Nima uchun maktab partasidagi qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha bo‘lgan an’anaviy ta’lim o‘zgarishi kerak? Bolalarni maktabda axborotni tanqidiy tahlil qilishga o‘rgatishmoqdami yoki shunchaki imkon qadar ko‘proq faktlarni «singdirishmoqdam»? Nima uchun ongli ota-onalik va ota-onalarning o‘z ta’limlari ustida ishlashlari bunchalik muhim? Ta’lim bo‘yicha ekspert, ixtirochilik masalalarini hal qilish nazariyasi mutaxassisi Anatoliy Gin «Gazeta.uz»ning jahon maktab ta’limi tendensiyalari haqidagi savollariga javob berdi. Suhbat Leader School ko‘magida bo‘lib o‘tdi.

Anatoliy Gin — ixtirochilik masalalarini hal qilish nazariyasi (TRIZ, teoriya resheniya izobretatelskix zadach) bo‘yicha ekspert-maslahatchi, ijodiy fikrlashni rivojlantirish va nostandart vazifalarni hal qilishni o‘qitish usullarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan «Yangi davr uchun ta’lim» xalqaro laboratoriyasining asoschisi va ilmiy rahbari. «TRIZ-profi» innovatsiyalarni targ‘ib qilish bo‘yicha avtonom notijorat tashkiloti bosh direktori. U Creatime loyihasi muallifi bo‘lib, loyiha doirasida ochiq muammolarning nostandart yechimlari bo‘yicha o‘smirlar uchun turkum kitoblarni nashr etgan. O‘qituvchilar va bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar muallifi, bolalar va o‘smirlar uchun 25 ta kitobi 13 mamlakatda nashr etilgan.

— Siz ta’lim — bu shunchaki o‘qib-o‘rganish emas, balki yangi narsalarni yaratish, «vujudga keltirish» deb aytasiz. Sizningcha, umuman olganda zamonaviy ta’lim, xususan, o‘zbek ta’lim tizimi ushbu vazifa — yangilik yaratishning uddasidan chiqyaptimi? Agar uddalay olmayotgan bo‘lsa, nima halal bermoqda?

— Hozir dunyo global, juda tez o‘zgaruvchan, dinamik bo‘ldi, deyish urfga aylandi. Biz — Yer sayyorasidagi odamlarning birinchi avlodimiz, ko‘z o‘ngimizda — bir avlodning ko‘z o‘ngida — dunyo mutlaqo o‘zgardi va hozir u yanada tezroq o‘zgarib bormoqda. Va bunday dunyo endi ta’limga boshqa yondashuvlarni talab qilmoqda. Aytishim kerakki, ta’lim hech qayerda bu vazifani to‘liq uddalay olayotgani yo‘q.

Biz ko‘nikkan an’anaviy ta’lim — partalar, sinflar, maktablar, ta’lim mazmuni — bu odamlarni sanoat davriga tayyorlash bilan bog‘liq edi. U odamlarning fabrika va zavodlarda ishlashi uchun yaratilgan edi. U juda ulkan inersion massani to‘plagan. Axir ta’limda millionlab odamlar ishtirok etadi va ular ma’lum bir tarzda o‘qitilgan, ularning muayyan qadriyatlari bor — shuning uchun bularning barchasini o‘zgartirish juda qiyin. Yevropa, Amerika — barcha o‘zgartirishga harakat qilmoqda va hammada juda sekin kechmoqda.

Yevropada ham, Amerika va Osiyoda ham, hatto Sovet Ittifoqida ham an’anaviy ta’limda ta’limning juda qiziqarli va jiddiy namunalari mavjud edi. Masalan, Sovet Ittifoqida juda kuchli fizika-matematika maktablari bor edi. Dunyoning hech bir joyida, ehtimol, bunday kuchli fizika-matematika maktablari bo‘lmagan va hech kim bunga asosiy e’tiborni qaratmagan. Amerika «science» (integratsiyalashgan «tabiiy fanlar» fani — tahr.) bizning fizika-matematika maktablari soyasida qolib ketadi. Har qanday davlatda ta’lim darajasi yuqori bo‘lgan, maktab direktorlari, alohida shaxslar — O‘zbekistonda ham undaylar bor edi — bu ishga hayotlarini bag‘ishlagan va an’anaviy ta’lim doirasida eng yaxshi namunalarni ko‘rsatganlar. Bu namunalar hurmatga loyiq, bolalar u yerdan jiddiy bilim bilan chiqardilar, ammo bularning barchasi juda eskirgan. Bugungi kunda dinamik global dunyoda muvaffaqiyatli hayot kechirish uchun ta’limning boshqacha mazmuni talab qilinmoqda.

