidan meros bo‘lib qolgan hisobvaraqlarning ma’nosi shu ediki, ularga „teginib bo‘lmasdi“, qanday maqsad bilan kelgan bo‘lsa, faqat shu maqsad bilan ishlatilishi va ko‘pincha oxiri borib yana budjetga yoki davlat fondlariga qaytishi lozim edi. O‘tgan davrda bozor munosabatlari chuqurlashib borgani sayin maqsadli hisobvaraqlardan tarmoqlar va tarmoqlararo debitorlik-kreditorlik qarzlarini sxemalar asosida qisqartirishdan boshqa funksiyasi qolmagan edi, ya’ni foydasidan zarari ko‘payib ketgandi», — deb yozadi u.