Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni pensionerlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga bir martalik moddiy yordam to‘lash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. 2,2 trln so‘mlik yordam 8,9 mln aholini qamrab oladi.

26 may kuni Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forum arafasida O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev bir martalik to‘lovni kim va qanday olishi, nima uchun toshkentliklar ko‘proq yordam olishi va pullar qaysi mablag‘lar hisobidan ajratilishi haqida gapirib berdi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Jamshid Abruyevning qayd etishicha, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga (jami 4,5 mln bola) 200 ming so‘mdan to‘lanadi.

Yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — 300 ming so‘mdan, Toshkent shahrida — 400 ming so‘mdan beriladi.

Jamshid Abruyevning ma’lum qilishicha, to‘lovlar farmon chiqqan paytdan boshlab — 25-maydan boshlab amalga oshirila boshlandi.

«To‘lovlar pensiya va nafaqalar to‘lanadigan tartibda avtomat tarzda amalga oshiriladi. Buning uchun hech qanday ariza va murojaat talab etilmaydi», — dedi u.

Hozirda kam ta’minlangan oilalar nafaqasi oluvchilarning 70 foizi bank kartalarida pul olmoqda. Yaqin kunlarda bir martalik yordam ularning kartalariga o‘tkaziladi.

«30 foiz nafaqani naqd pulda oluvchilar bor. Xalq bankining joylardagi filiallariga naqd pul mablag‘larini ikki hafta muddatda tarqatish topshirildi. Pensiya masalasida ham xuddi shunday holat», — dedi vazir o‘rinbosari.

U hukumat tomonidan birinchi marta 2020-2021 yillarda (ikki martadan) koronavirus pandemiyasi davrida aholining bir qismi vaqtinchalik daromad va ish joyini yo‘qotganida bir martalik yordam to‘langanini eslatib o‘tdi. Yil oxirigacha yangi to‘lovlar amalga oshiriladimi yoki yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.

«Bu mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatga, aholi ehtiyojlariga bog‘liq. Buni bashorat qilish qiyin. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush, bozorlardagi [tebranishlar] va aholiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa o‘zgarishlar natijasida kelajakda faqat kengayadigan amaliyot qo‘llanilyapti», — dedi Jamshid Abruyev.

Uning ma’lum qilishicha, «Yagona ijtimoiy ta’minot reyestri»da ehtiyojmand shaxslar va ularning aloqa raqamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud. Ularga bir martalik to‘lov tayinlanganligi to‘g‘risida xabar olishlari kerak.

Vazir o‘rinbosarining aniqlik kiritishicha, ishchi guruhlar ehtiyojmandlar uchun mablag‘ tushayotganini nazorat qilib, so‘rovlar o‘tkazmoqda. 2021 yilda qonunbuzarliklar aniqlanmadi, ya’ni barcha ajratilgan mablag‘lar kam ta’minlangan oilalarga yetkazildi, dedi u.

Nima uchun toshkentliklar ko‘proq miqdorda pul oladi, degan savolga Moliya vazirligi rahbari o‘rinbosari shunday dedi: «Iqtisodiy rivojlanish vazirligi tizimidagi muassasalar hududlar kesimida iste’mol darajasini o‘rganishdi. Toshkentda har doim yuqori narxlar kuzatiladi. Narxlarning o‘zgarishi birinchi navbatda Toshkentga ta’sir qiladi. Oldinda bizni un narxini erkinlashtirish kutib turibdi, bu ham poytaxtga ko‘proq ta’sir qiladi».

Jami 2,2 trln so‘mning 600 mlrd so‘mi Pensiya jamg‘armasiga qo‘shimcha tushumlar hisobidan, qolgan 1,6 trln so‘mi davlat budjetining qo‘shimcha daromadlari hisobidan to‘lanadi.

«Ushbu pullarning to‘lanishi munosabati bilan davlat xarajatlarining bir qismini keyingi yilga ko‘chirish rejalashtirilgan. Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda optimallashtiriladigan yoki o‘tkaziladigan xarajatlarni belgilaydi», — dedi u.

Jamshid Abruyev yil oxirigacha budjet taqchilligini yil boshida tasdiqlangan 3 foiz doirasida saqlab qolish mumkinligini ta’kidladi.