Ta’limning hatto eng yaxshi andozalarining mazmuni ham hozir barqaror madaniyat namunalarini yetkazishdan iborat, ular esa ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib bormoqda. Shu bilan birga, men madaniyat deganda hamma narsani tushunaman. Masalan, bizning bir-birimiz bilan muloqotimiz juda katta madaniyat qatlamidir. Mobil telefonlar, internet paydo bo‘ldi va bu muloqot madaniyatini, umuman, madaniyatni tubdan o‘zgartirdi. Zamonaviy ta’lim bularning barchasini faqat juda ibtidoiy tarzda hisobga olmoqda — «bolalar, mana buni Internetdan toping». Ammo hamma narsa — mentalitet, odamning dunyoga va dunyoning odamga munosabati allaqachon o‘zgargan. An’anaviy ta’limda hozircha buni hisobga olishning usullari yo‘q.

Ta’lim mazmunini o‘zgartirish kerak. Avvallari bu barqaror madaniyatning bir avloddan ikkinchisiga uzatilishi edi. Bu funksiya qoladi, chunki zamonlar o‘rtasidagi aloqa bo‘lishi kerak. Biroq yangi funksiya paydo bo‘ladi — bu odamni tez o‘zgaruvchan dunyoda yashashga, juda tez tanlashga, o‘zgarishlarga moslashishga, o‘ta tanqidiy munosabatda bo‘lishga o‘rgatishdir, chunki bugungi dunyo, barcha ommaviy axborot vositalarini hisobga olgan holda, juda manipulyativdir.

O‘quvchilarim yoki farzandlarim ma’lum yoshga yetganlarida, ularga shunday deyman: «Qarang, bu dunyoda yaxshi ta’lim olgan va yaxshi maoshga ega juda ko‘p odamlar bor va ular kuniga sakkiz soat davomida sizga kerak bo‘lmagan narsani sotib olishga yoki sizga kerak bo‘lmagan narsalarni qilishga majburlash haqida bosh qotirishadi. Va hozir siz qaror qabul qilasiz — ular belgilab bergan qoidalar asosida yashaysizmi yoki qalbingiz, tarbiyangiz va dunyoqarashingizga mos o‘z qoidalaringiz asosidami?»

Odamlarning aksariyati hali ham oddiy sababga ko‘ra ushbu oqimga bo‘ysungan holda yashashmoqda, sababi — o‘zgalarning emas, o‘zining shaxsiy hayotini yashashi uchun turli sohalardagi qiyinchiliklarni yaxshi tushunish kerak. Odam ajoyib matematik bo‘lishi mumkin, biroq ijtimoiy sohada hech narsani tushunmasligi mumkin yoki aksincha.

Bizning vazifamiz — odamlarga murakkabliklarni tushunishlari, anglab olishlari, tezda yangi bilim qatlamlarini «qazib chiqarishlari», qanday qarama-qarshiliklar va nomuvofiqliklar borligini aniqlashlari hamda yanada ko‘proq chuqurlashish va to‘g‘ri qarorlar qabul qilish uchun savollar berishni o‘rgatishdan iboratdir.

Va bu hayotning juda ko‘p sonli qatlamlariga taalluqlidir, chunki bugun har bir inson bir vaqtning o‘zida ham ma’lum bir kasbning mutaxassisi, ham ota-ona, ham fuqaro — va bu rollarning barchasida, ideal holda, biz o‘zimizni juda malakali tutishimiz kerak.

— Yangi ta’limning qarama-qarshiliklari haqidagi maqolalaringizdan birida ta’lim bolalarni biz hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan dunyoda yashashga tayyorlashi kerak, deb yozgansiz. Haftasiga 20 soatlik stavka, bir sinfda 40−45 nafar bola, 2 mln so‘mga yaqin maosh oladigan oddiy o‘qituvchimizni tasavvur qiling. U bu kelajak haqida hech qanday tasavvurga ega emas va buni tushunishga vaqti ham yo‘q. Qanday qilib u bolani bunday kelajakka tayyorlashi mumkin?

