Qarshida bir guruh taksi haydovchilari haydovchi va old o‘rindiqdagi yo‘lovchi uchun xavfsizlik kamarini taqish shartligi bo‘yicha talab bekor qilinishini so‘rab yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat aks etgan videoyozuvlar tarqaldi.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston IIV YHXBB matbuot xizmati munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, holat 26 may kuni soat taxminan 14:00lar chamasida Qarshi shahar Islom Karimov ko‘chasida joylashgan Transport kolleji ro‘parasida ro‘y bergan.

«Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi taksi haydovchilari tomonidan norozilik bildirilib, xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga amal qilmasdan, sodir etgan qoidabuzarliklarini bekor qilishni so‘rab mas’ullarga murojaat bilan chiqishgan», — deyiladi bayonotda.

Ma’lum qilinishicha, 14 may kuni Islom Karimov ko‘chasida «Lochin ko’z-Q» dasturi asosida kameralar o‘rnatilib, ushbu kameralar orqali xavfsizlik kamari qoidabuzarliklarini aniqlash yo‘lga qo‘yilgan.

Avval yozganimizdek, 1 maydan boshlab yangilangan yo‘l harakati qoidalari kuchga kirdi, unga ko‘ra endilikda taksi haydovchilari xavfsizlik kamarini taqishlari shart. Shuningdek, avtomobillarning old o‘rindiqlardagi yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqishlari kerak.