O‘zbekiston 2026 yilgacha kambag‘allik darajasini ikki baravar qisqartirishni rejalashtirmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 26 may kuni Buxoroda bo‘lib o‘tgan Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forumda buni qanday amalga oshirish rejalashtirilayotganini aytib berdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Bosh vazir o‘rinbosari 2020 yilda mamlakat tarixida birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish masalasi iqtisodiy islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilanganini eslatdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qisqa vaqt ichida «kambag‘allikni qisqartirishning institutsional tizimi yaratildi va fundamental yondashuvlarga asoslangan samarali vositalar joriy etildi». Yagona ijtimoiy reyestr shakllantirildi, minimal iste’mol xarajatlari joriy etildi, kam ta’minlangan oilalarning har bir farzandiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatilib, kasb-hunarga o‘rgatishning yangi tizimi joriy etildi, dedi u.

Minimal iste’mol xarajatlarining joriy etilishi ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarning eng kam darajasini qayta ko‘rib chiqish imkonini berdi. 2021 yilda nogironlar, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun eng kam pensiya va nafaqalar miqdori 10 foizdan 50 foizgacha oshirildi, dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Jamshid Qo‘chqorov 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki baravar qisqartirish, barqaror yuqori va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri ekanini ta’kidladi. Buning uchun quyidagilar rejalashtirilgan:

  • barqaror ish o‘rinlari yaratadigan xususiy sektorni, shu jumladan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
  • inson kapitalini rivojlantirish va mehnat unumdorligini oshirish. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim va oliy ta’lim muassasalari bilan qamrab olinganlik darajasi deyarli ikki barobar oshdi. 2026 yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni 80%ga (hozir — 69%), oliy ta’limni esa 50%ga (28%) kengaytirish rejalashtirilgan. 2026 yilga qadar 1 mln ishsiz (birinchi navbatda ayollar va yoshlar) uchun kasb-hunar o‘rgatish ko‘zda tutilgan;
  • energiya narxlarini erkinlashtirish va samarasiz subsidiyalarni kamaytirish orqali ijtimoiy loyihalarga ajratiladigan davlat resurslari hajmini oshirish. Kam ta’minlangan oilalarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratish;
  • davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirishni jadallashtirish, raqobat va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash;
  • qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, birinchi navbatda, yer islohotlarini chuqurlashtirish;
  • yashil va raqamli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirish.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi rahbari Jahon bankining O‘zbekiston bilan 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturini olqishladi. U uchta strategik maqsadga qaratilgan: xususiy sektorni rivojlantirish orqali sifatli inklyuziv ishchi o‘rinlarini yaratish; inson kapitalini rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish; yashil rivojlanish orqali aholi turmush tarzini yaxshilash va barqaror iqtisodiy rivojlanish oshirish.

«Qo‘yilgan maqsadlarga erishish va islohotlarni amalga oshirish nafaqat moliyaviy resurslarni balki institutsional salohiyatni oshirishni, shu jumladan mahalliy mutaxassislarni tayyorlashni talab etadi», — dedi u.

O‘zbekistonda bir oyda kishi boshiga minimal iste’mol xarajatlari 498 ming (kuniga 16,3 ming) so‘mni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkich mamlakatdagi qambag‘allikk chegarasini aniqlash uchun ishlatiladi.