— Deyarli hech qanaqasiga. Shuning uchun ta’lim tizimi juda jiddiy tarzda o‘zgarishi kerak va bu juda yaxshi samara beradi. Qarang, Li Kuan Yu o‘sha paytdagi eng qashshoq davlatlardan biri bo‘lgan Singapurda hokimiyat tepasiga kelganida ta’limga qanday pul tikdi.

U bir avlod umri davomida kuchli matematik ta’limni shakllantira oldi va Singapurni Janubi-Sharqiy Osiyoning moliyaviy markaziga aylantirdi. Agar ta’limga jiddiy sarmoya kiritsangiz, u juda jiddiy natijalarni beradi.

Shuning uchun bu yerda kuchli siyosiy iroda kerak, mablag‘ kiritish va islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish kerak. Bundan tashqari, nima qilish kerakligini tushunishingiz kerak — bu juda muhim.

— Bu islohotlarni qayerdan boshlash kerak, birinchi navbatda nima qilish kerak?

— Bir vaqtning o‘zida ko‘p qadamlardan boshlash kerak. Birinchisi, ta’lim olishga urf, aqlli bo‘lishga modaning shakllanishi. OAV orqali, elita, mamlakat rahbariyatining chiqishlari orqali.

Keyingi qadamlar — ta’limni bosqichma-bosqich, lekin izchil isloh qilish, ota-onalar ta’limi ham juda muhimdir.

Shunday misol keltirsak. Maktabdan keyin yana bir mutaxassislikni o‘zlashtirishga qaror qildim va televizor ustachiligiga bordim. Kursni tamomladim, imtihonni a’lo baholarga topshirdim. Menga buzilgan televizorni berishdi va sekundomer ostida nosozlikni topib, uni tuzatishim kerak edi. Eng oddiy, oq-qora lampali televizorlarni ta’mirlash uchun uch yarim oy o‘qib, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tdim.

Farzandli bo‘lganingizda esa siz hech narsa o‘qimaysiz, imtihondan o‘tmaysiz, xuddiki bola bu televizordan soddaroqdek. Imtihondan o‘tib, haydovchilik guvohnomasini olmaguningizgacha hech kim sizni yo‘lga chiqishingizga ruxsat bermaydi, bolalarni esa har kim ko‘ngli tusagandek tarbiyalayveradi. Shuning uchun ota-onalar ta’limi juda muhimdir.

Buning uchun maxsus institutlar yaratishning hojati yo‘q. Buning uchun ongli ota-onalik urfini shakllantirish kerak. Buning uchun OAVda bu haqda yozishingiz kerak, qandaydir teleko‘rsatuvlar tayyorlashingiz, ixtiyoriy kurslar tashkil qilishingiz mumkin.

— Ammo bizning mentalitetimizda yana bir muammo bor: qiz chiqarib, o‘g‘il uylantirgandan so‘ng, qoidaga ko‘ra, bir yildan keyin farzand tug‘ilishi kerak.

— Bir yil kam vaqt emas va bu yil davomida malakali mutaxassislarning o‘nlab ma’ruzalarida qatnashish mumkin.

— Ongli ota-onalik haqida gapiryapsiz. Bola maktabga borishni boshlaganida, ko‘pincha funksiyalarning mantiqiy taqsimoti boshlanadi: ota-ona sifatida mening vazifam bolani ovqatlantirish, kiyintirish va poyabzal olib berish, ta’lim-tarbiya bilan esa maktab shug‘ullansin. Hatto ota-onalar yig‘ilishlariga ham sustkashlik bilan boriladi. Ota-onalarni bola tarbiyasiga qanday jalb qilish kerak?

— Yuqorida aytganimdek, bu ongli ota-onalikka urfning shakllanishi. Bola olti yoki yetti yoshida maktabga boradi va bu vaqtda u ko‘p jihatdan allaqachon shakllangan shaxs bo‘ladi. Albatta, bolani maktabga berib, hammasini unutish — bu mas’uliyatsizlik.

Men ham ota-onalar yig‘ilishiga bormasdim, lekin boshqa sababga ko‘ra. Men bolalarim bilan gaplashaman. Bolalarim qanday o‘qiyotganlarini bilishim uchun maktabga borishim shart emas.

