«Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qilib, IT sohasini o‘rganishni boshlagan, turli loyihalarni amalga oshirayotgan va kelajagini ushbu sohada ko‘radigan o‘smir qizlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Ular nega IT sohasiga qiziqishgani, bunga nisbatan atrofdagi turli gap-so‘zlar va kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab, tengdoshlari uchun o‘z maslahatlari bilan ham bo‘lishishdi.

Navbatdagi suhbatdoshimiz Muborakxon To‘ychiyeva. U 2004 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozirda Muhammad al-Xorazimiy nomidagi maktabning 11-sinfini bitirmoqda. Hozirgi kunda Web Developer sohasi bo‘yicha 3 yildan beri o‘zi mustaqil ishlab keladi. Shu bilan birgalikda, IT sohasi bo‘yicha maktab qizlariga bepul darslar o‘tadi. Bir nechta qizlar bilan bir jamoada Alisher Navoiy mobil ilovasini yaratgan.

«IT — diplom talab qilmaydi»

IT sohasi mashhur bo‘lgani bilan haligacha yurtimizda «IT o‘zi nima?», degan savol tug‘iladi. IT haqida qisqacha gapirsam, bu soha odamlarning vaqtini tejash uchun yaratilgan loyihalardan iborat.

Gap ushbu sohaning afzaliklari haqida ketganida maktabimiz rahbarining bir gapi esiimga tushadi: «Men IT`ni bilganim uchun farzandli bo‘lganimdan keyin ham uyda o‘tirib, pul topolganman». Ayollarga oila qurganidan keyin ishlashlariga ruxsat berishmasa, ularda uyda o‘tirib ham pul topish imkoni paydo bo‘ladi. Birgina laptopda ishlab, katta daromadga ega bo‘lish mumkin. Qayergadir borib ishlash uchun vaqt va pul sarflashga hojat qolmaydi.

IT — diplom talab qilmaydi. Uni o‘rganmoqchi bo‘lgan odam Google bilan do‘st bo‘lsa, YouTube`dan to‘g‘ri narsani qidirishni bilsa, bemalol kurslarga bormasdan o‘rganish mumkin. Masalan tikuvchilikni onlayn o‘rganib bo‘lmaydi. Unga, albatta, ustoz kerak bo‘ladi.

«Kompyuterda ishlash vaqtini to‘g‘ri taqsimlang»

IT sohasiga qiziqishim maktabdan boshlangan. Hozirda dasturlash, dizayn va boshqa shu kabi sohalardagi turli yangi loyihalarni o‘rganib kelyapmiz. Universitetda o‘rgatiladigan dasturlarni ma’lum qismini bilaman. Karantin paytida onlayn o‘qishimizga to‘g‘ri keldi. Men onlayn darslarda «web» yo‘nalishini yaxshi o‘rganolmadim. Keyin esa qo‘shimcha kurslarga borib, o‘z yo‘nalishimni chuqur o‘rganishni boshlaganman.

Maktabimizda ham o‘qib, ham ishlaydigan o‘quvchilar bor. Maktab menga portfolio yig‘ishimda katta yordam bergan. Men qatnashgan eng katta loyiham — Alisher Navoiy mobil ilovasi bo‘lgan. U 7 ta tilga tarjima qilingan. Shu loyihani o‘tgan yili 30 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga ham tushuntirib berganman.

IT`ning afzalliklari bilan birga minus tomonlari ham bor. Men kompyuterdan to‘g‘ri foydalanish qoidalariga rioya qilmaganman. 4 soat bo‘lsa, 4 soat kompyuter qarshisida ishlaganman. Keyin esa ko‘rish qobiliyatim susaygan. Agar boshidan qoidalarga amal qilib, yarim soat ishlab keyin ko‘z mashqlarini qilganimda, hozir bunday muammolarga duch kelmasdim. IT`ni endi o‘rganayotgan qizlarga maslahatim — kompyuterda ishlash vaqtini to‘g‘ri taqsimlang, sog‘ligingizga etiborli bo‘ling.


Muborakxon To‘ychiyeva. Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

"Ortiqcha narsalarga vaqtim bo‘lmasligi meni xursand qiladi"

To‘g‘risini aytsam, kichkinaligimda shifokor bo‘lishni istaganman, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha kurslarga borardim. Keyin men birdaniga sohamni o‘zgartirdim va ota-onam ma’lum vaqt shokka tushishdi. Chunki o‘sha paytgacha ota-onam meni IT`ga bo‘lgan munosabatimni shunchaki qiziqish deb hisoblashgan. Keyin asta-sekin niyatim jiddiy ekanligini ularga tushuntirganman. Qilgan loyihalarim, qatnashgan tanlovlarim va yutuqlarimni ko‘rib ular meni qo‘llab-quvvatlashni boshlashgan. Hozirgacha ba’zi loyihalarim ustida dadam bilan maslahatlashaman, ayrim muammolarga qanday yechim topishimiz mumkinligini so‘rayman.

