Bachadon bo‘yni saratoni oldini olish mumkin bo‘lgan yagona saratondir. O‘zbekistonda onkologiyaning bu turi ayollar orasida keng tarqalganligi bo‘yicha ikkinchi, saraton kasalligidan o‘lim sabablari bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi.

Har yili 1600 nafarga yaqin ayol bachadon bo‘yni saratoni tashxisi bilan onkologiya ro‘yxatiga olinadi va har yili 600 ga yaqin ayol undan vafot etadi. 90% hollarda inson papilloma virusining ba’zi turlari sabab mazkur infeksiya boshlanadi.

Ayollarni ushbu tur uchun skrining qilish milliy dasturlari hali joriy etilmagan, biroq o‘tgan yildan boshlab Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha bepul skrining sinovi o‘tkazilmoqda.

Ayollar va qizlar profilaktika choralarini ko‘rish orqali o‘zlarini ushbu kasallikdan himoya qilishlari mumkin. Ular haqida batafsil ma’lumot Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi ko‘magida Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan BMT Taraqqiyot dasturi bilan qo‘shma loyiha doirasida ishlab chiqilgan infografikada joylashgan.

Bachadon bo‘yni saratoni har qanday yoshdagi ayollarda uchraydigan xavfli va keng tarqalgan kasallikdir. Kasallikning eng yuqori darajasi 45−55 yoshda sodir bo‘ladi.

Bachadon bo‘yni — bachadon tanasi va vagina o‘rtasida joylashgan organning pastki qismi.

Bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishining to‘rtta omili:

  • inson papillomavirusining onkogen turlari (OPV);
  • bachadon bo‘ynida virusning uzoq vaqt mavjudligi;
  • erta turmush qurish, infeksiyalar, tez-tez tug‘ish;
  • immunitet tanqisligi.

Rivojlanish sabablari: OPV, jinsiy yo‘l bilan yuqadi. Ular 15−30 yoshdagi insonlarning 80 foizida uchraydi. Odatda viruslar 2−3 yil ichida tanani «tark etadi». Bachadon bo‘ynida virusning uzoq vaqt qolishi saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu saratonning 100% oldini olish mumkin. U sekin rivojlanadi. Saratondan oldin saratonoldi holatlar kuzatiladi. Ularni tashxislash va davolash uchun vaqt yetarli.

Pap yoki DNK testini o‘tkazish mazkur saratonga chalingan inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Buning uchun atigi 5 daqiqa vaqt ketadi.


Kattalashtirish uchun ustiga bosing.

Bachadon bo‘yni saratoni skriningi saratondan oldingi holatlarni erta tashxislash va davolashdir.

Bachadon bo‘yni saratonining oldini olish uchun uchta oson qadam:

1-qadam: Emlash (9−26 yosh)

Jinsiy faoliyat boshlanishidan oldin OPV ga qarshi emlash. 2019 yildan boshlab O‘zbekistonda maktablar va tibbiyot muassasalari negizida 9 yoshgacha bo‘lgan qizlarni bepul emlab kelinadi. Emlash haqida Sog‘liqni saqlash vazirligining Privivki.uz saytida o‘qish mumkin.

2-qadam: Pap test (21−65 yosh)

Agar siz 21 yoshda bo‘lsangiz, bachadon bo‘yni virusli holatlarini aniqlash uchun Pap testini o‘tkazishingiz mumkin. Natija ijobiy bo‘lsa, test har 3 yilda bir marta takrorlanishi kerak.

3-qadam: DNK testi (30−65 yosh)

DNK testi OPV ning xavfli turlarini aniqlaydi. 30 yoshdan oldin qabul qilish tavsiya etilmaydi. Agar testda virus bo‘lmasa, har 3 yilda bir marta Pap testini o‘tkazishingiz yoki har 5 yilda bir marta DNK va Pap-testini topshirish kerak bo‘ladi.

Agar DNK va Pap testi mavjud bo‘lmasa, shifokor sirka kislotasi yoki yod eritmasi bilan vizual testlarni o‘tkazishi mumkin. Vizual testlar saratondan oldingi va bachadon bo‘yni saratonini erta bosqichda aniqlashi mumkin.

Agar siz 65 yoshda bo‘lsangiz va so‘nggi 10 yil davomida skrining natijasi salbiy chiqqan bo‘lsa, bachadon bo‘yni saratoni uchun skrining tekshiruvlarini to‘xtatishingiz mumkin bo‘ladi.