Yanada aniqrog‘i, men uchun maktab baholari muhim emas. Farzandim: «Bir fandan ikki, boshqasidan besh oldim», — deydi. Men esa: «Buni qara-ya, qanday keng ko‘lamda ishlayotgan ekansan», — deyman. Va ikkalamiz ham kulamiz.

Baholarga sig‘inish kerak emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bola bilan ishlash, qadriyatlar tizimini shakllantirish kerak.

— Baholarga sig‘inish shart emas, deysiz, lekin bunday «sig‘inish» juda rivojlangan-ku? Axir biz boladan matematika va adabiyotdan bir xil darajada yaxshi baho olishini kutamiz. Va yaqinda yangi qoida ham joriy qilindi — OTMga kirishda shahodatnomadagi o‘rtacha baho OTMga kirish imtihoni natijalariga qo‘shiladi.

— Bu sovet davrida bor edi. Lekin bu to‘g‘ri emas. Gap shundaki, baholash tizimining o‘zi — bu uch, to‘rt, beshlar — ular hech narsani anglatmaydi.

Poytaxt markazidagi kuchli maktabda bola fizikadan uch baho olishi mumkin, ammo bu uch baho bilim bo‘yicha boshqa bir bola hatto fizika o‘qituvchisi ham bo‘lmagan qishloq maktabida olgan besh bahodan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Va bu baho shahodatnomada nima beradi? Hech narsa. Bu yerda hatto korrupsiyasiz ham juda kuchli xatoliklarga ega bo‘lasiz.

— Sobiq SSSRdagi kuchli fizika-matematika maktabi yoki Singapurdagi matematika maktabini esga oldingiz. Ammo boshqa tomondan, siz alohida-alohida fanlarga asoslangan ta’lim dunyoni idrok etish yaxlitligiga xalal beradi, deysiz. Bu qarama-qarshilikni qanday bartaraf etish mumkin?

— Bu qarama-qarshilik an’anaviy ta’lim doirasida yuzaga keladi. Bolaga imkon qadar ko‘proq faktlarni «tiqishtirish» kerak, bu faktlar esa borgan sari ko‘payib bormoqda.

Masalan, fizikani tushunish uchun bilish kerak bo‘lgan faktlar unchalik ko‘p emas — moddaning fundamental xususiyatlari, energiyaning saqlanish qonuni va hokazolarni bilish kifoya, undan keyin esa fikr yurita olish va yaxshi tajriba bazasi kerak.

Biz ta’lim mazmunini o‘zgartiryapmiz. Agar hozir ta’lim faktlarga urg‘u berayotgan bo‘lsa, biz fikrlash va axborotni qayta ishlash usullariga e’tibor qaratamiz.

Ideal holatda, kelajakda ta’lim shakli ham o‘zgartirilishi kerak. Bunda, jumladan, oilaviy, individual masofaviy-ta’limni ham rivojlantirish kerak. Turli yo‘llar bo‘lishi va bola u yoki bu yo‘lni tanlasa, o‘zini noqulay his qilmasligi kerak. Biz turli-xilmiz va ta’lim shakllari ham har xil bo‘lishi mumkin.

Men maktablar umuman yo‘q, biroq boshqa turdagi ta’lim muassasalari bo‘lgan dunyoni tasavvur qilaman. Ammo bu ta’limning boshqa turi va agar intervyumizdan keyin bunga qiziquvchi odamlar topilsa, men ta’limni qanday qilib butkul qayta qurish mumkinligi haqida alohida hisobot berishga tayyorman.

— Bir tomondan, dunyoni idrok etishning yaxlitligi, ikkinchi tomondan, bilimlarning parchalanganligi (fragmentarligi) masalasiga qaytsak. Mamlakatimizda bolalar muayyan fanlarni chuqur o‘rganadigan ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i ochilmoqda. Bu muammoning to‘g‘ri yechimimi?

— 30 yil oldin bu muammoning to‘g‘ri yechimi edi. Hozir esa yo‘q. Men sizga aniq bir misol keltiraman.