«IT faqat yigitlar uchun», «bu sohani o‘rganib nima qilasan», «qiz bolaga o‘qishni nima keragi bor» kabi gap-so‘zlarni ba’zi qarindoshlarimdan eshitganman boshida. Hozir ham darslarimdan chiqib, uyga kech borsam «buncha ko‘p o‘qiysan?», deb hazil qilishadi. Bundan tushkunlikka tushganman.

Lekin ko‘p o‘qishim, ortiqcha narsalarga vaqtim bo‘lmasligi meni xursand qiladi. Haligacha IT`ni tashlamasdan jiddiy shug‘ullanishimni ko‘rishgandan keyin bunday gaplar yo‘qolgan. Hammada boshida muammo va to‘siqlar bo‘ladi, agar qizlar o‘z sohasini yaxshi ko‘rib tashlab qo‘yishmasa, atrofdagilar bugun bo‘lmasa, ertaga albatta buni qabul qilishadi. Eng muhimi bunday vaziyatlarda tushkunlikka tushmaslik kerak. «Hali hammangizga ko‘rsatib qo‘yaman», deb harakat qilaverish kerak.

Uyda dars qilmaslikka harakat qilaman. Ko‘pincha kovorking markazlari va kutubxonlarda dars qilaman. Lekin bunday markazlar ham ko‘p emas. Masalan Alisher Navoiy kutubxonasida jim o‘qishingiz mumkin xolos, jamoaviy bahs-munozara bilan dars qilish qiyin. U yerga faqat kitob o‘qish uchun boraman. Nimanidir tushunmasam, maslahatlashishim yoki suhbatlashishim kerak bo‘lsa bukkafelarga boraman. Shuning uchun ko‘pincha maktabimda yoki kurslarimga ertaroq borib, o‘sha yerda dars qilaman.

Ertalab uydan soat 7:00 da chiqib ketib, kechqurun 21:00 da kelaman. 22:30 gacha idish yuvaman, chang artib uy ishlarini qilaman. Darslarimga ko‘pincha ulgurmayman.

«Qizlarga imkoniyat berishganda, eplab ketishardi»

Ochig‘ini aytsam, prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan va xususiy maktablarda IT`ni o‘rganish uchun imkoniyatlar yetarli. Lekin boshqa ko‘plab maktablarda kompyuterlar shunchaki qo‘yib qo‘yilgan xolos. Ularni ishlatishmaydi. Faqatgina maktabga tekshiruv yoki komissiya kelganida ko‘rsatish uchun, deyishadi. Men dasturlashni ko‘rsatib, turli loyihalarim haqida gapirganimda boshqa maktabda o‘qiydigan dugonalarim «Shunaqa narsalarni o‘rganasizmi?», deb hayron bo‘lishadi. Hattoki, kompyuterni yoqishni bilmaydigan odamlar ham bor.

Lekin IT`ga qiziqadigan qizlarni ko‘p uchrataman. Agar oddiy o‘rta ta’lim maktablarida ham prezident maktablaridek sharoit bo‘lganida, qizlarni kompyuter oldida o‘tirib ishlashlariga imkoniyat berishganida edi, qizlar eplab ketishardi, ancha-muncha narsani o‘rganishardi.


Muborakxon To‘ychiyeva. Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

O‘z yo‘nalishini topmagan tengdoshlarim bo‘lsa va ular IT`ga qiziqsa onlayn kurslarni o‘rganishlarini maslahat berardim. Ular boshlang‘ich va o‘rta bilimlarni egallab ko‘rishsin, agar ishlab ketishlariga ko‘zlari yetib, ishonchlari komil bo‘lsa, unda davom ettirsa bo‘ladi.

Ota-onalarga «qizingizga bir imkon bering» degan bo‘lardim. Chunki o‘ziga ishonchi bor qizlar yaratgan loyihalar albatta ular va ularning ota-onalariga rahmat olib keladi. IT sohasidagi har qanday mahsulot odamlar hayotini osonlashtirsa, u albatta rahmat olib keladi.

5 yildan keyin o‘zimni IT akademiyasi rahbari sifatida tasavvur qilaman. Talabalik paytimdanoq o‘z sohamda ishlashni boshlayman. Kelajakda tabiat qo‘ynida ishlash imkonini beradigan ofis yarataman. Chunki IT`dagi odamlar tabiat qo‘ynida ishlashni yaxshi ko‘rishadi. O‘zim yaratadigan ofis tabiat bilan chambarchas holda bo‘lishini istayman.

Muborakxon To‘ychiyeva «Qizlarning IT ko‘nikmalarini rivojlantirish» (ICT4Girls) loyihasi ishtirokchisi xisoblanadi. Loyiha O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yo‘nalishiga qiziqayotgan, sohada ma’lum ko‘nikma va bilimga ega bo‘lgan maktab yoshidagi qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning raqamli imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Ushbu loyiha Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi (ITSM) va Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.