Opam menga qo‘ng‘iroq qildi — u Fransiyada yashaydi — uning o‘g‘li Fransiyadagi juda mashhur universitetlardan birida fizika bo‘yicha ikki kursni bitirdi. U a’lochi talaba, lekin to‘satdan biologiyani o‘rganishga va o‘qishini biologiya fakultetiga ko‘chirishga qaror qildi. «Muammo nimada?» deyman. «U bir yilini yo‘qotadi, uni bir yil pastki kursga ko‘chirishadi». Men esa: «Agar u o‘qishni yaxshi ko‘rsa, muammo nimada? Ikki fanni qamrab olishidan xursand bo‘ling — hozir kashfiyotlarning aksariyati fanlar chorrahasida sodir bo‘lmoqda», — deya javob beraman.

Hozir eng jiddiy loyihalar fanlar chorrahasida (kesishmasida) amalga oshirilmoqda. Hozir ko‘chaga chiqib, 30−40 yoshli 100 nafar oliy ma’lumotli odamni olib, qaysi biri o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgani haqida so‘rov o‘tkazsangiz, bundaylar ozchilik bo‘ladi. O‘zgaruvchan dunyoga xush kelibsiz. O‘qituvchilar va shifokorlar qoldi — ularning ham hammasi emas — qolganlarning barchasi kasblarini tez-tez o‘zgartirib turadilar. Kun o‘tgani sari bu effekt tobora yorqinroq namoyon bo‘lib bormoqda.

Bugun avvalgidek erta ixtisoslashgan odamni tayyorlash mumkin emas. Hozir hamma narsa butunlay boshqacha. Har qanday vaqtda qaysidir kasb eskirib qolishi mumkin. Sun’iy intellekt kirib kelmoqda va u dunyoni hatto internetdan ham ko‘proq o‘zgartiradi — men sun’iy intellekt bilan shug‘ullanaman va biz prognozlar qilganmiz. Insonni o‘rgatish uchun ko‘p kuch va pul sarflashingiz mumkin, u esa butunlay boshqa ishlar bilan shug‘ullanadi.

Shuning uchun tez o‘rganish, bilimlarga tezda «kirib borish», moslashish, xulosalar chiqarish, vaziyatni tizimli ravishda baholash va to‘g‘ri tanlov qilishni o‘rgatish kerak. Mana nimalarni o‘rgatish kerak — bu asosiy narsa.

Yevropa allaqachon shu yo‘ldan bormoqda. U yerda bakalavriat — umumiy ta’lim, keyin esa tezda magistratura va ixtisoslashuv. Darhaqiqat, bugungi tizimning mazmun-mohiyati ham shundan iborat. To‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam, ammo dunyo texnologik rivojlanishda ilgarilab ketayotgan bugungi kunda bu yetarli emas.

Ta’lim insonning asosiy faoliyatiga aylanadigan bir vaqtda dunyo juda katta tanlov qarshisida turibdi. Dunyo juda uzoq vaqt davomida stanoklar uchun ta’lim, deb yashadi. Biz tamaddunning inson uchun yashab qolish muammosi bo‘lmagan bir darajasiga o‘tmoqdamiz. Zero, bugungi dunyoda hatto ochlik ham oziq-ovqat yo‘qligidan emas, ijtimoiy muammolar hal etilmagani sababli vujudga kelmoqda.

Biz birinchi marta sivilizatsiyalashgan dunyoda odamlar biologik omon qolish haqida qayg‘urishi shart bo‘lmagan davrga tushib qolmoqdamiz — har kimni hamma narsa bilan ta’minlash mumkin. Ammo, shu bilan birga, xavf-xatar ham bor: odamlar bo‘shashishib qolishlari, umuman hech narsa qilmasliklari va tanazzulga uchrashlari mumkin. Bu qarama-qarshilik to‘g‘ri ta’lim, bolalikdan singdirilgan asosiy qadriyatlar bilan hal qilinadi.

— Siz TRIZ — ixtirochilik muammolarini hal qilish nazariyasi bo‘yicha kitoblar muallifisiz. Uning nima ekanligini va oddiy o‘qituvchi uni o‘z amaliyotida qanday qo‘llashi mumkinligini tushuntirib bera olasizmi?

— An’anaviy maktab o‘qituvchilari uchun maxsus «Pedagogik texnikalar usullari» («Priyomы pedagogicheskoy texniki») kitobi yozilgan. Bu kitob TRIZ haqida emas. Biroq unda sinfni boshqarish, qiziqishni oshirish, o‘z mehnatini samarali tashkil etish va hokazolarda ixtirochilik usullari qo‘llanilgan.

Ushbu kitobni o‘zbek tilida qayta nashr qilish mumkin. Zero TRIZ jiddiy fan bo‘lib, uni qo‘llay olish uchun o‘rganish kerak.

— Yagona davlat imtihoni (Rossiyadagi yagona davlat imtihoni — tahr.) haqida gapirar ekansiz, u ko‘proq faktlarni yod olishga qaratilgan, deysiz. O‘zbekistonda ham baholash tizimi hamon asosan yodlashni sinashga qaratilgan. Baholash tizimi ta’limga juda kuchli ta’sir ko‘rsatadi: imtihonda o‘quvchidan nima talab qilinsa, u o‘shanga mo‘ljal oladi. Ushbu muammoni qanday hal qilish mumkin?

— Juda muhim masalani ko‘tardingiz. Ta’lim tizimi baholash tizimi talabiga binoan quriladi. Sizga bu mavzuni ochib beradigan bir latifani aytib bera olaman.

Bir odam yurib ketayotsa, qorong‘uda fonus ostida nimadir qidirayotgan odamni ko‘rib qolibdi. U kelib: «Nima qidiryapsiz?» — deb so‘rabdi. — «Soatimni yo‘qotib qo‘ydim». — «Keling sizga yordam beraman». Ular birgalikda qidirishadi, qidirishadi, lekin topisholmaydi. — «Albatta, topilmaydi-da, axir u bu yerda emas, butunlay boshqa joyda yo‘qotganman». — «Unday bo‘lsa nega bu yerdan izlayapsiz?» — «Bu yer yorug‘roq ekan-da».

Bu latifa siz aytayotgan ziddiyat haqida. Zamonaviy ta’lim tizimi «nozik» narsalar: fanni chuqur tushunish, fikrni mustaqil bildirishni tekshira olmaydi, — u tekshirishi mumkin bo‘lgan narsa belgilash mumkin bo‘lgan narsalardir, masalan, qaysi yilda shoh Pyotr I poytaxtni Moskvadan Sankt-Peterburgga ko‘chirgani va hokazolarni tekshira oladi. Yoki keyin kalit yordamida javobini tekshirish mumkin bo‘lgan «formulani qo‘y, javobni top» qabilidagi oddiy masalalar.

Bu hal qilinishi kerak bo‘lgan juda qat’iy qarama-qarshilik. Buning yechimi juda oddiy — ta’limning erkin bozori orqali hal qilinadi. Bu qachondir qisman bor edi — har bir ta’lim muassasasi abituriyentlar uchun talablarini e’lon qilardi. Odam qayerga ketayotganini, undan nima talab qilinishini bilardi, keyin esa «inson — inson». Insonni faqat inson o‘lchay oladi. Hech bir test ijodkorlikni tekshira olmaydi, ayniqsa bir martalik testlar. O‘sha kuni odamning boshi og‘riyotgan bo‘lishi mumkin, lekin siz test o‘tkazdingiz va uning taqdirini hal qildingiz, u bu universitetga mos emas deb qaror qildingiz. Balki u dahodir, faqat o‘sha kuni boshi og‘rigandir.

Shuning uchun Yagona davlat imtihoni go‘yoki bir qarama-qarshilikni hal qildi, ammo yuqorida aytilganidek, «burgaga achchiq qilib ko‘rpani yoqdi». Normal ta’lim bozori bo‘lishi kerak. Darhaqiqat, ishlab chiqarishda bozor samaradorlikni juda tez oshiradi. Yana bir jihat shundaki, davlatlar bunga tayyor emas va bu yo‘nalishda juda sekin harakat qilmoqda — tajriba yo‘q. Bizdan oldin hech kim hal qilmagan muammolarni hal qilishimiz kerak bo‘lgan dunyodamiz.

— Ammo unday bo‘lsa boshqa bir muammo paydo bo‘ladi. Rossiyada hammaga teng imkoniyat yaratib berish, puli va aloqalari yo‘q, lekin bilimi bor bir chetdan kelgan bola ham o‘qishga kirishi uchun Yagona davlat imtihoni joriy qilingan, deyiladi. Bizda ham shunga o‘xshash holat — test tizimi korrupsion omil yoki inson omilini, shaxsiy simpatiya yoki antipatiyalarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan. Bunda nima qilish kerak? Bir tomondan fikrlashni, ijodkorlikni faqat inson baholay oladi, mashina buni qila olmaydi, lekin boshqa tomondan korrupsiya, subyektivizm kabi muammolar yuzaga kelmaydimi?

— Yagona davlat imtihoni bu muammoni hal qilishga urindi, ammo uni hal qila olmadi. Yagona davlat imtihoni joriy etilishi bilan mamlakatning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim darajasi tushib ketganini ochiqdan-ochiq yozishmoqda. Misol uchun, bolalar rus tilidan Yagona davlat imtihonida 100 ball bilan kelishadi, lekin ular rus tilida gapirishni bilishmaydi. Shuning uchun korrupsiya muammosi hal etilmadi, balki boshqa muammolarni yanada kuchaytirdi.

Qachonki erkin bozor bo‘lsa, har bir ta’lim muassasasining egasi bo‘lsa, u kuchli o‘quvchilar kirishidan juda manfaatdor bo‘ladi. Va u korrupsiya imkon qadar kamroq bo‘lishi uchun hamma narsani qiladi: kameralar o‘rnatadi, o‘zi aylanib yuradi va hokazo. Shuning uchun yuqori o‘rinlarda turadigan xususiy universitetlarda hech qanday «tanish-bilishlar» ish bermaydi. Har bir universitet o‘z bitiruvchilarini ko‘z-ko‘z qilishni istaydi, muvaffaqiyatli bitiruvchilar esa ulg‘aygach, o‘z universitetiga yordam berishadi — bu rivojlangan mamlakatlarda keng tarqalgan amaliyot.

Xususiy ta’lim bozori ko‘p narsani hal qiladi. Davlat bunga aralashmasligi kerak, faqat hammaning qonunlar asosida «o‘ynashi»ni ta’minlashi kerak. Adolatli qonunlarni o‘rnatish davlatning ishi bo‘lib, xususiy biznes esa har doim muayyan faoliyatni amalga oshirishda samaraliroqdir.

— Davlat OTMlari-chi? Masalan, mamlakatimizda xususiy oliy o‘quv yurtlari paydo bo‘la boshladi, lekin ularning ta’lim bozoridagi ulushi unchalik yuqori emas, ayniqsa, hududlarda.

— Bu yerda asta-sekin evolyutsiya bo‘lishi kerak — xususiy universitetlar ko‘payib, davlat universitetlari kamroq bo‘lishi kerak. Xususiylashtirish degan tushuncha bor, unga ko‘ra davlat OTMlari xususiy qo‘llarga berilishi mumkin.

Ha, ba’zi davlat OTMlari qolishi kerak, shu jumladan, ularning soni ko‘p bo‘lmasa, ular ham xususiy sektor bilan raqobatlashadi. Raqobat qanchalik ko‘p bo‘lsa, sifat shunchalik yuqori bo‘ladi.

— OTMlar borasida-ku, tushunarli, lekin o‘rta ta’lim-chi?

— Agar tendensiyaga qarasangiz, jumladan, O‘zbekistonda ham muntazam ravishda xususiy maktablar ochilmoqda va odamlar u yerlarga farzandlarini olib borishmoqda. Ular xususiy maktabda pul to‘lanishini tushunishadi, lekin u ancha moslashuvchan va u yerda gapingizni ayta olasiz, deyishadi. Va u yerda shunday kelishuv amal qiladi: xususiy maktabga odamlar kelib pul berishgani foyda, odamlarga esa u qancha yaxshi ishlasa, shuncha foyda.

Lekin, shu bilan birga, har kimning o‘lchovi bor: masalan, xususiy maktab hammaning kayfiyatini buzadigan bezoriga chidashga tayyor emas va bunday o‘quvchini o‘qishdan chetlatadi, inson esa zarur sifatni ko‘rmasa, pul to‘lashga tayyor emas. Bu qarama-qarshilik maktab ishining sifatini doimiy ravishda oshirib boradi.

Davlat maktabida esa biror bezori kelsa, hech kimga o‘qishga bermaydi, uning o‘zi ham, ota-onasi ham biladiki, uni haydab yubora olmaydilar.

Albatta, davlat maktabi xususiy maktabdan yaxshiroq bo‘lgan holatlar ham mavjud.

— Bu jamiyatning tabaqalanishiga olib kelmaydimi: puli borlar sifatli ta’lim olish va shunga mos ravishda kelajakda yaxshiroq yashash uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lib, sifatli ta’lim olishga qodir bo‘lmaganlar esa «qashshoqlikning ayanchli domida»da qolavermaydimi?

— Agar hozir, masalan, «O‘zbekistonda odamlarning tabaqalanishi qay darajada?» degan savolga ro‘yirost javob bersangiz, javob quyidagicha bo‘ladi: «U juda ham katta». Agar: «Hammani tenglashtirishga harakat qilgan Sovet Ittifoqida odamlarning tabaqalanishi qanday edi?» — degan savolga vijdonan javob bersangiz, xuddi shu natija kelib chiqadi. Generalning oilasida tug‘ilib, Moskvada o‘qigan shaxs bilan Tunguska qirg‘og‘ining qayeridadir dehqon oilasida tug‘ilgan shaxs butunlay boshqacha hayot kechirgan va karera uchun boshlang‘ich imkoniyatlari bir-biridn tubdan farq qilgan. Tenglik haqidagi bunday shiorlar hech qachon bajarilmagan.

Kambag‘al oilaning farzandi ajoyib qobiliyatga ega bo‘lsa, u holda, qoida tariqasida, unga sarmoya kiritadigan odam topiladi. Taniqli odamlarning tarjimai holiga nazar tashlasangiz, masalan, Taras Shevchenko — men Taras Shevchenko ko‘chasini shu yerda ko‘rdim — u krepostnoy dehqonlar oilasida tug‘ilgan, ota-onasi hech narsa qila olmasdi, lekin unga pul tikadigan odam topiladi. Qashshoq oilalardan bo‘lgan ko‘plab shoirlar, yozuvchilar, san’atkorlarning iqtidorini ko‘rgan odamlar ularga sarmoya kiritganlar.

Odamlar hech qachon o‘z qobiliyatlari bo‘yicha teng bo‘lmagan. Odamlarning bo‘yi yoki vazni o‘rtasidagi farq faqat ikki yoki uch baravarga yetishi mumkin bo‘lsa, intellektual qobiliyatlardagidagi farq esa o‘nlab martagacha borishi mumkin.

To‘lqin qayiqlarni ko‘targanidek, iste’dodli odamlar jamiyatda o‘z o‘rnini egallab, uni rivojlantirsa, hamma uchun turmush darajasini ko‘taradi va hatto unchalik iste’dodli bo‘lmagan odamlar ham yaxshi yashay boshlaydilar.

Yana ko‘plab yechimlar mavjud. Masalan, ta’lim vaucherlari. Amerikada ko‘plab talabalar davlatdan o‘qish uchun kam foizli yoki foizsiz kredit olib, keyin uni to‘lab berishadi. Bu maxsus kredit bo‘lib, uni faqat ta’lim uchun sarflash mumkin.

Bundan tashqari, davlat xususiy maktab yoki xususiy OTMda ta’lim olish uchun pul ajratishi mumkin — masalan, yuz nafar talabadan besh nafari bepul o‘qiydi. Ular hukumat hozirda davlat maktablariga sarflayotgan pullarning ayni o‘zi, ammo bu yerda ancha samarali sarflanadi.

— O‘zbekistonda qanday loyihalarda ishtirok etyapsiz?

— Bu yerda ikkita loyiham bor. Birinchisi — men Markaziy Osiyoda TRIZ pedagogikasi sohasida inqilob yaratmoqchiman. Menga, tez-tez bo‘lganidek, omad kulib boqdi — bu loyiha uchun allaqachon kuchli hamkor topganman.

Ikkinchi loyiha — sun’iy intellekt sohasida mutaxassislarni tayyorlashga harakat qilmoqchiman, AQShdagi TRIZ jamoamiz ushbu sohada ilg‘or texnologiya uchun patent va nou-xauga ega. Buning uchun menga IT-sohasida kuchli, katta ambitsiyalarga ega hamkor kerak. Men mazmun bilan ta’minlayman, u esa biznes bilan ta’minlaydi.

Komil Jalilov suhbatlashdi.